Jahon | 17:03 / 02.09.2023
14911
4 daqiqa o‘qiladi

Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston uchun yangi iqtisodiy kurs haqida e’lon qildi

1 sentabrdan boshlab mamlakatda yangi «adolatli Qozog‘istonning iqtisodiy kursi»ga e’tibor qaratiladi.

Foto: akorda.kz

Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev parlament qo‘shma majlisida «Adolatli Qozog‘istonning iqtisodiy yo‘nalishi» nomli nutqi bilan Qozog‘iston xalqiga murojaat qildi. Oqo‘rda matbuot xizmati nutqdan muhim parchalarni keltirdi.

Qozog‘iston rahbari o‘z nutqi avvalida mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlarga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi. To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, ularning muvaffaqiyati «kuchli prezident –   samarali parlament –   hisobdor hukumat» formulasining yanada mustahkamlanishiga bog‘liq. Shuningdek, Qosim-Jo‘mart To‘qayev yil davomida inson huquqlarini himoya qilish sohasida muhim qadamlar qo‘yilgani, qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlash borasida katta ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.

To‘qayev chinakam rivojlangan davlatga aylanish uchun siyosiy islohotlarni chuqur va keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar bilan uyg‘unlashtirish zarurligiga ishonch bildirdi.

Qozog‘iston prezidenti, shuningdek, respublika murakkab geosiyosiy sharoitda rivojlanishi kerakligini ta’kidladi, biroq bu yerda ham, To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, ijobiy jihatlar bor. Uning fikricha, jahon iqtisodiyoti va mehnat taqsimotida tub o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. U resurslar uchun kurashning keskinlashuvi bilan Qozog‘istonda iqtisodiy yutuqqa erishish imkoniyati borligini bildirdi, shuning uchun mamlakat ahvoli va fuqarolar hayotini yaxshilaydigan yangi iqtisodiy modelga o‘tish vaqti keldi, deb ogohlantirdi.

Qozog‘iston hukumatiga ishlab chiqarish va tog‘-kon sanoati, harbiy-sanoat kompleksi, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va logistika, moliya, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, suv resurslari, ijodiy sanoat hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash vazifasi yuklatildi. To‘qayev, shuningdek, davlatning iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirish, iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarish, makroiqtisodiy siyosatni qayta ko‘rib chiqish, soliq tizimini, budjet siyosatini va ma’muriy boshqaruv tizimini isloh qilish bo‘yicha asosiy tashabbuslarni e’lon qildi.

Mamlakatning yangi iqtisodiy yo‘nalishini belgilovchi tamoyillar adolat, inklyuzivlik va pragmatizm bo‘ladi. To‘qayev so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston iqtisodiy rivojlanishining yangi paradigmasi raqobatbardosh ustunliklardan samarali foydalanishga, shuningdek, ishlab chiqarishning barcha asosiy omillari – mehnat, kapital, resurslar va texnologiya imkoniyatlarini ochishga asoslanadi.

Yangi iqtisodiy siyosat doirasida uzoq muddatli vaqtinchalik maqsadlarni belgilash amaliyotidan voz kechiladi, dedi davlat rahbari.

Shuningdek, u murojaatnomada belgilangan barcha vazifalar uch yil ichida yakunlanishi, eng murakkablari bo‘yicha boshqa aniq muddatlar belgilanishini ta’kidladi.

«Endi bo‘lajak tarkibiy iqtisodiy islohotlarning asosiy konturlarini taqdim etaman. Hozirgi bosqichda eng muhim vazifa – mamlakatning mustahkam sanoat bazasini shakllantirish, iqtisodiy jihatdan o‘zini-o‘zi ta’minlashdir. Shu bois asosiy e’tiborni bu boradagi ishlarga qaratish, ishlab chiqarish sohasini jadal rivojlantirish lozim. Mamlakatimiz hayotini chinakam o‘zgartiruvchi qator loyihalarni amalga oshirishimiz kerak. Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish vazifasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda», deya ma’lum qildi Qozog‘iston prezidenti.

U metallni chuqur qayta ishlash, neft, gaz va ko‘mir kimyosi, og‘ir mashinasozlik, uranni konversiyalash va boyitish, avtomobil butlovchi qismlari va o‘g‘itlar ishlab chiqarish kabi sohalarga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Boshqacha aytganda, yuqori qayta taqsimlash klasterlarini yaratish kerak, dedi prezident.

Mavzuga oid