“Sobiq farzandlar bo‘lmaydi” – MIB vakili ajrimlardan jabrlanayotgan yuz minglab bolalar haqida
Bizda ajrashgan er-xotinlar sudni juda yomon qabul qiladi, ko‘pchiligi qasdlashish oqibatida aliment to‘lamay qo‘yadi. Natijada bolaning keyingi hayotini o‘ylab, uning ta’minoti va tarbiyasi borasida kelishuv qilinmaydi, “ajrashish madaniyati” yetishmaydi, deydi MIB bo‘lim boshlig‘i Nasimxon Burxonov. Ma’lum qilinishicha, bugun kunda MIB ijrosida o‘rtacha 300 mingta aliment ishi bor, har bir xodimga oyida 100 tadan aliment ishi to‘g‘ri kelmoqda.
Kun.uz muxbiri Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bo‘lim boshlig‘i Nasimxon Burxonov MIB faoliyati yuzasidan suhbat uyushtirdi. Burxonov MIB ijrosida bo‘lgan kichik ishlar va oilaviy-maishiy masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
— Chet ellik, ya’ni yevropalik hamkasblarimiz bilan muloqotda sizlarda ham aliment bo‘yicha muammolar bormi, deb so‘raganmiz. Ular bizda bunday hujjatlar deyarli yo‘q, deb javob bergan. Chunki ularda ajrashish bo‘yicha ham madaniyat shakllangan. Er-xotin birga yasholmasa ham, bolalarining taqdiri, keyingi kelajagi masalasida kelishuvga erishadi. Aytishadi-ku, sobiq er yoki xotin bo‘lishi mumkin, lekin sobiq farzandlar bo‘lmaydi. Sud ham shu madaniyat doirasida bo‘ladi. Qonunchilikda aliment to‘lash bo‘yicha notarial tasdiqlanadigan kelishuv ham bor.
Bizda esa sobiq er-xotinlar sudni juda yomon narsa sifatida qabul qilib, battar o‘chakishib, dushman bo‘lib qoladi. Aliment to‘lamaslik ham o‘chakish oqibatida yuzaga keladi. O‘rtada bolalar taqdiri qolib ketadi. Shuning uchun kelishuv institutlarini shakllantirish kerak. Biz yana bir amaliyotni yo‘lga qo‘ydik. Arzimagan sabablarga ko‘ra ajrashib ketgan, hozir sarson bo‘lib yurgan er-xotinlarni yarashtiryapmiz, garchi vakolatimizga kirmasa-da. Agar oilani umuman saqlab qolish imkoni bo‘lmasa, ajrashishlarda ikki tomonga rag‘batlar berib, kelishuvga imkon yaratib, madaniyat bilan ajrashadigan qilish kerak. Aliment undirish – qonunbuzarlikka moyil, haqiqiy to‘lamayotganlardan bo‘lishi kerak. Prinsipiallik qilib atay to‘lamay yurish... [bo‘lmasligi kerak]. O‘zi umuman, aliment, kommunal to‘lov, haydovchilar jarimasi kabilar MIBgacha yetib kelmasligi, boshqacha mexanizm bo‘lishi kerak. Chunki bu turdagi undirishlar davlat va fuqarolar o‘rtasida taranglik keltirib chiqaradi. Bizning yuklama ham kamayar edi. Hozirda MIBda ham zamonaviy ishlash tizimlariga o‘tilyapti masalalarni oson hal qilish uchun.
– Suhbat davomida aytdingiz, undiruvda mayda ishlar soni judayam ko‘p. Umuman MIBda kichik summadagi va maishiy-oilaviy masalalar bilan bog‘liq ish hujjatlari qanchani tashkil qiladi?
— Aksariyatining summasi 1 mln so‘mgacha ham yetmaydigan undiruvdagi ishlar umumiy undiruvning deyarli 50 foizini tashkil qiladi. Bunday turdagi ishlarni soddalashtirish ko‘zda tutilyapti. Ya’ni telefon orqali ogohlantirish yoki ish haqidan yechib olish. Ish haqidan ushlab qolishda 5 kun oldin ogohlantiriladi, shu vaqt ichida to‘lamasa, ish haqidan ushlab qolinadi. Va ish haqidan ushlanadigan qarzlar eng kam oylik ish haqi miqdoridan ko‘p bo‘lmasligi kerak, bundan tashqari, ushlab qolinadigan summa oylik maoshining 50 foizidan oshib ketmasligi kerak. Joriy yilning 8 oyida 3 mln 700 ming ijro hujjatlari bo‘lgan bo‘lsa, shularning 1,5 mlndan ortig‘i mana shunday mayda qarzdorlik hujjatlari.
Tahlil qilsak, bunday muammolarni hal qilish oson. O‘zimizga o‘zimiz muammoni ko‘paytirib yotibmiz. Yo‘l harakati bilan bog‘liq jarimalar haddan tashqari ko‘payib ketgan, bizga ham bosim bu. Balki radarlar ko‘payib ketgani uchundir. Aqlli chorrahalar, balli tizim va shu kabi muammo yechimiga qaratilgan ishlar bo‘lishi kerak. O‘zimizga o‘zimiz muammo yaratamiz, ijrochilar yuguradi, keyin sodda tizimlar o‘ylashga tushamiz — shunaqa. Bu tarafda haqiqiy yechilishi kerak bo‘lgan ishlar bor bizda ham.
Aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari o‘rtacha 300 mingta bo‘ladi, aniq son aytolmayman, chunki har kuni o‘zgaradi. 2,5 mingta xodim bo‘lsa, hay oyda har bir xodimimizga birgina aliment hujjati 100 oshiq to‘g‘ri kelyapti. Bu ancha katta yuklama, hali boshqa ishlar ham bor. Aliment — farzand 18 yoshga to‘lguncha to‘lanadi, ish to‘xtamaydi. Ijrochi 18 yil davomida har oy bitta ishni qilishi kerak. Lekin, afsuski alimentlar 18 yilda ham to‘xtamaydi, undan keyin ham yana qayerdadir ajrashish bo‘ladi va yana bir bola bu zanjirga qo‘shiladi. O‘zi bu ajralishlar oilaga taalluqli barcha tashkilot, jamoatchilik uchun ham katta muammo.
Ajrashishlar sabablari juda ko‘p, soatlab gapirish mumkin. Arzimagan sabablar bor, oilaga tayyor emaslik, uchinchi shaxs aralashuvlari. To‘g‘ri, bu bizning ish emas, lekin bu narsalarni ko‘rib yuribmiz. Bunday ishlarning ijro hujjatlarini esa 70-80 foizgacha kamaytirish mumkin. soddalashtirish, alternativalar orqali. Qo‘polroq bo‘lsa ham, aytaman, ajrashish madaniyatini shakllantirish kerak. Er-xotin farzandi kelajagini o‘ylab, kelishuv institutlari ishlashi lozim.
To‘liq intervyu bilan yuqoridagi video orqali tanishishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov
Mavzuga oid
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
07:37 / 08.11.2024
202,9 mlrd so‘mlik ijro ishlarini asossiz ravishda tugatgan MIB mansabdorlari aniqlandi
16:17 / 02.11.2024
Andijonda ishchidan alimentdan qarzini ushlab qolmagan fermer jarimaga tortildi
17:12 / 30.10.2024