O‘zbekiston | 11:09 / 28.09.2023
21624
2 daqiqa o‘qiladi

Sergelidagi portlash oqibatida 163 kishi jarohatlangan - SSV

Jarohatlanganlarning 24 nafari turli hududlardagi olti shifoxonaga joylashtirilgan. Qolgan qismiga salomatligi yaxshi bo‘lgani uchun ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.  

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar Sergeli tumani Quruvchilar dahasida joylashgan omborxonalarning birida kuchli portlash oqibatida 1 kishi halok bo‘lib, 163 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Ushbu hodisa oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Shundan 24 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filiali, Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, 1-sonli Respublika va 1-sonli shahar klinik shifoxonalari hamda 1-sonli shahar tug‘uruqxonasiga yotqizildi», deyiladi xabarda. 

Qolgan 138 kishining salomatligi yaxshi bo‘lgani uchun ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.  

Vazirlik hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir o‘smir voqea joyida vafot etganini tasdiqlagan. U shifoxonaga tiriklik alomatlari bo‘lmagan holda olib kelingan. 

«Ayni paytda yuqoridagi shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar orasida o‘ta og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q. Ularning salomatligi qoniqarli. 

Bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun xirurg, travmatolog, neyroxirurg, nevropatolog, yuz-jag‘ jarrohi, akusher-ginekolog kabi respublikamizning eng yetakchi mutaxassislari jalb qilingan. 

Davolash muassasalarida tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun barcha zarur dori-darmon zaxirasi yaratilgan», deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid