Jahon | 11:09 / 14.10.2023
40999
8 daqiqa o‘qiladi

Falastin masalasida Saudiya va Misr qanday yo‘l tutmoqda? Diplomat bilan suhbat

Saudiya Arabistoni va Misr – eng katta arab davlatlari. Ular Falastin-Isroil nizosida muhim va ta’sir etuvchi kuchga ega. Kun.uz muxbiri nizoning joriy keskinlashuviga bu ikki mamlakatning munosabati haqida Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert, Saudiya Arabistoni va Misrda faoliyat yuritgan diplomat Lutfiddin Xo‘jayev bilan suhbatlashdi.

— Mintaqadagi asosiy davlatlar bo‘lmish Saudiya Arabistoni  va Misrning hozirgi to‘qnashuvlarga bo‘lgan munosabati qanday?

— Saudiya va Misr tashqi siyosatda Yaqin Sharq muammosi, jumladan, Falastin Isroil nizosini tinch vositalar bilan hal qilishga ustuvor e’tibor beradi. 1948 yil may oyida BMT tomonidan Falastin hududida ikki mustaqil davlat – Falastin va Isroil davlatlarini tashkil qilish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Bundan arab dunyosi davlatlari norozi bo‘ladi, 1948-1952 yillarda nizolar yuzaga keladi. 1967 yilda Isroil Falastin yerlari, Misrning Sinay yarimoroli, Suriyaning Jo‘lan tepaliklari, Livanning bir qismini bosib oladi. Bu vaziyatda Saudiya arab davlatlariga siyosiy, moddiy va insonparvarlik yordamlar ko‘rsatib keladi. Muammolarni hal qilish bo‘yicha ko‘p tashabbuslarni ilgari surgan. 1982 yilda podshoh Fahd bin Abdulaziz Ol Saud  Arab-Isroil mojarosini BMT Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleyasi tegishli qarorlari asosida siyosiy vositalar bilan hal etish, xususan, Isroil  bosib olgan arab yerlarini qaytarish hisobiga Tel-Aviv bilan diplomatik alaoqalarni o‘rnatishga oid o‘z tashabbusini ilgari suradi.

[2023 yil] 7 oktyabrdan keyingi voqealarga Saudiya tomoni ehtiyotkorlik bilan yondashyapti. Birinchi o‘rinda zulm va zo‘ravonlikni to‘xtatib, tinch muzokaralar o‘tkazish kerakligini ta’kidlamoqda. Jumladan, tinch aholi qurbon bo‘lyapti. G‘azoda ijtimoiy va gumanitar vaziyat juda og‘irlashib ketayapti.  Shuning uchun Podshohlik har ikkala tomonni harbiy harakatlarni darhol to‘xtatib, muammoni muzokaralar yo‘li bilan, jumladan BMT Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyalari doirasida hal qilishga chaqiryapti.

— Nima uchun Saudiya jiddiy qadamlar tashlamayapti?

— Chunki vaziyat juda murakkab. Ham mintaqaviy, ham global darajadagi o‘yinchilar bor bunda. Shuning uchun yagona to‘g‘ri yo‘l – muzokaralar, tinch vositalar. 2020 yilda AQSh ishtiroki bilan arab davlatlari va Isroil o‘rtasida kelishuv ham bo‘lgandi shu doirada.

— Deylik, Saudiya va BAA kabi davlatlarning HAMASga munosabati bu tashkilotning, aytaylik, Eron bilan hamkorlik qilishiga bog‘liqmi? Mintaqaviy va global o‘yinchilarga kengroq qarasak.

— HAMAS Falastindagi 2006 yilgi saylovlarda g‘olib chiqqan edi. Falastindagi siyosiy kuchlar o‘rtasida birlik yo‘q, eng katta muammo ham shunda. Falastin Ozodlik tashkiloti bor, uni Yosir Arofat boshqarar edi, keyinchalik bu maydonga HAMAS ham kirib keldi. Saudiya 1987 yildan HAMAS bilan hamkorlik qilishni boshladi va asosan moddiy yordam bergan. Saudiya Falastin aholisini oziq-ovqat va dori-darmonlar bilan ta’minlash uchun katta mablag‘ ajratgan. 2001 yilgacha HAMAS juda erkin harakat qilgan, 1999 yilda Saudiya tomonidan 200 mln dollar ajratilgan edi HAMASni qo‘llash uchun. Saudiya taklifi bilan Islom taraqqiyoti bankida Falastinga yordam ko‘rsatish  va «al-Aqso» maxsus jamg‘armalari tashkil qilingan. Podshohlik Falastinga xalqaro tashkilotlar jumladan, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari uyushmasi doirasida yordamlar ko‘rsatyapti. Ta’kidlash joizki, Saudiya Arabistoni insonparvalik yordamlarini taqdim etish borasida asosiy donor mamlakatlardan biri hisoblanadi.

— Nega hozir Saudiya tashkilotdan masofa saqlagandek bo‘lyapti?

— Saudiya yordam ham beryapti. 2007 yil Makkada Falastin vakillari Suriya, Saudiya vakillari huzurida o‘zaro ichki ixtiloflarni bartaraf etishga kelishgan edilar. O‘shanda Falastindan HAMAS va Falastin ozodlik tashkiloti rahbarlari qatnashgan va Falastin davlatini barpo etish yo‘lida birgalikda sa’y-harakat qilish to‘g‘risida Makkada majburiyat olishgan.

Hozirgi holat uzoqlashish emas, vaziyat murakkabligi deb izohlanadi. Lekin insonparvarlik yordami ko‘rsatish doimgiday yuqori darajada bo‘lyapti.

— Misr haqida ham gaplashsak.

-Misr davlati Isroil va arab davlatlari mojarosini hal etishda doim faol qatnashgan. 1967 yilgi urushda Sinay yarim oroli va Suvaysh kanali hududlari Isroil tomonidan bosib olingan. 1973 yil oktabr jangida Misr bosib olingan yerlarining bir qismini qaytarib olgan. Shundan so‘ng Yaqin Sharq mojarosini diplomatik yo‘l bilan hal qilishga intilgan. AQSh vositachiligida1977 yilgi kelishuvda barcha yerlarini qaytarib olish to‘g‘risida kelishuvga erishiladi. Misrning  Isroil bilan olib borgan ikki tomonlama muzokaralari aksariyat arab davlatlari tomonidan rad etilgan va qoralangan. Arab davlatlari uyushmasi bosh qarorgohi Qohiradan Tunisga (1984 yilga qadar) ko‘chirilgan. Misrning ushbu tashkilotdagi a’zoligi to‘xtatilgan.

Umuman, Misr arab davlatlari orasida katta mavqega egadir. Bundan tashqari, Misr Falastin va Isroilga bilan chegaradosh.  2013 yil 30 iyun voqelaridan so‘ng, ya’ni «Musulmon birodarlari» hokimiyatdan chetlashtirilgandan keyingi davrda Qohira mintaqa muammolari, ayniqsa, Falastin nizosi yechimiga  katta e’tibor qaratyapti. AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bu masalalarda muzokaralar olib borishda Misr diplomatiyasi vositachiligiga tayanadi. Hozir ham Isroil-Falastin o‘rtasida muzokaralarni tashkil etishda Misr tomoni faol sa’y-harakat qilmoqda.  Hatto «HAMAS» harakati tomonidan tayyorlanayotgan qo‘poruvchilik  haqida Misr tomoni oldindan Isroil mas’ullarini ogohlantirgan edi, degan xabarlar ham mavjud.

G‘azo sektori orqali Misrga ham kontrabanda mahsulotlari, qurol-yarog‘, giyohvand moddalar, terrorchilar kirib kelishi mumkin, Suriya orqali o‘tgan shunday kanal mavjud, shuning uchun Misr bu masalalarga katta e’tibor qaratadi.

— Isroil-Falastin urushlaridan so‘ng doim Isroil ma’lum hududni o‘ziga qo‘shib olgan. Bu galgi urushdan so‘ng vayron bo‘lgan G‘azo sektorining keyingi taqdiri qanday bo‘ladi?

— 2021 yilgi oxirgi to‘qnashuvlardan so‘ng Qohirada Misr, Iordaniya, Falastin rahbarlari o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib, G‘azo sektorini qayta tiklash masalalari ko‘riladi. Qayta tiklash ishlariga misrliklar 500 mln dollar yordam ko‘rsatishni aytgan edi. Bu ishlar to‘xtab qolmaydi, u yerda 2,4 mln aholi yashaydi. Misrning Sinay yarimorolida qochoqlarni joylashtirish masalasi ham ko‘tarildi, lekin bu narsa Qohira tomonidan qat’iy rad etildi.

Misr 1967 yil iyun oyigacha bo‘lgan chegaralar  bo‘yicha Falastin muammosini hal qilishni yoqlab chiqyapti. Arab davlatlari uyushmasidan tashqari, Islom hamkorlik tashkiloti bor. Bu tashkilot tuzilganida asosiy maqsad Falastin masalasini hal etish bo‘lgan. Misr tomoni BMTda, Arab davlatlari uyushmasida va Islom hamkorlik tashkilotida doim Falastin muammosini hal etishni yoqlab chiqadi.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid