O‘zbekiston | 18:53 / 25.09.2023
27867
4 daqiqa o‘qiladi

Temiryo‘l sohasida chipta sotishdagi korrupsiya, vagonlardagi sharoit va servisdan aholi noroziligi aytildi  

Prezident temiryo‘l sohasida hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy masalalarga e’tibor qaratdi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev huzurida temiryo‘l sohasida hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy masalalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, xalqaro maydondagi vaziyat hisobiga transport-logistika xarajatlari bir necha barobar oshib ketgan. O‘zbekiston kabi dunyo okeanlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoni yo‘q mamlakatlar uchun eng qulay va arzon transport bu – temiryo‘l hisoblanadi. Lekin, hozir ichki bozorda mahsulotning atigi 5 foizi, eksportda esa 45 foizi temiryo‘l orqali tashilmoqda. Ya’ni temiryo‘l kompaniyasi avtomobilda yuk tashish bilan raqobat qila olmayapti.

Yig‘ilishda temiryo‘l sohasidagi islohotlar sur’ati iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida amalga oshirilayotgan yangilanishlardan ortda qolayotgani, bu sohada ham tub o‘zgarishlarni amalga oshirish vaqti kelgani ta’kidlandi.

Jumladan, bundan ikki oy avval sohaga yangi rahbar tayinlangan edi. Tizimda eskicha fikrlaydigan, tashabbus bildirmaydigan 30 ga yaqin rahbar yangilandi. Samarasiz shtatlar qisqartirildi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 191 ta temiryo‘l stansiyasiga borilib, ulardagi haqiqiy ahvol tahlil qilindi, 500 dan ziyod tadbirkorlar bilan uchrashildi. Ushbu tadbirlar natijasida sohada hal qilinishi bo‘lgan asosiy muammolar aniqlanib, ularning yechimlari belgilab olindi.

Jumladan, ayrim temiryo‘l korxonalari rentabelligi past, vagonlar parkining bir qismi ta’mirtalab va yangilanishga muhtoj, sohada xususiy sektor ishtiroki uchun zarur imkoniyatlar yaratilmagan, chipta sotishdagi korrupsiya, vagonlardagi sharoit va servisdan aholimiz norozi. Bularning barchasi sohani isloh qilish zaruriyatini ko‘rsatmoqda.

Davlat rahbari ayrim temiryo‘l stansiyalarining daromadi o‘z xarajatlarini qoplamayotganiga e’tibor qaratdi.

Masalan, «Nazarbek» stansiyasi atrofida ham aksiyadorlik jamiyatiga qarashli, ham xususiy logistika kompaniyalari joylashgan. «Temiryo‘l»ga qarashli «Yuksaroy» korxonasi yiliga 1 gektar maydondan 277 million so‘m daromad topgan bo‘lsa, xususiy korxonalar 1 milliard so‘mdan ortiq daromad olayapti.

Shu munosabat bilan temiryo‘l stansiyalariga xususiy sektorni jalb qilish va investitsiya kiritish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda import vagonlarining katta qismi poytaxt va viloyat markazlariga kirib kelishi oqibatida stansiyalarda tirbandlik yuqori bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan temiryo‘l yuk stansiyalarini shaharlardan tashqariga ko‘chirish imkoniyatini o‘rganish zarurligi qayd etildi. Bu shaharlarda yuk mashinalari harakatini qisqartirishga, tumanlarga qo‘shimcha investitsiya kirishiga xizmat qiladi.

Sohada raqamlashtirish qoniqarli darajada emasligi ham ta’kidlandi. Jumladan, joriy yilning yetti oyida yuk tashish xizmatining atigi 8 foizi elektron rasmiylashtirilgan, yo‘lovchi chiptalarining 57 foizi kassalar orqali sotilgan.

Bundan tashqari, markaziy vokzallarga kirib-chiqish imkoniyati cheklangan. Avtomobil saqlash joylari vokzallardan uzoq. Vokzallarda savdo va servis xizmatlari lozim darajada yo‘lga qo‘yilmagan.

Poyezd to‘qnashuvlari holatlarining oldini olish uchun barcha avtomobil va temiryo‘l kesishmalarini nazorat qilish, yo‘l belgi, shlagbaum va kameralar o‘rnatish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ushbu muammolardan kelib chiqib, davlat rahbari soha oldida turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

«O‘zbekiston temiryo‘llari»ni holdingga aylantirib, tizimda zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, jumladan, infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yo‘lovchi tashish xizmatlari hamda vokzallar boshqaruvini bir-biridan ajratib, alohida korxonalar tashkil qilish bo‘yicha bildirilgan takliflar ma’qullandi.

Vagonlar parkini yangilashga mo‘ljallangan kredit va kompensatsiya ajratish mexanizmlarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid