Jahon | 12:30 / 28.10.2023
10873
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda ko‘mir shaxtasidagi portlash tufayli 21 kishi halok bo‘ldi

Qarag‘anda oblastidagi Kostenko nomidagi ko‘mir shaxtasida tunda portlash sodir bo‘lganida shaxta ichida 252 kishi bo‘lgan, ularning 208 nafari yer yuziga chiqarilgan.

Kostenko nomidagi shaxta. Foto: Orda.kz

Qutqarilgan 18 nafar shaxtachiga shoshilinch tibbiy tez yordam zarur bo‘lgan. Ularning 17 nafari ambulator davolanishga yotqizilgan, bir nafariga uyiga javob berilgan.

Ayni paytga kelib, shaxtada 23 nafar shaxtachi qolmoqda. Ulardan 21 nafarining jasadi topilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Avariya ro‘y bergan joyda qutqaruvchilar ishlashmoqda. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, shaxta ichida to‘plangan metan gazi portlagan bo‘lishi mumkin.

«Voqea joyida qutqaruvchilar ishlashmoqda. Shtab tuzishgan. Qarag‘anda oblasti hokimi, «ArselorMittalTemirtau» AJ bosh direktori, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari, Qarag‘anda oblasti prokurori, maxsus huquq tartibot organlari Kostenko nomidagi shaxtada jam bo‘lishgan», — deyiladi rasmiy xabarda.

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham avariya sabablariga aniqlik kiritish va zarur choralar ko‘rish voqea joyiga borgan.

To‘qayev Kostenko ko‘mir koni shaxtasida halok bo‘lgan shaxtachilarning oilalari va qarindoshlari bilan uchrashgan. Prezident avariya sabablari aniqlanishi va qolgan shaxtachilarni qutqarish, halok bo‘lgan va yaralanganlarning oilalariga zarur yordam ko‘rsatilishini ta’kidlagan. 

To‘qayev 29-oktyabrni mamlakatda umumilliy motam kuni deb e’lon qilgan.

Avvalroq prezident To‘qayev haloq bo‘lgan shaxtachilarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan edi. Prezident voqeada jabrlanganlarga tezroq sog‘ayishni ham tilagan.

Qozog‘iston nashrlarining yozishicha, prezident To‘qayev shaxtaga egalik qiluvchi Lakshmi Mittalga qarashli «Arselor Mittal» bilan hamkorlikni to‘xtatishni buyurgan. Hukumatga «ArselorMittalTemirtau» kommpaniyasi bilan investitsion hamkorlik qilishni to‘xtatish vazifasi buyurilgan. 

Mavzuga oid