Jahon | 21:41 / 17.10.2023
29498
5 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiya qo‘shinlariga qarshi ilk bor ATACMS raketalarini qo‘lladi

Ukraina harbiylari Berdyansk va Luhanskda rossiyaliklarning to‘qqiz vertolyoti yo‘q qilinganini aytmoqda.

Foto: Serhii Mykhalchuk / Global Images Ukraine / Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari 17 oktyabr kuni ilk bor Rossiya qo‘shinlarining okkupatsiya ostidagi hududlardagi pozitsiyalariga uzoq radiusda harakatlanuvchi ATACMS raketalari bilan zarbalar yo‘lladi. Bu haqda dastlab The Wall Street Journal gazetasi o‘z manbasiga tayanib xabar tarqatgan, bu ma’lumotni The New York Times va Politico ham tasdiqlagan.

Ukraina AQShdan ATACMS raketalarining kassetali o‘q-dorilar bilan ta’minlangan variantini qabul qilib olgan. WSJ ma’lumotiga ko‘ra, AQSh bir necha kun oldin Ukraina qarshi hujumining muhim bosqichida Kiyevning Rossiya kuchlariga uzoq masofadan zarba berish qobiliyatini oshirish uchun Ukrainaga oz sonli raketalarni yashirin ravishda yuborgan. Bu raketalarning harakatlanish radiusi 160 kilometr atrofida. Ayrim ATACMS ballistik raketalari 300 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni ham aniq ura oladi. NYT manbasi esa Ukraina qurolli kuchlariga yetkazib berilgan bu raketalarga kassetali o‘q-dorilar o‘rnatilgani haqida ma’lum qilgan. Nashrning AQShdagi manbasi raketalar RF qo‘shinlari nazorat qilayotgan hududlardagi muhim aviabazalarga zarbalar yo‘llashda qo‘llangan. Oliy Rada deputati Oleksiy Goncharenko ham shu haqda yozgan: «Demak, ATACMS allaqachon bizda». U raketalar Berdyanskdagi aerodromga borib tushganini tasdiqlagan.

Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinlari tomonidan okkupatsiya qilingan Luhansk va Berdyansk shaharlaridagi aerodromlarga zarba yo‘llanganini ma’lum qilgan. Ukraina maxsus operatsiyalar kuchlari «Ninachi» (Dragonfly) operatsiyasi doirasida mazkur aerodromlarga yo‘llangan zarbalar oqibatida rossiyaliklarning 9 ta vertolyoti, havo hujumidan mudofaa kompleksining raketa uchirish qurilmasi, maxsus texnikalar va o‘q-dori omborlari yo‘q qilingani, uchish-qo‘nish polosalari shikastlangani haqida ma’lumot bergan. Zarbalar oqibatida hududda bo‘lgan o‘nlab kishilar halok bo‘lgani va yaralangani qo‘shimcha qilingan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 17 oktyabr kun yakunlari bo‘yicha videomurojaatida AQShga minnatdorchilik bildirgan: «Bizning prezident Bayden bilan kelishuvlarimiz bajarilmoqda. Ular bexato amalga oshirilmoqda — „atakamslar“ o‘zini ko‘rsatdi».

Rossiya va Ukrainadagi telegram-kanallarda Berdyanskda olingani aytilgan fotosuratlar tarqalgan. Suratlarda ATACMS raketalari parchalari aks etgan. Bu tasvirlar haqiqiyligining tasdig‘i yo‘q. RF mudofaa vazirligi Berdyansk va Luhanskka yo‘llangan zarbalar yuzasidan izoh bermagan.

Ukraina AQShdan ATACMS raketalarini yetkazib berishni 2022 yil fevralida Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon so‘rab kelardi. Avvaliga AQSh hukumati ukrain harbiylari bu raketalardan Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba yo‘llashi va bu oldindan aytib bo‘lmaydigan eskalatsiyaga olib kelishi mumkinligidan xavotirlangan holda bunday qurollar yetkazib berilishiga qarshi edi. Ukraina hukumati esa bunday raketalarni Rossiyaning xalqaro tan olingan hududi bo‘ylab zarba berishda qo‘llamaslikka va’da bergandi. Ukraina bu raketalar o‘z harbiy rejasini amalga oshirish va front ortidagi – Rossiya nazoratidagi hududlarda joylashgan nishonlarga zarba berish uchun zarur ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Jo Bayden va Volodimir Zelenskiy o‘rtasida 2023 yil 21 sentabr kuni Vashingtonda o‘tkazilgan uchrashuvda, OAV ma’lumotiga ko‘ra, amerikaliklar prezidenti uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalarni yetkazib berishga tayyorligini bildirgan. AQSh armiyasi 3 oktyabr kuni Bayden ma’qullashi bilan Ukrainaga ATACMS raketalarini yuborishga tayyorligini ma’lum qilgandi. AQSh bu raketalar yetkazib berilgani haqida rasman xabar qilmadi.

Mustaqil harbiy tahlilchi Kolbi Badhvarning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani yetkazib berish uchun o‘zining 1138 ta muddati o‘tmagan raketa zaxirasidan foydalanishi kerak. Dastlab, AQSh 63 dona ATACMS M57 raketalarini yuborishi mumkin, ularning yaroqlilik muddati 3 yildan keyin tugaydi. Biroq, tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, «Rossiyaning ort qismiga har qanday aniq operatsion va strategik ta’sir ko‘rsatish» uchun Ukrainaga kamida 200 ta raketa kerak.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid