Jahon | 17:52 / 15.10.2023
15143
6 daqiqa o‘qiladi

Kulga aylangan G‘azo, Falastin uchun qayg‘urgan Putin - “Geosiyosat” dayjesti

Bombalar ostidagi G‘azo, Yaqin sharqni kezib yurgan Blinken, Falastin uchun qayg‘urgan Putin va dunyoni gazsiz qoldirishini aytgan Qatar amiri, shu kabi xalqaro maydonda yuz bergan voqealar bilan «Geosiyosat» dayjesti.

G‘azo bombalar yomg‘iri ostida qoldi.

AQSh Afg‘onistonga 1 yil davomida tashlagan 6 ming bombani, Isroil G‘azoga 6 kunda tashladi.

Isroil askarlari urushda hech qanday qoidaga amal qilmasliklari aytildi. Human Righs Watch tashkiloti isroillik harbiylar Livan va G‘azo sektoriga hujumlarda oq fosforli snaryadlar qo‘llagani haqida ma’lum qildi.

Falastin atrofidagi arab davlatlari tomonlarni murosaga chaqirgan bir paytda, Qo‘shma shtatlar Isroil uchun allaqachon harbiy yordamlarni yubordi. Shuningdek, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin isroillik hamkasbi Yoav Gallant va bosh vazir Binyami Netanyahu bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Isroilga keldi.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo sektori aholisiga zudlik bilan insonparvarlik yordamini yetkazishga chaqirdi. Falastin-Isroil mojarosiga bag‘ishlangan BMT Xavfsizlik kengashining yopiq yig‘ilishida ishtirok etishdan oldin u: «urushlarning ham qonun-qoidalari bor», deb ta’kidladi.

Isroil tomoni G‘azo aholisiga hududni tark etishning so‘nggi muhlati 14 oktyabr 16:00 gacha ekanini aytgan, biroq qochqinlar karvoniga Isroil tomonidan raketa kelib tushgani haqida lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi. Tel-Aviv hozircha bunga munosabat bildirmagan.

Shu bilan birga, Guterrish Isroilning G‘azo sektorining shimoliy qismlarini evakuatsiya qilish haqidagi chaqirig‘iga ochiqchasiga qarshi chiqdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining ta’kidlashicha, aholi zich joylashgan hududdagi 1,1 millionga yaqin odamga ta’sir qiladigan bunday harakat «o‘ta xavfli va ba’zi hollarda imkonsizdir».

Isroilning Pekindagi elchixonasiga hujum uyushtirildi. Diplomat shifoxonaga yotqizilgan, uning holati barqaror ekani aytilmoqda. Avvalroq HAMAS juma kuni Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun ommaviy aksiyalar o‘tkazishga chaqirgandi.

Qatar Falastinni qo‘llab-quvvatlash doirasida global gaz tanqisligini yuzaga keltiradimi?

“Agar G‘azoni bombardimon qilish to‘xtamasa, biz dunyoga gaz ta’minotini to‘xtatamiz”, — dedi amir Tamim bin Hamad Al Soniy.

Ayni mana shu mazmundagi xabarlar Qatar hukumati tomonidan tarqatildi deb ishonildi, biroq bu dezinformatsiya ekani aniqlandi. Demak amir bunday keskin bayonot bermagan .

Yaqin sharqni kezib yurgan Blinken

«Isroil xalqi uzoq vaqtdan beri va haqli ravishda o‘z mustaqilligi, o‘zini mustaqil himoya qila olishi bilan faxrlanib keladi, hatto vaziyat ularga qarshi bo‘lsa ham. Mening Isroilga murojaatim: o‘zingizni himoya qilish uchun yetarlicha kuchli bo‘lishingiz mumkin, ammo Amerika mavjud ekan, siz buni hech qachon yolg‘iz qilmaysiz. Biz doimo siz tomonda bo‘lamiz», dedi Blinken.

Isroilning G‘azo hududiga keng ko‘lamli bosqinlari fonida Qo‘shma shtatlar bosh kotibi Iordaniyada Falastin yetakchisi Mahmud Abbos bilan ham uchrashgan edi. Ayni vaqtda Entoni Blinken Saudiya Arabistonida.

Shuni qo‘shimcha qilish joizki, Saudiya Arabistoni ham avvalgidek tashqi siyosatda AQShga ergashavermaydi, undan tashqari hozir dunyodagi geosiyosiy vaziyat Xitoy va Rossiya qutbini tanlash imkonini ham beradi.

Mojaroga dunyoning ko‘plab davlatlari munosabat bildirdi.

Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Isroilning G‘azoga nisbatan blokadasini keskin qoraladi:

Turkiya rahbari dunyo hamjamiyatini gumanitar inqirozga yuz tutgan G‘azo taqdiriga befarq bo‘lmaslikka, Isroilni esa guruh emas, balki davlat kabi harakat qilishga chaqirgan.

Shuningdek Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan ayni vaqtda G‘azo uchun gumanitar yordam karvoni bilan Misrda.

Iordaniya qirolichasi Raniya Isroilning harakatlarini qoraladi va Falastin xalqi bilan birdamligini izhor etdi.

«Toki siz okkupatsion kuch ekansiz, bu aslo o‘z-o‘zini himoya qilish emas», — deb yozgan qirolicha ijtimoiy tarmoqlarda.

Xitoy Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha har qanday sa’y-harakatlarga ochiq — Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Chjan Tszyun.

Eron Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga kirishish imkoniyatini istisno qilmayapti.

"G‘azo sektori ustidan agressiya va qamal davom etayotgan bir vaziyatda Isroilga qarshi boshqa frontlar ochilishini inkor etib bo‘lmaydi", — deya fikr bildirdi u. Ushbu bayonot haqiqatga ancha yaqin, masalan Hizbulloh Livan hududidan bir necha marotaba Isroil tomon raketa zarbalari berdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mojaroga fikr bildirarkan, Falastin davlatini barpo qilish bilan bog‘liq muammo hal qilinmaguncha, mojaroga yechim topib bo‘lmasligini aytdi. 

«Qo‘shma Shtatlarda mustaqil Falastin davlatini yaratish yo‘lidan borish kerak, deb hisoblaydigan ko‘plab siyosiy arboblar va ekspertlar bor, Isroilda ham bor. Lekin, o‘nlab yillar davomida bu muammoni kuch bilan hal qilish kerak deb hisoblaydiganlar ustunlik etmoqda. Afsuski, bu biz hozir ko‘rayotgandek fojiali voqealarga olib keldi», dedi Putin.

Isroil bilan to‘qnashuvlar fonida Falastin yetakchisi Mahmud Abbos tez orada Moskvaga tashrif buyurishi haqida xabarlar keng tarqalgan edi.

Xalqaro maydonda yuz bergan asosiy voqealar hozircha shular. «Geosiyosat»ni kuzatishda davom eting.

Mavzuga oid