O‘zbekiston | 19:32 / 04.10.2023
5311
2 daqiqa o‘qiladi

Sentyabr oyida 111 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz o‘g‘irlangani aniqlandi

Talon-toroj qilingan tabiiy gaz miqdori 94 mln 533 ming metr kubni, elektr energiyasi 42 mln 961 ming kVt⋅soatni tashkil qilgan. 

Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda sentabr oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 911 ta holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. 

Bunda 94 mln 533 ming metr kub tabiiy gaz (91 mlrd 57 mln so‘m) va 42 mln 961 ming kVt⋅soat elektr energiyasi (20 mlrd 371 mln so‘m) talon-toroj qilinishi oqibatida tizimga keltirilgan zarar 111 mlrd 428 mln so‘mni tashkil qilgan.

Qayd qilinishicha, ushbu hajmdagi tabiiy gaz hozirgi kunda 472 ming 665 ta xonadonning, elektr energiyasi esa 214 ming 805 ta xonadonning bir oylik iste’moliga teng. 

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingani aytilmoqda. 

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid