O‘zbekiston | 18:04 / 18.10.2023
24805
8 daqiqa o‘qiladi

“Ular bir nechta” – siyosatshunos O‘zbekistonning “Tolibon”ga ta’sir richaglari haqida 

Siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov Kun.uz’ga bergan intervyusida “Tolibon” qurayotgan Qo‘shtepa kanali va o‘zaro muzokaralarda O‘zbekistonning ta’sir richaglari haqida gapirdi. 

— Suhrob aka, “Tolibon”ning Qo‘shtepa kanalini qurishdan maqsadi Afg‘oniston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va bu orqali hukumat yashovchanligini oshirish.

O‘tgan chorshanba kuni kanal qurilishining ikkinchi bosqichiga start berilarkan, u yerda bosh vazirning 2-o‘rinbosari Abdulsalom Hanafiy tomonidan “qo‘shnilarimiz bundan xavotir olmasin. Xudo xohlasa, Amudaryodan qancha foydalansak ham, baribir Afg‘oniston haqli bo‘lgan darajaga yetmaymiz”, – degan fikr aytildi. Sizningcha, bugungi “Tolibon” va’dalariga qanchalik ishonish mumkin? 

— Bu yerda masalaning siyosiy oqibatlari ham bor. Abdulhafiz Hanafiyning faqat o‘zi bu fikrlarni aytmadi, undan tashqari bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, mudofaa vaziri, ichki ishlar vaziri, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarlari ham shu ma’nodagi bayonotlar berdi. Bu fikrlar orasida birinchi bor qo‘shni davlatlarning suvga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash va suvdan qurol sifatida foydalanmaslik uchun diplomatik choralar ko‘ramiz, degan fikr ham bildirildi. “Tolibon”ning kanal borasida diplomatik yo‘llar haqida birinchi gapi bo‘ldi bu. Oldin bunday fikrlar yangramagan edi.

O‘tgan 2 yilni sarhisob qilsak, “Tolibon” dunyo hamjamiyatiga bergan biror va’dasini bajarmadi. Ayniqsa, qo‘shni davlatlar hududiga tahdid bo‘lmasligi haqidagi gaplar o‘zini oqlamayapti, chunki deyarli barcha qo‘shni davlatlar bilan muammolar vujudga keldi.

“Tolibon”ning energetika va suv xo‘jaligi vaziri biz suv bo‘yicha konvensiyalarni ratifikatsiya qilmaganmiz va xohlagancha foydalanamiz, degan ma’noda ham gapirdi. Mana shu tomoni xavotirli. “Tolibon” kanalni qurib bo‘lgach, undan istaganicha foydalanishi va eng yomoni — siyosiy ta’sir vositasiga aylantirishi mumkin. Siyosiy ta’sirdan ham yomonrog‘i esa geosiyosiy ta’sir. Kanal qurilishini “Tolibon”ning o‘zi hech qachon amalga oshirolmaydi. Bu loyiha “Tolibon” hukumatga kelishidan oldin ishlab chiqilgan va bu ularni hokimiyatga olib kelgan kuchlar tomonidan qilingan.

— Hozirgi jarayonlarda O‘zbekiston tomonining diplomatiyasi qanday ishlayapti, degan savol ham o‘rtaga tashlanishi kerak. Bugun ikki tomonlama muloqotlar davom etmoqda. To‘g‘ri, o‘rtada juda katta masala uchun ishlanmoqda va muloqotlar oson bo‘lmasligini tushunamiz. Lekin biz OAV sifatida bu jarayonni so‘roqlashga, ishlarning borishi haqida ma’lumot olib turishga haqlimiz. Shu ma’noda, muzokaralar juda sekin ketyapti, natija ko‘rinmayapti, diplomatlar jarayonlar haqida parlament qo‘shma palatasi oldida katta hisobot berishi kerak, degan tanqidlarga qanday qaraysiz?

— Bir narsa aniq, “Tolibon”ning ortida katta kuchlar turibdi. Ular bilan murosaga kelish, muloqot qilish oson kechmaydi. Kanal loyihasiga “Tolibon”ning salohiyati yetarli emasdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq Afg‘oniston hukumati davrida AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan loyihalashtirilgan va tuzilmasi ishlab chiqilgan. So‘nggi bo‘lgan voqealar ham shundan darak beradi. Afg‘onistondan Eronga o‘tuvchi Hilmand daryosidagi Bandi Kamolxon to‘g‘onini “Tolibon” hukumati to‘sib qo‘ydi. Ikki o‘rtada katta mojaro kelib chiqdi. Ba’zi “Tolibon” vakillari biz Tehronni ham egallashimiz mumkin, degan fikrlarni aytdi. Ya’ni vaziyatni urush darajasigacha ko‘taryapti. Bu mojaro va unda aytilgan fikrlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham ma’lum ma’nodagi signal hisoblanadi. Eronning mintaqadagi ta’sir mexanizmiga qarshi kurashmoqchi bo‘lgan kuchlar bu loyihadan manfaatdor. Birinchi navbatda AQSh. AQSh Afg‘onistondan chiqib ketgach, Markaziy Osiyoga ta’sir mexanizmini ishlab chiqish zarurati mavjud edi. Ko‘p bosqichli muzokaralar maxfiy o‘tkazilgandi. Hali yakun nima bo‘lishi noaniq.

Fikrimcha, “Tolibon” Markaziy Osiyo mintaqasiga qoldirilgan “Troya oti”. Hali ko‘p boshog‘riq bo‘ladi Markaziy Osiyo uchun.

Xitoy Afg‘onistonda ko‘plab loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor. Ammo aynan Qo‘shtepa masalasida manfaatdor emas, chunki Xitoy Eron va Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni yomonlashtirishni istamaydi. Chindan ham, Xitoy Afg‘onistondagi loyihalarni moliyalashtiryapti, ammo loyihani ishlab chiqishda, uni geosiyosiy ta’sir mexanizmiga aylantirishda Xitoyning qo‘li yo‘q.

Voqealar ssenariysini tahlil qiladigan bo‘lsak, bunda ayrim Fors ko‘rfazi arab monarxiyalarining ham qo‘li bor.

O‘zbekiston diplomatiyasi sekin ishlayotgandek ko‘rinishi mumkin. Lekin diplomatiyada birorta muzokara o‘tkazish oson ish emas, ayniqsa “Tolibon” kabi xarakterdagi hukumatlar bilan. Menimcha, diplomatlarimiz harakat qilyapti, lekin “Tolibon” rozi bo‘lmayapti. Qancha harakat qilgan sari talablar qo‘yyapti.

Xo‘sh, qanday ta’sir richaglarimiz bor? Bilasiz, bir muddat avval O‘zbekiston o‘z hududidan o‘tadigan temiryo‘lni vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi, natijada qo‘shnilarimiz birinchi marta muammolarni diplomatik yo‘l bilan hal qilamiz degan bayonot bera boshladi. Bizdagi ta’sir vositalarimizdan birinchisi — temiryo‘l. BMT ma’lumotiga ko‘ra, bugun Afg‘onistonning 60 foizga yaqin aholisi (28 mlnga yaqin) gumanitar ehtiyojga ega. Gumanitar yuklar esa faqat O‘zbekiston orqali o‘tyapti. Shu yo‘laklar shunday to‘xtatilsa, ular biz bilan hisoblashishga o‘tadi. Bundan tashqari, elektr energiyasi orqali ta’sir ham bor, ya’ni Kobulga uzluksiz elektr bizdan boradi.

Yana bir qaltis bo‘lgan vositamiz bor — Afg‘oniston o‘zbeklari. Ular har tomonlama bizga bog‘liq. Balki shu masalani ham o‘rtaga olib chiqish vaqti kelgandir. Bitta ta’sir vositasi bir marta qo‘llangach, ta’siri kamayadi, immunitet hosil qiladi qarshi tomon. Shuning uchun diplomatiyada ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak. Muzokara suvni to‘g‘ri taqsimlashga qaratilishi kerak, agar harbiy yechimlar o‘rtaga tashlansa, xuddi Eronga bo‘lgan tahdidlar bo‘ladi bizga ham.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid