O‘zbekiston | 18:31 / 22.09.2023
41815
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab va bog‘chalarga tarqatilgan yod preparati iste’moli to‘xtatildi

Foto: "Yorqin millat" loyihasi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Namanganda o‘nlab bolalarning salomatligi yomonlashishiga sabab qilib ko‘rsatilayotgan «Kaliy yodid 1 mg (0,001) tabletka №100 (Antistrumin)» dori vositasi iste’molini laboratoriya xulosalari chiqqunga qadar zudlik bilan vaqtincha to‘xtatib turish haqida topshiriq berdi.

Vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova imzosi bilan chiqarilgan xatda sog‘lig‘idan shikoyat qilib kasalxonaga yotqizilgan 71 nafar bolalarning ahvoli yomonlashishiga kaliy dori vositalari sabab ekani yozilgan. Shu sababli vazirlik barcha hududlardagi boshqarmalariga hukumat qarori bilan tayinlangan kaliy preparati iste’molini zudlik bilan vaqtincha to‘xtatishni topshiriq bergan.

20 sentabrdan O‘zbekistonda «Yorqin millat» dasturi bo‘yicha yod bilan ta’minlash ishlari boshlangandi. Yod preparatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi orqali 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun bepul taqdim etilishi ko‘zda tutilgandi.

21 sentabr kuni Namangan viloyati Chust tumanidagi bog‘chaning ayrim tarbiyalanuvchilari orasida tana harorati ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari kuzatilgani xabar berilgan edi. Dastlabki shikoyat bo‘yicha 5 nafar bola shifoxonaga olib kelingan. Keyinchalik jami 71 nafar bolaning sog‘lig‘idan shikoyatlar qayd etilgan va ular tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi holat vazirning nazoratida ekanligini ma’lum qildi. Bosh prokuratura holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi

Mavzuga oid