Jahon | 21:53 / 20.10.2023
14809
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyevning sobiq qudasi davlatga neft koni, yoqilg‘i quyish shoxobchasi va zavodni qaytardi 

U 6 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. 

Qayrat Bo‘ronboyev

Qozog‘iston birinchi prezidentining sobiq qudasi, sudlangan oligarx Qayrat Bo‘ronboyev neft koni, gaz taqsimlash stansiyasi, quvur ishlab chiqarish hamda neft-gaz uskunalarini ta’mirlash zavodini davlat tasarrufiga o‘tkazdi. Bu haqda Moliyaviy monitoring agentligi ma’lum qildi. 

«Moliyaviy monitoring agentligi Qayrat Bo‘ronboyevning tergov bilan ixtiyoriy hamkorligi doirasida uning aktivlarini davlat tasarrufiga qaytarish choralarini ko‘rmoqda», deyiladi xabarda. 

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, qiymati 74,2 mln dollar bo‘lgan «Qorajonbos severniy» neft koni, 29,3 mln dollar bo‘lgan «Aziya Gaz Chundja» gaz taqsimlash kompaniyasi, 18,8 mln dollar bo‘lgan «Servisnyy Tsentr KazTurboRemont» zavodi davlat tasarrufiga o‘tkazilgan. 

Moliyaviy monitoring agentligi, jumladan, xorijdan aktivlarni qidirish va qaytarish bo‘yicha ishlar davom etayotganini ma’lum qildi. 

Qayrat Bo‘ronboyev Qozog‘istonning eng boy va nufuzli 50 nafar tadbirkori qatoridan joy olgan. Uning qizi sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning nabirasi Oysultonga (2020 yil avgust oyida vafot etdi) turmushga chiqqan edi. 

2022 yil mart oyida Bo‘ronboyev «Qazaq Gaz» milliy kompaniyasidan yirik miqdordagi mablag‘ni o‘g‘irlaganlikda ayblanib, hibsga olindi. 

2023 yil sentabr oyida Moliyaviy monitoring agentligi Bo‘ronboyev ixtiyoriy ravishda 90 milliard tengedan (195,4 million dollar) ortiq mol-mulkni davlatga qaytarib berganini ma’lum qildi. 

Buni inobatga olgan sud sentabr oyi o‘rtalarida Bo‘ronboyevni 6 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Mavzuga oid