O‘zbekiston | 12:16 / 08.10.2023
32001
13 daqiqa o‘qiladi

Saqlab qolingan bog‘, Rossiyadan gaz va yangi qarzlar - hafta dayjesti

Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

Rossiyadan gaz importi boshlanmoqda

Markaziy Osiyo o‘z tarixida birinchi marta Rossiyadan tabiiy gaz import qilishni boshlayapti. 7 oktyabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya prezidentlari Moskvada o‘tgan tantanali tadbirda rus gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish jarayoniga start berdi. Buning uchun 1960-yillarda Turkmaniston va O‘zbekistondan Rossiyaga gaz uzatish uchun qurilgan “O‘rta Osiyo – Markaz” nomli magistral tarmoq oxirgi bir necha oy davomida teskari tartibda ishlashga moslashtirildi.         

Yevropaga gaz sotmayotgan Rossiya uchun eksportning bu yo‘nalishi yangi bozorni ochish va boshqa imkoniyatlarni taqdim etadi. Vladimir Putin hozircha kelishilgan yillik eksport hajmi kelgusida oshirilishi mumkinligini aytdi. O‘zbekiston esa rus gaziga energetikadagi mavjud o‘tkir disbalansga qisman yechim deb qarayapti. “UzGasTrade” va “Gazprom eksport” o‘rtasidagi tijoriy shartnoma yiliga 2,8 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berishni ko‘zda tutadi.

2,8 mlrd kub metr hajm – O‘zbekiston o‘tgan 2022 yil davomida Xitoyga sotgan gaz hajmi bilan deyarli teng. Mamlakatda oyiga 3,5–4 mlrd kub atrofida gaz qazib olinadi. Oxirgi yillarda zangori yoqilg‘i eksporti sezilarli qisqargan bo‘lsa-da, uni qazib olish hajmi ham to‘xtovsiz kamayib boryapti. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–avgust oylarida jami 31,4 mlrd kubometr gaz qazib olingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,3 mlrd kubometr yoki 9,4 foizga kam.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya o‘z gazini Markaziy Osiyoga taklif etayotgani bundan bir yil oldin ma’lum bo‘lgan, o‘shanda Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston ishtirokida uch tomonlama gaz ittifoqi tuzishni taklif qilgan edi. O‘zbekiston va Qozog‘iston bu hamkorlik ittifoq shaklida emas, tijoriy shartnomalar asosida bo‘lishini afzal ko‘rdi. “O‘zgidromet” tomonidan shu hafta e’lon qilingan prognozga ko‘ra, bu yilgi qishda 2023 yil yanvar oyidagidek anomal sovuq tushishi kutilmayapti.

Elektr energetikasida raqobatli bozor yaratiladimi?

Endilikda O‘zbekiston oldidagi vazifa – importga qaramlikka olib kelgan energetikadagi muammolar bu qaramlikni yanayam kuchaytirmasligining oldini olish. Bu borada ikkita muhim yangilik bor. Mamlakatda nihoyat energetika bozori regulyatori tashkil etilmoqda. Bu organ Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi deb nomlandi. Prezident farmoniga asosan, agentlik o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga hisobdor bo‘ladi va faqat elektr energetika bozorini tartibga soladi. Ya’ni gaz sohasi energoregulyator vakolatiga kirmaydigan bo‘ldi.

Bu yangi organning zimmasiga elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich tashkil etish, elektr energiyasi bozorida raqobatni qo‘llab-quvvatlash, bozor ishtirokchilari uchun teng huquq va shaffoflikni ta’minlovchi qonun-qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini o‘rnatish, bozor ishtirokchilarini litsenziyalash va boshqa vazifalar yuklatildi.

2026 yildan boshlab elektr energiyasini uzatish va taqsimlash bo‘yicha tariflarni Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi belgilaydi.

Energetikadagi ahvolni o‘nglash yo‘lidagi ikkinchi muhim yangilik – aholi uchun tabaqalashgan tariflarga o‘tishning birinchi bosqichi bo‘ldi. 1 noyabrdan boshlab, xonadonida oyiga 1000 kWhdan ko‘p elektr energiyasi ishlatuvchi iste’molchilar ko‘proq haq to‘lay boshlaydi. Ya’ni ularga nisbatan:

  • 1001 kWhdan 5000 kWhgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar;
  • 5001 kWhdan 10 000 kWhgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar;
  • 10 000 kWhdan yuqori iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobar o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.

Inobatga olish kerakki, maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi tarifi 1 kWhga 295 so‘m bo‘lib o‘zgarishsiz qoladi. Birinchi bosqichdagi tabaqalashgan tariflar aholining juda ko‘p tok ishlatadigan 2 foizlik qismiga taalluqli bo‘ladi. Ular uyida shunchalik ko‘p tok ishlatadiki, o‘zi umumiy aholining atigi 2 foizini tashkil qilishsa-da, xonadonlarga uzatilayotgan energiyaning naq 32 foizini ishlatishadi.

1 noyabrdan kuchga kiradigan o‘zgarishning muhimligi shundaki, aynan shu 2 foizni tashkil etuvchi 146 mingta xonadon aksariyat holatlarda o‘ziga to‘q va badavlat qatlamdan iborat bo‘lib, ular subsidiya orqali arzonlashtirilgan energiyani boshqalarga qaraganda karrasiga ko‘p ishlatgani uchun, juda katta hajmda budjetdan bilvosita subsidiya olib kelyapti. 1 noyabrdan kuchga kiradigan yangi tartib bilan, bu qatlamning istagancha miqdorda davlatdan yordam olish imkoniyati yo‘qoladi.

Budjet sarfi, yevrobondlar va Yandeksga soliq

Agar soliqlardan yig‘ilgan xalq pullarini oqilona sarflash madaniyatning bir belgisi deb olsak, Madaniyat vazirligi madaniyatsizlik bo‘yicha namuna ko‘rsatayotgan bo‘lib chiqadi. Vazir Ozodbek Nazarbekov artistlar portalini yaratishga budjetdan salkam yarim milliard so‘m ajratgani ana shunday mulohazaga undayapti. Uning 15 sentabrdagi buyrug‘i bilan, O‘zbekistonda davlat mukofotlari bilan taqdirlangan madaniyat va san’at sohasi vakillari portalini ishlab chiqish uchun 488 mln so‘m yo‘naltirilgan.

Bu portalda davlat mukofotlari va ularni olgan san’atkorlar haqidagi ma’lumotlar joylanadi. Saytni ishlab chiqish bo‘yicha davlat buyurtmasi berilgan kompaniya tender o‘tkazmasdan tanlab olingan. 51 foizi vazirlikning o‘ziga, 49 foizi esa jismoniy shaxslarga tegishli media markaz avvalroq sayyohlar uchun gidlar reyestrini yaratish bo‘yicha 117 mln so‘mlik, “Madaniyat markazlari” portali uchun esa 530 mln so‘mlik buyurtmalarni olgan. E’tiborlisi, 530 mln so‘mlik portal hozir ishlamayapti.

Budjetdan qilinayotgan shu kabi bahsli xarajatlar fonida, O‘zbekiston tashqi qarz bozoriga qaytdi. 6 oktyabr kuni hukumat London fond birjasida ikkita transhda yangi obligatsiyalar joylashtirib, xalqaro investorlardan qariyb 1 mlrd dollar ekvivalentida qarz oldi.

Birinchi transh – 4 trln 250 mlrd so‘mlik milliy valutadagi suveren obligatsiya bo‘lib, u “yashil” qimmatli qog‘oz maqomi bilan ajralib turadi. Undan kelib tushadigan mablag‘lar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, temiryo‘llar va metroni rivojlantirish, aholi punktlarida tozalikni ta’minlash, shamol eroziyasiga va suv xo‘jaligi obektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish kabi “yashil” loyihalarga ishlatiladi. Milliy valutadagi 3 yillik obligatsiyalarning foiz stavkasi kutilganidan pastroq bo‘lib, 16,25 foizni tashkil etgan.

Ikkinchi transh – 660 mln dollar qiymatdagi 5 yillik obligatsiyalar esa 8,125 foiz stavkada joylashtirilgan. Bu – o‘tgan 4 yilda O‘zbekiston uchun qarz olish salkam 2 barobarga qimmatlashganini anglatadi. Taqqoslash uchun, 2019 yilda chiqarilgan 5 yillik birinchi yevrobondlarning foiz stavkasi 4,75 foiz edi. Oradan o‘tgan vaqt davomida koronavirus pandemiyasi va boshqa sabablar bilan xalqaro qarz bozorida narxlar sezilarli ko‘tarilgan. Xususan, O‘zbekiston oxirgi marta suveren obligatsiya chiqargan 2021 yil iyulida 0,8 foiz daromadlilikka ega bo‘lgan AQSh G‘aznachilik obligatsiyalarining daromadliligi hozir 4,7 foizga yetgan.

Ma’lumot uchun, yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligi rejadagidan ikki barobarga oshib ketib, YaIMga nisbatan 6 foizga yaqinlashib qolgan, defitsit qisman qarz olish hisobiga qoplangan edi. Birinchi yarim yillikda budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun 5 trln so‘m ichki, 1,7 trln so‘m tashqi qarz jalb qilingan.

Xarajatlar va daromadlar o‘rtasidagi bunday salbiy nomutanosiblik fonida, hukumatning nihoyat Yandex Go servisini soliqqa tortishga jazm etgani hafta davomida jamoatchilik olqishiga sazovor bo‘ldi. Katta miqdorda aylanmaga ega servisning Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgani bahonasi bilan O‘zbekistonda soliq to‘lamayotgani, mijozlarga chek bermayotgani va boshqa holatlar yana bir bor muhokamalarga sabab bo‘lishi ortidan, Soliq qo‘mitasi kutilmagan bayonot bilan chiqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, qo‘mita sentabr oyida Yandex Go taksi xizmati oldiga aniq talablar qo‘ygan. Unga ko‘ra, kompaniya 1 dekabrgacha O‘zbekistonda soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, hamma qatori soliq to‘lashni va fiskal chek berishni boshlashi kerak. Soliq organi agar bu talab 2 oy ichida bajarilmasa, servisni O‘zbekistonda bloklash bo‘yicha Raqamlashtirish vazirligiga murojaat qilishini bildirdi. Bunga javoban Yandex Go qo‘mita talablarini bajargan holda, 1 dekabrdan keyin ham O‘zbekistondagi faoliyatini davom ettirishini e’lon qildi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Qatar O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimni joriy etdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Dohaga tashrifi vaqtida e’lon qilindi. Tashrif davomida ikki davlat o‘rtasida qator yangi hujjatlar imzolandi. Qatar kompaniyalaridan biri O‘zbekistonda yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomagistral qurishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, Qatar amirining iyun oyida Toshkentga tashrifi arafasida O‘zbekiston ham qatarliklar uchun vizasiz rejim joriy etgan, Toshkentda Qatar elchixonasi ochilgan edi.

Raqamlashtirish vazirligi O‘zbekistonda “mobil qullik” bekor qilinishini e’lon qildi. Bu – telefon raqamni saqlagan holda uyali aloqa operatorini o‘zgartirish imkonini beradi. Bir necha yildan beri va’da qilinayotgan yangilik tez orada amaliyotga joriy etilishi aytilmoqda.

Yo‘llardagi kameralar haydovchilarning xavfsizlik kamarini taqishini ham nazorat qila boshladi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabariga ko‘ra, bu butun respublika yo‘llarida o‘rnatilgan barcha kameralarga taalluqli. Shuningdek, haydovchilar maktablar va bog‘chalar oldida tezlikni 30 km/soatdan oshirmay haydashini maxsus moslamalar yordamida nazorat qilish boshlanadi.

Toshkent Botanika bog‘i shahar hokimligi tasarrufiga o‘tishdan saqlab qolindi. Bunday tashabbus Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ishlab chiqqan hukumat qarori loyihasida ko‘rsatilgan edi. Bundan xabar topgan jamoatchilik bog‘ taqdiridan xavotirlanib, uni Fanlar akademiyasi ixtiyorida qoldirish talabi bilan bong urdi, akademiya, Senat, ekopartiya va prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva faollarni qo‘llab-quvvatlab chiqdi. Natijada Davaktiv loyihaning Botanika bog‘iga oid qismini bekor qildi. Ayni paytda, shu loyiha asosida respublika bo‘ylab 195 ta bog‘ hokimliklar huzuriga o‘tkazilishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.

O‘zbekistonda temiryo‘l chiptalari narxi oshiriladi. 20 oktyabrdan boshlab, mahalliy yo‘nalishlardagi poyezd chiptalari narxining tarif qismi 50 foizga, “Afrosiyob” elektropoyezdlari chiptalari to‘liq narxi esa 100 foizga oshirilmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” buni tariflar 4-5 yildan beri o‘zgarmay qolayotgani, bu vaqt davomida xarajatlar inflatsiya hisobiga sezilarli oshgani bilan izohladi.

Dayjyestimizdagi so‘nggi xabar: grin-karta mavsumi boshlandi. Millionlab o‘zbekistonliklar ishtirok etadigan, AQSh aholisining etnik xilma-xilligini oshirishga qaratilgan viza dasturida qatnashish uchun 7 noyabrgacha ariza berish mumkin. Ariza berish jarayoni – dvprogram.state.gov saytida bepul tarzda anketa to‘ldirishdan iborat. Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi bu jarayonda firibgarlardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid