Zo‘ravonlarga qarshi qonun, Amerika orzusidagi o‘zbeklar va ishga tushgan Qo‘shtepa kanali - hafta dayjesti
Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.
Yaqin Sharqdagi vaziyat: O‘zbekistonning pozitsiyasi
O‘tgan hafta oxirida qaytadan boshlangan HAMAS–Isroil urushi butun dunyoda, xususan O‘zbekistonda ham muhokamadagi eng dolzarb mavzu bo‘lib turibdi. Mojaroning bu safargi keskinlashuvi harbiy harakatlar va insoniy yo‘qotishlar ko‘lami jihatidan avvalgilaridan keskin farq qilyapti. Urush bir hafta ichida G‘azo bo‘lgasida 2200 dan oshiq, Isroilda esa 1300 dan oshiq qurbonlarga olib keldi. Shunga qaramay, yaqin istiqbolda 75 yillik muammoning yechimi ko‘rinmayapti, chunki eng asosiy xalqaro o‘yinchilar o‘z pozitsiyasida sobit qolmoqda.
Urushning uchinchi kuniga kelib, 9 oktyabrda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqdi. Rasmiy Toshkent kurashayotgan tomonlarni qurolli qarama-qarshilikni tez fursatlarda tugatishga, inqirozni siyosiy va diplomatik vositalar orqali hal qilishga chaqirdi. O‘zbekiston tomoni halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Isroil bilan 1992 yilda, Falastin bilan 1994 yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatgan, ularni suveren davlatlar sifatida tan oladi va iliq munosabatlarga ega. Toshkentda Isroil va Falastin elchixonalari faoliyat yuritadi. O‘zbekistonning Tel-Avivda joylashgan Isroildagi elchixonasi bir vaqtning o‘zida Falastin bo‘yicha diplomatik vakolatxona vazifasini ham bajaradi.
Avvalgi yillardagi eskalatsiyalar vaqtida berilgan bayonotlardan kelib chiqilsa, O‘zbekiston “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilini qo‘llab-quvvatlaydi va nizoning shu paytgacha qabul qilingan BMT rezolyutsiyalari asosida hal etilishi tarafdori. Bu pozitsiya 1967 yilgi chegaralar doirasida suveren Falastin davlatini tashkil etish bo‘yicha butun musulmon olamida qabul qilingan konsensusga mos keladi. Bu konsensusga ko‘ra, Isroil okkupatsiyani to‘xtatishi, 1967 yilgi chegaralarda suveren Falastin davlati to‘laligicha tashkil topishiga imkon berishi va Sharqiy Quddusni Falastinning poytaxti deb tan olishi kerak. Chunki bundan boshqa variantlar faqat simptomlarni vaqtincha davolashga o‘xshab qoladi, ya’ni uzoq muddatli va barqaror tinchlikni ta’minlay olmaydi.
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish – kun tartibida
Yangi tashkil etilgan Ijtimoiy himoya agentligi o‘ta dolzarb va umumilliy ahamiyatga ega muammo – bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni kun tartibiga olib chiqdi. Agentlik Adliya vazirligi va UNICEF bilan birgalikda “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini taqdim etdi.
UNICEF tomonidan yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotdan ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning uchdan ikki qismi zo‘ravonlik bilan tarbiyalash usullariga, ya’ni jismoniy jazo va psixologik tajovuzga uchraydi. 15-19 yoshdagi qizlardan har uchtasidan bittasi er o‘z xotinini urishga haqli deb hisoblaydi. Hukumatning rasmiy raqamlariga ko‘ra, yil boshidan beri respublika bo‘yicha 1200 dan oshiq bola zo‘ravonlikka, ulardan 417 nafari jinsiy zo‘ravonlikka uchragan.
Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bolalar ko‘pincha bu haqda birovga ayta olmaydi, hatto aytganida ham kattalar va mas’ullar ko‘plab holatlarda bolaning taqdiriga befarq qaraydi. Vaholanki, bolalikdagi zo‘ravonlik insonning taqdirini, kelajagini butunlay o‘zgartirib yuboradigan oqibatlarga olib keladi. “Biz bu dolzarb masala bo‘yicha sukunatni buzmoqchimiz va jamiyatdagi munosabatni o‘zgartirmoqchimiz”, – deya e’lon qildi qonun loyihasi taqdimotida so‘z olgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.
Qonun loyihasida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning jismoniy, jinsiy, ruhiy, ekspluatatsiya, bulling va g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik tarzidagi shakllari ko‘rsatilgan. Zo‘ravonlik holatlarida bolalarga himoya orderini berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalari bilan ijtimoiy ish olib borish, zo‘ravon shaxslarni xulq-atvorni tuzatish dasturlariga jalb qilish, jinsiy zo‘ravonlik qilganlarning huquqlarini cheklash ko‘zda tutilyapti. Shahnoza Mirziyoyeva pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya, majburiy taqib yuriladigan bilaguzuklar, xavfli shaxslarning ochiq reyestrini yuritish kabilarni ham ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Hafta davomida, shuningdek, Bolalar ombudsmani lavozimiga Surayyo Rahmonova nomzodi tasdiqlandi. Rahmonova bir necha yil oldin Bosh prokuratura matbuot kotibi sifatidagi faoliyati bilan jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan edi. 2020 yildan buyon Bolalar ombudsmani lavozimida ishlab kelgan Aliya Yunusova bir oy oldin iste’foga chiqqandi.
2 yilda 13 ming o‘zbekistonlik AQShga kirayotganida qo‘lga olingan
AQShga Meksika orqali kirib borayotgan o‘zbekistonliklar soni oxirgi yillarda keskin oshib borayotgani ayon bo‘lsa-da, bu tendensiya ko‘lamini baholash uchun shu paytgacha aniq raqamlar yo‘q edi. Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, bu yerda bir necha minglab o‘zbekistonliklar haqida gap ketyapti.
Fox News telekanali e’lon qilgan AQSh bojxona va chegara xizmatining ichki ma’lumotlaridan ma’lum bo‘lishicha, 2021 yilning oktyabridan 2023 yilning oktyabriga qadar, ya’ni oxirgi 2 yil ichida AQShda chegarani noqonuniy kesib o‘tishga uringan 13 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Bu – Amerikaga noqonuniy kirib borishga urinayotganlar orasida o‘zbekistonliklar yetakchilar qatorida ekani anglatadi.
Oxirgi 2 yilda, shuningdek, 31 mingga yaqin Turkiya fuqarosi, 26 mingga yaqin Mavritaniya fuqarosi va 6 mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarosi AQSh chegaralarida qo‘lga olingan. Ushlanganlarning qanchasi AQShdan chiqarib yuborilgani yoki immigratsiya bo‘yicha sud majlisi sanasi belgilanganidan keyin mamlakatda bo‘lib turishiga ruxsat berilgani ma’lum emas.
Temiryo‘l sohasida o‘zgarishlar
Samarqandga safar qilgan Tom ismli niderlandiyalik bloger-sayyoh O‘zbekistonda ko‘pchilik oddiy hol deb qaraydigan maishiy korrupsiyani butun dunyoga ko‘rsatib ketdi. U iyul oyida Samarqanddan Toshkentga “Afrosiyob” poyezdida ketayotib, ekonom klassdan VIP klassga o‘tkazib qo‘yishi uchun poyezd xodimiga 15 dollar bergan va bu haqda o‘sha kuniyoq blogida so‘zlab bergan. Uning bu haqdagi videosi oktyabr oyida o‘zbekistonlik blogerlarning kanalida tarqala boshladi.
“O‘zbekiston temiryo‘llari”ning izoh berishicha, iyul oyida, voqea ro‘y berganidan 4 kun o‘tiboq o‘sha “Afrosiyob” poyezdining boshlig‘i ishdan olingan. Kompaniya bu kabi holatlar boshqa takrorlanmasligi uchun nazorat o‘rganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, shunga o‘xshash holat bahorda ham ro‘y bergan, o‘shanda rossiyalik mashhur bloger Ilya Varlamov “Toshkent-Samarqand” poyezdining lyuks toifadagi kupesi uchun qimmat narxda chipta sotib olgani, lekin undagi sharoitlar puliga arzimasligini aytib video qilgan edi. Shundan keyin rasmiylar vagon kuzatuvchilar va poyezd boshlig‘iga intizomiy jazo qo‘llagandi.
Poyezdlarda pul evaziga yaxshiroq joyga o‘tib olish mumkinligi, o‘sha “yaxshiroq” joylarda ham sharoitlarning ba’zan qoniqarsiz bo‘lishi – yangilik emas. Temiryo‘l sohasida haftaning asosiy yangiligi – 10 oktyabr kuni imzolangan qarorda keltirilgan. Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab, yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish, yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlari tariflarini – oddiyroq aytganda poyezd chiptalari narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatiladi, narxlarni bozor tamoyillari asosida belgilashga o‘tiladi.
Bundan tashqari, “O‘zbekiston temiryo‘llari” negizida ma’lum faoliyat yo‘nalishlariga ixtisoslashgan “Temiryo‘lekspress”, “Temiryo‘lkargo”, “Temiryo‘linfratuzilma” kabi 6 ta kompaniya tashkil etiladi. Koreyadan “Afrosiyob” kabi yuqori tezlikda harakatlanuvchi 6 ta elektropoyezd, Chexiyadan 30 ta elektropoyezd sotib olinadigan bo‘ldi. Buning uchun Koreya hukumatidan 185 mln yevro, chex banklaridan 350 mln yevro miqdorida davlat kafolati ostidagi kreditlar olinadi. Shuningdek, fuqarolarning markaziy vokzallar hududiga avtomobilda kirib borishiga ruxsat berish masalasi ko‘rib chiqiladi. Toshkent, Samarqand va Qo‘qon vokzallari boshqaruvi xususiy investorlarga topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, shu yil 20 oktyabrdan boshlab, mahalliy yo‘nalishlardagi poyezdlarda chipta narxlari 50 foizga, “Afrosiyob” chiptasi narxlari esa 100 foizga oshiriladi. Mas’ullar buni narxlar 4-5 yildan buyon o‘zgarmay kelgani, lekin bu vaqt davomida inflsiya hisobiga tannarx xarajatlari oshib borgani bilan izohlagan.
Qo‘shtepa kanalining uchdan bir qismi ishga tushirildi
Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining birinchi uchastkasi qurilishi yakunlandi. Kanalning 108 km.lik birinchi qismi 1,5 yil davomida qurilib, 11 oktyabr kuni tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Kanal O‘zbekistonning takliflariga qaramay, betonlashtirilmagan.
Ayni paytda, “Tolibon” 177 km.lik ikkinchi bosqich qurilishi boshlanganini ham e’lon qildi. Qo‘shtepa kanalining umumiy uzunligi 285 km.ni tashkil etib, Afg‘oniston shimolidagi 50 ming gektargacha yerni sug‘orish imkonini beradi, biroq Amudaryo suvining kamayishi orqali O‘zbekiston va Turkmaniston qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Loyihani to‘liq yakunlash 2028 yilga mo‘ljallangan.
Xalqaro huquqqa ko‘ra, transchegaraviy daryolardan foydalanishga uning o‘zanida joylashgan barcha davlatlar haqli, lekin kim qachon va qancha suv ishlatishini davlatlar kvotalar va boshqa mexanizmlar vositasida o‘zaro kelishib olishi kerak. Baxtga qarshi, Afg‘oniston Markaziy Osiyoda suvdan foydalanishga doir Olmaota deklaratsiyasini ham, BMTning suv konvensiyasini ham imzolamagan.
Boz ustiga, “Tolibon” hukumati tan olinmagan statusda qolmoqda; tan olinish uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan inklyuziv hukumat va xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha o‘z oldiga qo‘yilayotgan talablarni bajarmayapti. O‘zbek diplomatiyasi kanalni birgalikda, suv tejovchi zamonaviy yechimlar asosida loyihalashtirish va qurish bo‘yicha toliblar bilan muzokaralar o‘tkazyapti, lekin hozircha jiddiy natijalarga erishilmagan.
Qo‘shimcha qilish lozim, kuni kecha O‘zbekiston 2400 dan oshiq insonning o‘limiga sabab bo‘lgan Hirotdagi zilzila munosabati bilan afg‘on xalqiga 100 tonna hajmdagi insonparvarlik yordamini yetkazib berdi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
01 777 RRR tarzidagi avtomobil raqami auksionda 893 mln so‘mga sotilib, bu boradagi rekordni yangiladi. Bu joriy kursda 75 ming dollarga teng. Auksion naq 10 kun davom etib, boshlang‘ich summadan 3 barobarga yuqori narx bilan yakunlandi. Eng oxirida ikki nafar da’vogar qolib, ular savdoni 1,5 soat davom ettirdi. Ma’lumot uchun, avvalgi rekord o‘tgan yili o‘rnatilgan, o‘shanda Namangan viloyati uchun mo‘ljallangan 50 777 ZZZ raqami salkam 670 mln so‘mga sotilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev MDHning oliy mukofoti bilan taqdirlandi. Hamdo‘stlikning Bishkekdagi sammiti mezboni Sadir Japarov O‘zbekiston prezidentining mintaqada do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasini e’tirof etdi. Mirziyoyev o‘z nutqida MDH erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini qayta ko‘rib chiqishni taklif etdi. Sammitda qator hujjatlar, xususan rus tili bo‘yicha xalqaro tashkilot tuzish to‘g‘risida bitim imzolandi.
UzAuto Motors Captiva-5 narxlarini e’lon qildi. Oktyabr oyi oxiridan bu model 300 mln so‘mdan 350 mln so‘mgacha narxda sotuvga chiqariladi. Shuningdek, kompaniya Lacetti, Cobalt va Damas uchun shartnomalar yil oxirigacha boshqa ochilmasligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Avvalroq e’lon qilingan Lacetti ishlab chiqarishning to‘xtatilishi ehtimoliga esa aniqlik kiritilmayapti.
Andijon davlat universitetida qariyb 40 mlrd so‘m talon-toroj qilingan. Bu – 3 mln dollardan ortiq degani. Hisob palatasining aniqlashicha, universitetda 9 mingga yaqin talabaga 25 mlrd so‘m ortiqcha stipendiya hisoblanib, to‘lov qaydnomalari soxtalashtirilgan. Bundan tashqari, talabalar to‘lagan 9,3 mlrd so‘m kontrakt summalari universitet hisobraqamiga kirim qilinmagani aytilmoqda. Hujjatlar huquq organlariga yuborilgan.
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2024
Piskentdagi ko‘rgilik, panel importiga cheklov va Yevropani yoritadigan O‘zbekiston - hafta dayjesti
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024