O‘zbekiston | 08:55 / 07.09.2023
6820
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda xitoylik mutaxassislar hududiy rahbarlarni o‘qitadi

Hududiy rahbarlarning Xitoy tajribasi asosida kambag‘allikni qisqartirish, yashil energetika, ilmiy-texnologik innovatsiyalar asosida sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari oshiriladi.

Foto: Sirdaryo viloyati xokimligi

Xitoyning Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi raisi o‘rinbosari Den Botsin boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Sirdaryo tumanidagi "Peng Sheng" qo‘shma korxonasida viloyat hokimi Akmal Mahmudaliyev kutib oldi va shu yerning o‘zida tor doirada uchrashuv o‘tkazildi. Unda asosiy e’tibor Sirdaryo shaharchasining oqova suv tarmog‘ini tubdan yangilash bilan bog‘liq loyihaga qaratildi.

Sirdaryo tumanining markaziy oqova suv tarmog‘ini modernizatsiya qilish loyihasi Xitoy hukumati granti hisobiga amalga oshirilishi belgilangan. Shu maqsadda Xitoyning “Er Yuan” temiryo‘l korporatsiyasi mutaxassislari tomonidan texnik-iqtisodiy asosnoma va grant mablag‘lari ajratish masalasida dastlabki takliflar ishlab chiqilgan.

Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida Sirdaryo shaharchasidagi ko‘p qavatli uylar hamda davlat va jamoat tashkilotlarining markazlashgan oqova suv tizimi butkul yangilanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning uchun 14,5 mln AQSh dollari talab etiladi.

Delegatsiyaning Sirdaryoga tashrifi dasturiga muvofiq uch kun davomida Xubey provinsiyasi professor-olimlari tomonidan hududiy rahbarlarning Xitoy tajribasi asosida kambag‘allikni qisqartirish, yashil energetika, ilmiy-texnologik innovatsiyalar asosida sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid