O‘zbekiston | 21:48 / 05.09.2023
19748
2 daqiqa o‘qiladi

8 oyda talon-toroj qilingan tabiiy gaz va elektr energiyasi hajmi ma’lum qilindi

2023 yil yanvar-avgust oylarida tabiiy gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilinishi oqibatida davlat manfaatlariga 390 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. 

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

2023 yil yanvar-avgust oylarida 308 mln 845 ming metr kub tabiiy gaz va 197 mln 623 ming kilovatt-soat elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lumot berdi. 

«O‘zenergoinspeksiya» tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 6 ming 305 holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi», deyiladi xabarda. 

Qayd qilinishicha, 8 oy davomida 308 mln 845 ming metr kub tabiiy gaz (286 mlrd 291 mln so‘m) va 197 mln 623 ming kilovatt-soat elektr energiyasi (103 mlrd 894 mln so‘m) talon-toroj qilingan. Buning oqibatida davlat manfaatlariga 390 mlrd 185 mln so‘m zarar yetkazilgan. 

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi – Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Inspeksiyaning Toshkent markaziy nazorat-kimyo laboratoriyasi tomonidan neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlari davomida xususiy avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 200 ta holatda 5 mln 225 ming litr neft mahsulotlarining sifatsizligi aniqlangan. 

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgani aytilmoqda.

Mavzuga oid