Jahon | 09:04 / 15.09.2023
4856
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada hibsga olingan Gershkovichning oilasi BMTdan yordam so‘ramoqda

The Wall Street Journal muxbirining oilasi BMTdan uning ozod etilishiga yordam berishni so‘radi. Ular BMTning o‘zboshimchalik bilan hibsga olish bo‘yicha ishchi guruhiga petitsiya yubordi. 

Foto: TASS

Rossiyada josuslikda ayblanib hibsga olingan Amerikaning The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi muxbiri Evan Gershkovichning oilasi BMTdan uni ozod qilishda yordam so‘radi, deb xabar qildi 13 sentabr kuni Reuters. Gershkovichning qarindoshlari BMTning o‘zboshimchalik bilan hibsga olish bo‘yicha ishchi guruhiga petitsiya yuborgan

«Ushbu bayonot Evanning qo‘lga olinishi inson huquqlarining buzilishi ekanini va Rossiya uni zudlik bilan ozod qilishi kerakligini tushuntiradi. Biz faqat uning uyga qaytishini istaymiz», dedi jurnalistning otasi Mixail Gershkovich jurnalistlarga. 

AQShning BMTdagi vakili Linda Tomas-Grinfild «hech bir oila yaqin kishisining siyosiy vosita sifatida foydalanilishini tomosha qilmasligi kerak», dedi. « Rossiya aynan shunday qilyapti. Uning xatti-harakatlari quyushqondan chiqyapti. Bu - xalqaro huquqni buzish», - deya qo‘shimcha qildi u. 

Evan Gershkovichning ushlanishi va hibsga olinishi

The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovich mart oyi oxirida Yekaterinburgda josuslikda ayblanib qo‘lga olingan edi. Aprel oyining boshidan beri u «Lefortovo» tergov izolyatorida saqlanmoqda. 24 avgust kuni Moskvaning Lefortovo tuman sudi jurnalistni hibsga olish muddatini 30 noyabrgacha uzaytirdi. 

«FSB» ma’lumotlariga ko‘ra, muxbir «Amerika tomonining ko‘rsatmasi bo‘yicha» Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan biri haqida maxfiy ma’lumotlar to‘plagan. Gershkovich ayblovlarni rad etyapti. 

«Meduza» nashrining xabar berishicha, Gershkovich Yekaterinburgda qo‘lga olinishidan oldin «Uralvagonzavod» joylashgan Nijniy Tagilga borgan. Gershkovich bilan bir vaqtda, Nijniy Tagildan bo‘lgan er-xotin - «Uralvagonzavod» xodimlari ushlangan. Bundan tashqari, aprel oyida Gershkovich ushlangani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan piarchi Yaroslav Shirshikov qo‘lga olingan. Iyun oyida Shirshikov tergov izolyatoridan ozod qilindi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid