Prezidentning bayramdagi chiqishi va ta’lim mavzusida videoselektor - O‘zbekiston hafta ichida
Mustaqillik tantanalari, bayram oldidan e’lon qilingan afv, Surxondaryoda maktab direktoriga hujum va boshqa voqealar — Kun.uz dayjestida.
Mustaqillikning 32 yillik tantanalari
«Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘tkazilgan bayram tantanalarida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini qutlab, nutq so‘zladi.
Prezident mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar bilan qatorda hali oldimizda turgan, hal etilishini kutib yotgan vazifalarni ham tilga oldi. Jumladan, ekologik muammolar va suv tanqisligi haqida gapirdi.
«Bizning vazifamiz — har ikki yo‘nalishda ham muvozanatni saqlashdan iborat. Hech qachon unutmasligimiz lozimki, tabiiy resurslar — bu kelajak avlodlarimizga ham tegishli bo‘lgan boylikdir. Shu bois, ulardan nafaqat bugungi, balki ertangi kunimizni ham o‘ylab, oqilona foydalanishimiz zarur.
Bu borada suvni, energiya va boshqa tabiiy resurslarni tejaydigan iqtisodiyotga tezroq o‘tish muhim ahamiyatga ega. Biz uchun «yashil» va raqamli texnologiyalar, innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish vazifasi ham dolzarb bo‘lib turibdi», — dedi davlat rahbari.
Prezident o‘z nutqida qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yaxshilashning ahamiyatiga ham urg‘u berdi.
«Biz — nizolarni urush bilan emas, tinchlik bilan hal etish yo‘lini tanlaydigan xalqmiz. Biz barcha xalqlar bilan hamisha murosai madora, do‘stlik va hamkorlikda yashab kelganmiz. Bugungi taraqqiyot yo‘limizda ham aynan shu tamoyillarga tayanamiz», — dedi prezident.
Prezident nutqida paxta siyosati Orol dengizini quritgani, iqtisodiyotni, ta’lim tizimini izdan chiqargani, oqibatda bir necha avlod chalasavod bo‘lib voyaga yetganini afsus bilan ta’kidladi.
«O‘tmishga nazar tashlar ekanmiz, achchiq bir haqiqatni tan olishga majburmiz: «o‘zbek» deganda, faqat ertayu kech paxta dalasida mehnat qiladigan zahmatkash insonlar tasavvur qilinar edi. Afsuski, shu darajaga tushib qolgan edik.
Paxta hukmronligi o‘zbekning peshonasiga yozilgan balo bo‘ldi. Paxta siyosati Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, ta’lim tizimini izdan chiqardi.
Oqibatda bir necha avlod chalasavod bo‘lib voyaga yetdi. Biz buning asoratlari bilan haligacha kurashyapmiz. Bugun paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, soha o‘z egasini topdi», — dedi prezident.
Prezident ilm-fan, innovatsiya, IT va aqliy mehnatga asoslangan boshqa sohalarni jadal rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini qayd etib o‘tdi.
«Biz jahonga faqat xomashyo emas, avvalo ilm-ma’rifat, ma’naviy boylik yetkazib bergan ne-ne ulug‘ zotlarning avlodimiz. Hech shubhasiz, ularga xos bo‘lgan buyuk fazilatlar, ular yaratgan shonli an’analar bugun ham bizning qalbimizda, ongimizda, hayotimizda yashamoqda.
Biz transport-logistika tizimi bilan birga, bugun zamonning o‘zi talab qilayotgan ilm-fan, innovatsiya, IT va aqliy mehnatga asoslangan boshqa sohalarni jadal rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratyapmiz. Aynan shu yo‘nalishlar O‘zbekiston iqtisodiyotining yaqin kelajakdagi asosiy lokomotivlariga aylanadi», — dedi prezident.
O‘z nutqida ta’lim masalasiga chuqurroq to‘xtalgan prezident yangi o‘quv yilidan maktablarda xorijdan maxsus taklif etilgan 500 nafar ingliz tili mutaxassislari dars berishini e’lon qildi.
«Biz bir yil avval taraqqiyotimizning 5 ta asosiy yo‘nalishini belgilab olgan edik. Unda ta’lim sohasini rivojlantirish birinchi galdagi ustuvor vazifa sifatida qayd etilgan. Men doimo ta’lim, ta’lim, muallim, muallim, deb ta’kidlashim bejiz emas. Chunki ta’limni rivojlantirmasdan turib yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz. Har qanday muammoning yechimi ham, ertangi kunimizni hal qiluvchi omil ham, shubhasiz, ta’limdir», dedi prezident.
Davlat rahbari nutqi nihoyasida O‘zbekistonning har bir farzandi xalq birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayoti ma’nosi deb bilishi kerakligi ta’kidlandi.
«Biz bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!» — dedi davlat rahbari».
Maktab ta’limi mavzusidagi videoselektor
Prezident Mirziyoyev raisligida maktablarda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazildi.
Selektorda umumta’lim maktablarida malakali o‘qituvchilar yetishmayotgani masalasi ham ko‘tarildi.
Eng asosiysi hududlarda maktablar tanqisligi masalasiga e’tibor qaratildi.
O‘tgan 6,5 yilda 320 ming xonadonli yangi uy-joy barpo etilgani bilan, ularga mos quvvatdagi maktablar qurilmagani, yangi qurilgan massiv va mahallalarda hozirning o‘zida 350 ming yangi o‘quvchi o‘rinlariga maktabga talab mavjudligi ta’kidlandi.
Hokimlar o‘zlari ham mablag‘ topib, maktab infratuzilmasini yaxshilash to‘g‘risida «bosh qotirishi» kerakligi qayd etildi. Mirziyoyev ta’lim sifatini oshirish uchun respublika bo‘yicha 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi, baholash tizimi joriy etilishini e’lon qildi.
Bunda Prezident va ixtisoslashgan maktablar ularga «tayanch maktab» bo‘lishi aytildi. Bir yilda ularning ishi baholanib, yangi tizimni samarali qo‘llagan o‘qituvchilarga 40 foizgacha ustama berilishi ta’kidlandi.
Maktablarning yuqori sinfda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga qisqaradi. Bunda oliygohga kirishga ishtiyoqi bor bo‘lgan 10-11-sinf o‘quvchilariga: «Kimyo — biologiya»; «Matematika — fizika»; «Matematika — chet tili»; «Ona tili va adabiyot — chet tili» fanlari ularning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitiladi.
Shuningdek prezident direktorlar sertifiksiyadan o‘tkazilishi, ularning maoshi 50 foizgacha oshirilishi, haqida gapirib o‘tdi.
2024 yilda investitsiya dasturi doirasida maktab qurilishiga 3 trln so‘m ajratilishi, buning hisobiga 150 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratilishi ta’kidlandi. Prezident amaliy chora-tadbirlar orqali 2024 yilning o‘zida 250 ming yoki o‘tgan yilga nisbatan 2 karra ko‘p o‘quvchi o‘rni yaratilishini bildirdi.
Mirziyoyev mas’ullarga 2030 yilgacha har yili 100 tadan maktab qurilishiga xususiy sheriklar jalb qilishni topshirdi.
O‘zbekistonda yoshlar sihat-salomatligini ta’minlash borasida xayrli qadamlardan biri tashlandi — 21 yoshga to‘lmaganlarga alkogol va tamaki mahsulotlari sotish taqiqlanadi.
26 avgustdan boshlab O‘zbekistonda «Alkogolli va tamaki mahsulotlarining tarqalishi va iste’molini cheklash to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi. Qonunda ushbu mahsulotlarni yetkazib berish va tarqatish bo‘yicha alohida talablar kiritilgan.
Yangi qonunga muvofiq, ko‘chada sigareta sotuvchilarning faoliyati, shuningdek, tamaki mahsulotlarini yorliqsiz yoki donalab sotish taqiqlanadi.
Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlari sotuvchisi 21 yoshdan kichik ko‘ringan xaridordan uning shaxsi va yoshini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatishni talab qilishi, hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa sotishni rad etishi shartligi belgilangan.
O‘zbekistonda bunga qadar alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishning yosh chegarasi 20 yosh bo‘lgan.
Hafta ichida yana qanday e’tiborga molik yangiliklar bo‘ldi?
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori Umida Tursunova bilan bog‘liq noxush voqea yana hafta mazusiga aylandi. U dars soati kam ajratilgan o‘qituvchi ayollardan birining eri tomonidan qattiq kaltaklanib, shifoxonaga tushib qolgani ma’lum qilindi.
Viloyat hokimi bemorning holidan xabar oldi. Holat yuzasida badanga tan jarohati yetkazish va bezorilik moddalari bo‘yicha ish ochilib, gumondor hibsga olingan. Tergov ishlari ketmoqda. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov vaziyatni o‘z nazoratiga olganini e’lon qildi. Direktor ayol Termiz shahrida malakali vrachlar qaramog‘ida davolanish kursini o‘tayotgani ma’lum qilindi.
Hafta ichida davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan bir guruh soha vakillariga davlat mukofotlari topshirildi.
Jumladan, Qurbon hayiti arafasida prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf «Oliy Darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangan edi.
30 avgust kuni ushbu mukofotni marhum shayxning o‘g‘li, shayx nomidagi masjid imom-xatibi Ismoil Muhammad Yusuf Ko‘ksaroy qarolrgohida prezident Shavkat Mirziyoyevdan qabul qilib oldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligi e’lon qilinganining 32 ikki yilligini nishonlash arafasida «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 286 nafar shaxslar afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 109 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 116 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 25 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 36 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Toshkentda qayta tiklangan Respublika bolalar kutubxonasi o‘z eshiklarini ochdi. 2020 yilda Respublika bolalar kutubxonasini qayta tiklash ishlari boshlangan edi.
«Respublika bolalar kutubxonasi — shahrimiz aholisi uchun eng qadrli va sevimli joylardan biri. Ushbu loyihada yuksak me’morchilik namunasini o‘tgan asr boshida qurilgan ko‘rinishda saqlab qolish biz uchun juda muhim edi», dedi prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva kutubxonaning qayta ochilish marosimida.
1907 yilda qurilgan tarixiy bino restavratsiya qilinib, zamonaviy jihozlandi. Kutubxona o‘zbek va jahon bolalar adabiyotiga oid 180 ming kitob fondiga ega. Tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. U orqali kitobxonlarni ro‘yxatga olish, kitob olish va topshirish jarayonlari elektron tarzda tashkil etiladi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kuz-qish mavsumida elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishib oldi. Uch mamlakat energetika vazirlari kuz-qish mavsumida elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish, elektr energiyasini soatlik hisobga olish mexanizmlarini joriy etish, rejadan tashqari oqimlarni tartibga solish bo‘yicha shartnomalarning amaldagi shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishib oldi va boshqa masalalarni muhokama qildi.
Shuningdek, rahbarlar elektr energiyasining soatlik hisobini yuritish mexanizmini joriy etish imkoniyatlarini ishlab chiqish, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rtasida rejadan tashqari oqimlarni hisob-kitob qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish, rejadan tashqari oqimlarni hisob-kitob qilish bo‘yicha shartnomalarning amaldagi shartlarini qayta ko‘rib chiqishga kelishib oldi.
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2024
Piskentdagi ko‘rgilik, panel importiga cheklov va Yevropani yoritadigan O‘zbekiston - hafta dayjesti
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024