Iqtisodiyot | 22:52 / 21.10.2023
35097
9 daqiqa o‘qiladi

Narxi “oshmagan” AI-80, yupqalashayotgan “xavfsizlik yostiqchasi”, qimmatlashgan Lacetti va Cobalt - “Iqtisodiy taymlayn”

UzAuto Motors sotuvda yo‘q avtomobillar narxini oshirdi, oltin-valuta zaxiralari ketma-ket 6 oydirki kamaymoqda, AI-80 benzini narxi oshmadi, ammo topilishi qiyin bo‘lib qoldi. Humo’da yana muammo. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa iqtisodiy yangiliklari – “Iqtisodiy taymlayn”da.

4,7 mlrd dollarga qisqargan  “xavfsizlik yostiqchasi”

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ketma-ket oltinchi oy ham kamaydi. 1 oktyabr holatiga, xalqaro aktivlar 31,04 mlrd dollargacha qisqargan. Bu – 2020 yil 1 apreldan buyon qayd etilgan eng minimum ko‘rsatkichdir. 

Sentyabr oyi davomida rasmiy zaxiralar tarkibidagi xorijiy valuta miqdori 8,7 mlrd dollardan 7,4 mlrd dollarga kamaygan. Bu O‘zbekistonning valutadagi aktivlari miqdori e’lon qilina boshlagan 2018 yildan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Oltinning fizik hajmi esa 12,1 mln troya unsiyadan 12,3 mln troya unsiyaga ko‘paygan bo‘lsa-da, qiymati 23,43 mlrd dollardan 23,05 mlrd dollarga qisqargan. Bu bevosita jahon moliya bozorida oltin narxining arzonlashishi bilan bog‘liq. 

O‘sib borayotgan savdo taqchilligi va budjet defitsiti sababli joriy yil boshidan beri zaxira aktivlari umumiy hisobda 4,7 mlrd dollarga qisqargan.

Narxi qimmatlashgan, ammo sotuvda “yo‘q” avtomobillar

UzAuto Motors bir qator ommabop avtomobillarning narxlarini oshirdi. Xususan, Lacetti, Damas, Labo va Cobalt kabi modellari narxlari 4,7 mln so‘mdan 9 mln so‘mgacha qimmatlashdi. Biroq kompaniya bu haqida haligacha rasmiy ma’lumot bermadi.

Komplektatsiyalarning narxlari quyidagicha oshirilgan:

  • Lacetti L-Style Plus AT — 160 mln 868 ming so‘mdan 169 mln 118 ming so‘mga;
  • Damas D2 DLX Style Plus — 92 mln 204 ming so‘mdan 96 mln 932 ming so‘mga;
  • Labo LB2 Plus: 91 mln 669 ming so‘mdan 96 mln 370 ming so‘mga;
  • Cobalt GS-Style Plus MT — 113 mln 711 ming so‘mdan 119 mln 542 ming so‘mga;
  • Cobalt GX-Style Plus AT — 134 mln 294 ming so‘mdan 141 mln 181 ming so‘mga.

2023 yildan boshlab UzAuto Motors’ning yashirin imtiyozlari bekor qilinib, barcha soliq va yig‘imlarini to‘lashga o‘tishi taxmin qilingandi. Ammo, bu borada oldinga qadam tashlanmadi. Birgina joriy yilning o‘tgan 9 oyida budjetga to‘lanmagan utilizatsiya yig‘imining miqdori bir necha trln so‘mni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya ommabop modellari sotuvini 8 oylik tanaffusdan keyin shu yil avgust oyi boshida qayta tiklagan, o‘shanda avtosalonlarda kuzatilgan ajiotaj fonida 50 mingdan ortiq avtomobil uchun shartnomalar bir sutka ichida tarqatib bo‘lingani aytilgandi. Keyinroq, 18 sentabr kuni qo‘shimcha shartnoma berish boshlangani xabar qilindi, biroq oradan 2 soat o‘tar-o‘tmas 28 mingta shartnoma tugagani, jarayon esa to‘xtatilgani ma’lum bo‘ldi.

Issiqxonalarga gaz yetkazib berish davom ettiriladi

Sovuq kunlar yaqinlasha boshlashi bilan issiqxonalarni gazdan uzish va ko‘mirga o‘tkazish masalasi yana kun tartibiga qaytdi. Iqtisodchi Yuliy Yusupov bu tadbir issiqxonalarning rentabelligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shuningdek, tarmoqning qarz yukini yanada oshirishi mumkinligi haqida yozdi. Ijtimoiy tarmoqdagi turli muhokamalar fonida Qishloq xo‘jaligi vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, 2023-2024 yilgi kuz-qish mavsumi uchun aholi gaz tarmog‘iga ulanmagan issiqxonalarga gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzish ishlarini boshlangan. Bunda tadbirkor gaz ta’minotidan foydalanishi uchun raqamli o‘lchov hisoblagich o‘rnatishi, zaxira yoqilg‘iga ega bo‘lishi hamda oldindan bo‘nak to‘lovini amalga oshirishi talab qilinadi. Yetkazib beriladigan gaz narxi esa 1 kub uchun 1500 so‘mni tashkil qiladi.

Narxi “oshmagan” AI-80 

Raqobat qo‘mitasi AYoQShlarga birjadan AI-80 benzinini xarid qilishida kuniga 10 tonnalik limit belgilangani haqidagi xabarlar tarqaldi. Buning ortidan tarmoqlarga 1 noyabrdan boshlab ushbu markadagi benzin narxining qimmatlashishi haqidagi postlar joylashtiriladi.

“O‘zbekneftgaz” bu xabarlar asossiz ekanini, jamiyat tasarrufidagi AYoQShlarda narxlar eski belgilangan tartibda amalga oshirilishini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Raqobat qo‘mitasi ham ayni paytda tovar-xomashyo birjasi orqali yoqilg‘i sotishga hech qanday cheklovlar kiritilmaganini bildirdi. Rasmiy doiralarda inkor qilinayotgan bo‘lsa-da, oxirgi kunlarda ayrim AYoQShlarda AI-80 benzini bilan bog‘liq taqchilliklar kuzatilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2022 yil dekabr oyida gaz “zapravka”lar faoliyatiga cheklov qo‘yilish ortidan benzinga talab keskin oshib ketgandi. Shundan so‘ng 2022 yil 10 dekabrdan AI-80 avtobenzini uchun aksiz solig‘i nol stavkada qo‘llanishi va birjada narxlar o‘sish darajasi cheklanishi belgilangandi. Keyinroq, soliq imtiyozlarini qo‘llash muddati 2023 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi. Shunday bo‘lsa-da, bir muddat 5500 so‘mgacha arzonlashgan AI-80 ma’lum muddatdan so‘ng yana 6800 so‘mgacha qimmatlashdi.

“To‘liq bo‘lmagan 10 oyda brent kotirovkalariga umuman aloqasi yo‘q 80 benzin 24 foizga qimmatladi, aksizning nollashtirilishi effekti bahor tugamay havoga uchdi. Budjet 4 trln so‘m yutqazgani qoldi xolos. Boshqacha aytganda, budjet yutqazgan 4 trln so‘m monopolistlar cho‘ntagiga borib tushdi”, deya yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Arzonlashgan va qimmatlashgan oziq-ovqat mahsulotlari

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2023 yilning oktyabr oyida Toshkent shahridagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishini ko‘rib chiqdi. 

Monitoring natijalari 8 xil mahsulot bo‘yicha minimal narxlar o‘tgan oydagiga nisbatan pasayganini ko‘rsatgan. Masalan, oq karamning narxi 61,5 foiz, olmaning narxi 15,4 foiz, sariq piyozning narxi 10,3 foiz, makaronning narxi 4,7 foiz, mol go‘shtining narxi 4,6 foiz, o‘simlik moyining narxi 3,1 foiz, limonning narxi 1,6 foiz, bodringning narxi 1,3 foiz pasaygan. Guruch, shakar va margarinning eng past narxlari esa o‘zgarishsiz qolgan.

10 turdagi mahsulot narxlari esa oshgan. Bu borada pomidor yetakchi bo‘lgan. Uning eng past narxi 5950 so‘mdan 9990 so‘mga ko‘tarilgan. Banan va sut narxi ham sezilarli darajada oshgan: ularning narxi mos ravishda 3000 so‘mga va 2110 so‘mga qimmatlashgan.

Temiryo‘l chiptalari narxlarining oshirilishi kechiktirildi

“O‘zbekiston temiryo‘llari”ning 3 oktyabrdagi xabariga asosan, 20 oktyabrdan tezyurar va yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarining chipta narxlari mos ravishda 50 va100 foizga oshirilishi kerak edi. Kompaniya matbuot kotibi Alisher Boltaboyevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu sanadan chipta narxlari oshirilmaydi. Ayni vaqtda tashkilot stavkalarni qayta ko‘rib chiqmoqda. Ammo hozircha chipta narxlari qachon va qanday qiymatda qimmatlashi aniq emas.

Shuningdek, hafta davomida Humo to‘lov tizimi bilan yana muammolar yuz berdi. Bu safar - terminallar orqali to‘lovlarni amalga oshirishda. Eslatib o‘tamiz, oy boshida ham Humo kartalari orqali onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda bir necha kunlik nosozliklar kuzatilgandi.

1 dekabrgacha tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini muntazam ravishda qasddan buzgan iste’molchilarning yagona elektron reyestri joriy etiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilab qo‘yilgan.

Mavzuga oid