O‘zbekiston | 18:07 / 16.10.2023
11717
3 daqiqa o‘qiladi

Oshirilishi kutilayotgan temiryo‘l chipta narxlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin

Matbuot anjumanida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ bo‘lim boshlig‘i Jahongir Davletov stavkalar qayta ko‘rib chiqilishini, bu jarayonda aholining murojaatlari inobatga olinishini ma’lum qildi. Tadbirdan so‘ng, u Kun.uz'ga bergan intervyusida bu haqda batafsil gapirib berdi.

O‘zbekistonda 20 oktyabrdan boshlab mahalliy yo‘nalishlardagi tezyurar poyezdlar chiptalari narxining tarif qismi 1,5 barobarga, “Afrosiyob” poyezdlari uchun esa to‘liq 2 barobarga oshirilishi belgilangan. Shu bilan birga, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ Strategik rejalashtirish va biznesni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Jahongir Davletovning aytishicha, 20 oktyabrdan keyin bir yarim oy davomida yangi narxlar qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

“Bizda shunday tizim joriy qilinganki, chipta sotish e’lon qilingan kundan 45 kungacha bo‘lgan muddatda chipta olish mumkin. O‘sha muddatda bizda 1 oydan ko‘proq vaqtimiz bo‘ladi. Bu vaqt davomida narxlar oshiriladi, faqat belgilangan tartib-qoidalar va ishlab chiqilgan hisob-kitob asosida”,– dedi Davletov Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Shuningdek, Davletov tezyurar poyezdi chipta narxlari yo‘lovchilar uchun 50 foizga oshirilmasligini, bu fuqarolarga 30-35 foiz qimmatroqqa tushishini ma’lum qildi.

“Bu [tezyurar poyezd chipta narxlarinig] 50 foizga oshishi aslida tarif qismidan oshiriladi. Ya’ni servis qismlaridan bu narx qimmatlashmaydi. Umumiy hisobda bu narsa yo‘lovchi uchun 30-35 foiz oshirilishi mumkin.

Chiptaning 100 foiz qismi emas, faqatgina tarif qismi harakat tarkibini yangilash va infratuzilmani oshirishga qaratilgan qismi oshiriladi, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat bundan mustasno.

Hozirgi vaqtda 200 dan ortiq narximiz bor, buning ichidan nisbiy aytilsa, ko‘proq deb tushunilishi mumkin, aniq aytaman desangiz, qo‘limizga 200 ta raqamni tasdig‘ini topishi kerak. 200-250 ta narx bor, bekatlarimiz soni qancha? Har bir stansiyaning tariflari bor, shuning uchun ularning har bir narxini sanab o‘tish imkonsiz. Foizlarda aytsak, e’lon qilingan 50 foiz oshirilishi yo‘lovchi uchun 30-35 foizni ko‘rsatishi mumkin”,– deydi Jahongir Davletov.

Avvalroq temiryo‘l sohasi rasmiylari matbuot anjumani o‘tkazib, sohadagi muammolar va chipta narxlari bo‘yicha savollarga javob bergan edi.

O‘tgan hafta imzolangan prezident qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab tezyurar poyezdlarda tariflarni davlat tomonidan tartibga solish amaliyoti to‘xtatiladi.

Mavzuga oid