Sport | 19:40 / 05.10.2023
14940
2 daqiqa o‘qiladi

«Duo qilib turganlarga rahmat. Faqat shu medal yetishmayotgandi». Hasanboy Do‘smatov chempionlik taassurotlari haqida

Rio-2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov Osiyo O‘yinlari-2022da ham chempionlikni qo‘lga kiritgach, «Sport» telekanali muxbiri bilan suhbatda ilk taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

-51 kg vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz finalda tailandlik raqibi Titisan Panmotni mag‘lubiyatga uchratib, turnirning oltin medalini qo‘lga kiritdi. Do‘smatov avvalgi Osiyo O‘yinlari – Jakarta-2018da kumush medaliga ega chiqqandi. 

«Albatta, barcha medallarning o‘rni bo‘lak. Chunki har biri uchun alohida tayyorgarlik ko‘riladi, ko‘p mehnat qilamiz. Allohga shukur, o‘zi menga Osiyo O‘yinlaridagi shu bitta oltin medal yetishmayotgandi, Yaratganning izni bilan unga erishdim. Mana endi turnirlar bo‘yicha barcha oltin medallar uyimda jamlandi.

Ota-onamga rahmat, ular mendan ham ko‘ra ko‘proq qayg‘urishadi. Har jangimda qil ustida turgandek turishadi. Menga muxlislik qilib, duo qilib turgan barchaga rahmat», - deydi Hasanboy Do‘smatov finaldan keyin.

Ma’lumot uchun, Hasanboy Do‘smatov chorakfinalda pokistonlik Zohayb Rashidni musobaqadan chiqarib yuborgan bo‘lsa, yarimfinal jangida yaponiyalik Tomoya Tsuboiga qarshi ringga chiqib, 4:1 hisobida g‘alabaga erishgan holda finalga chiqqandi.

Mavzuga oid