Erdo‘g‘an Isroilga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi
Turkiya prezidenti G‘arb mamlakatlarini mojaroni keskinlashtirishda aybladi va Falastin xavfsizligi uchun kafil bo‘lishni taklif etdi. Shuningdek, HAMASni terrorchi tashkilot deb hisoblashdan bosh tortib, uning jangchilarini o‘z yurtini ozod etish uchun kurashayotgan mujohidlar deb bilishini aytgan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an partiyadoshlari bilan uchrashuv vaqtida Isroilga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilishga qaror qilganini aytdi. Hurriyet xabariga ko‘ra, u buni G‘azo sektoridagi vaziyat bilan izohlagan.
«Men Binyamin Netanyahu bilan bir marta qo‘l berib ko‘rishganman. Bu AQShdagi «Turkiya uyi»da bo‘lgandi. Ammo u bizning ezgu niyatimizni suiiste’mol qildi va biz endi Isroilga safar qilishdan bosh tortdik», — degan Erdo‘g‘an.
Turkiya prezidenti G‘azo sektorida bolalar o‘limi uchun mas’uliyatni ham G‘arb mamlakatlari zimmasiga yuklagan. «Hujumni oqlash — G‘arbning qonli tarixi merosidir. G‘azo sektoridagi qirg‘in uchun aybdorlar Isroilga cheksiz yordam ko‘rsatayotganlardir. Ular bu mintaqada hech qachon tinchlik bo‘lmasligini istashadi», — degan Erdo‘g‘an. «Agar biz tinchlik hukm suradigan dunyoni xohlasak, xoch va yarimoy konsepsiyasidan voz kechishimiz kerak. Aks holda bu insoniyat uchun sharmandalik bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Erdo‘g‘an HAMASni terrorchi tashkilot deb hisoblashdan bosh tortishi, uning jangchilarini o‘z yurtini ozod etish uchun kurashayotgan mujohidlar deb bilishini aytgan. Shu bilan birga, turklar hech qachon irqchi bo‘lmaganini yahudiylar barchadan ko‘ra yaxshiroq bilishini ta’kidlagan. «Biz — ortida ming yillik donishmandlik turadigan Turkiya respublikasimiz», — degan u.
Turkiya prezidenti barcha tomonlar zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilishi va G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazilishi uchun Rafah nazorat-o‘tkazish punkti ham ochilishi kerakligini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, Turkiya falastinliklar uchun xavfsizlik kafolati bo‘lishga tayyor. «Mintaqadagi tinchlik butun dunyo tomonidan tan olinadigan mustaqil Falastin davlati barpo etilishiga bog‘liq. Aks holda bunday yakson etuvchi olov qayerga tarqalishi noma’lum», — degan Erdo‘g‘an.
Mavzuga oid
19:34 / 25.11.2024
OAV: Isroil Livanda o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi
19:16 / 25.11.2024
Turkiyada yashirinib yurgan O‘zbekiston fuqarolarini ushlash amaliyoti kuchaytiriladi
18:20 / 25.11.2024
Kiprning NATO yo‘lidagi qadamlari: asosiy to‘siq - Turkiya
16:57 / 25.11.2024