Jahon | 14:53 / 28.10.2023
31822
11 daqiqa o‘qiladi

SSSR havoga sovurgan pullar – sovetlarning yirik loyihasi nega barbod bo‘lgandi?

Kaspiy dengizining Darband shahri yaqinida joylashgan sohilida bahaybat g‘ayrioddiy harbiy samolyot bor. Hozir undan tomosha obekti sifatida foydalanishmoqda. Bir qaraganda yarim kema, yarim samolyotni eslatuvchi bu eski transport sovetlardan qolgan yodgorlik bo‘lib, o‘z vaqtida uni tayyorlash uchun ancha vaqt va juda katta mablag‘ sarflangan edi.

2020 yilda Dog‘istonning Darband shahri yaqinida Kaspiy dengizi sohilida joylashgan «Vatanparvar» bog‘ida «Lun» deb nomlanuvchi noodatiy eski harbiy transport paydo bo‘ladi.

Yarim kema, yarim samolyot ko‘rinishidagi bahaybat bu transport o‘shandan buyon ko‘pchilik tomoshabinlarning e’tiborini tortib kelmoqda. Hozirda ma’lum miqdorda pul to‘lab uning ichiga kirib tomosha qilish mumkin.

Ma’lum bo‘lishicha, ekranoplan deb ataluvchi bu transport loyihasi bir paytlar amerikaliklar bilan raqobatda ortda qolmaslik uchun ishlab chiqarilgan. Biroq loyiha muvaffaqiyatsiz chiqqan va harbiy transport tuzuk-quruq xizmat qilmasdan yaroqsiz holga kelgan.

So‘ng u uzoq yillar davomida Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan zavodda turadi. Shunda kimningdir xayoliga uni tomosha obektiga aylantirib pul ishlash mumkinligi keladi va transport Darbanddagi bog‘ga olib kelinadi.

O‘shandan buyon avvallari bunday texnikani ko‘rmagan odamlar uzoq joylardan kelib pul to‘lab, bu g‘alati kema-samolyotni tomosha qilib ketishmoqda.

Foto: alamy.com

Amerikaliklar bilan raqobat va behudaga sarflangan pullar

Amerikaliklar bilan raqobat tufayli ishlab chiqarilgan va o‘zini oqlamagan birgina «Lun» ekranoplani emasdi. Bungacha ham juda katta mablag‘ sarflangan loyihalar muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi.

Jumladan, 1960-yillar boshida G‘arb davlatlari tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyoti ustida ish boshlashganda sovetlar ham shunday qilishadi.

Keyinroq AQSh ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kema yaratish loyihasi ustida ishlayotganda sovetlar ham «Buran» kosmik kemasini yaratish uchun harakatga tushadi.

Sovetlar AQShdan ortda qolmaslik uchun harakat qilisharkan, juda katta mablag‘lar sarflab yuborilayotgan turli loyihalar tezda barbod bo‘lardi.

Masalan, yevropaliklarning tovushdan tez uchuvchi «Konkord» samolyotiga muqobil tarzda tayyorlangan 20 ta Tu-144 samolyotidan bittasi bor-yo‘g‘i ikki yil parvoz qiladi.

SSSRda 20 ta tayyorlangan va foydalanilmasdan yaroqsiz holga kelgan tovushdan tez uchuvchi Tu-144 samolyoti
Foto: airliners.net

Oqibatda bu samolyotlarning barchasi yaroqsizga chiqadi va aviatsiya bilim yurtlari hamda muzeylarga topshirib yuboriladi. Shu tariqa Tu-144 uchun sarflangan milliardlab dollar pullar havoga uchadi.

Amerikaning ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kemalaridan ko‘chirib tayyorlangan «Buran»ning taqdiri ham shunday kechadi. Kosmik kema bir marta uchadi va unda nosozlik kuzatiladi. Shundan so‘ng «Buran» boshqa uchmaydi va hozir zanglagan holda qayerdadir yotibdi.

O‘zbekchada «Qirg‘iy» (qush) ma’nosini beruvchi «Lun» ekranoplani ham sovetlar juda katta mablag‘ sarflab yasagan va foydalanmasdan barbod bo‘lgan loyihalardan biri edi.

SSSRda suvda suzuvchi, havoda uchuvchi bu maxsus harbiy samolyot loyihasiga juda jiddiy qarashgan va undan o‘nta tayyorlash reja qilingandi. Biroq uning yagona nusxasi ilk parvozidan ko‘p o‘tmay u yaroqsizga aylanadi. Ikkinchi va uchinchisi chala qolib ketadi.

Amerika dastlabki ekranoplanlarni 1960-yillarda ishga tushirgan. Sovetlar ham ulardan ortda qolmaslik uchun kichikroq ekranoplanlarni yasagandi. Biroq yirik ekranoplanni yaratishda no‘noqlik qilishadi va juda katta pul behudaga sarflab yuboriladi.

Foto: alamy.com

Loyihaning boshlanishi

Suvda ham harakatlana oladigan ulkan samolyot loyihasi ilk bor 1970-yillar boshida loyihalashtiriladi. Biroq uni amalga oshirish kechikib ketadi.

1980 yillar boshida «Lun» ekranoplani Gorkiy (Hozirgi Nijniy Novgorod) shahridagi kemalar ishlab chiqaruvchi korxonada tayyorlana boshlanadi. 1986 yil 16 iyul kuni uni suvga tushirishadi. Lekin hali unda ancha ishlar qilinishi kerak edi.

Sovetlar harbiy maqsadlarda xizmat qilishi kerak bo‘lgan bu texnikadan Kaspiy dengizida foydalanishni rejalashtirishgandi. Uni qo‘shimcha jihozlash uchun Dog‘istondagi Kaspiysk shahrigacha shatakka olib tortib kelishadi.

1987 yil martda «Lun» dastlabki sinovdan o‘tkaziladi. Biroq shundan keyin ham uni foydalanishga topshirish masalasi ikki yilga cho‘ziladi.

1989 yilda so‘nggi sinov o‘tkaziladi. 1990 yilda «Lun» foydalanish uchun Kaspiy dengizidagi 236-kemalar diviziyasiga topshiriladi. Unga «Kaspiy yirtqichi» deb nom berishadi.

Ekranoplanni Darband yaqinidagi Vatanparvar bog‘iga olib kelish jarayoni
Foto: md-gazeta.ru

Biroq oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, 1991 yilda ekranoplandan foydalanish to‘xtatiladi. Sababi, undagi jihozlar mukammal emasdi va tez-tez nosozliklar kuzatiladi.

O‘shanda sovetlar «Lun» kabi ekranoplanlardan o‘ntacha yasab chiqishni reja qilishgan edi. Birinchisi ilk sinovdan o‘tkazilayotganda, ikkinchisi qariyb tayyor bo‘lgan, uchinchisini yasash boshlangandi.

Biroq 1990-yillar oxirida SSSRda yuz bergan moliyaviy inqiroz sababli ekranoplanlarni ishlab chiqarish loyihasi to‘xtab qoladi. Hatto qariyb tayyor bo‘lgan ikkinchisini foydalanishga topshirishning iloji bo‘lmaydi.

Qolaversa, birinchisida nosozliklar kuzatilishi ham keyingilari ustida olib borilayotgan ishlarning to‘xtatilishiga sabab bo‘ladi. Shu tariqa sovetlar tomonidan juda katta pul ajratilgan loyihalardan yana biri hali tuzuk-quruq foydalanmasdan bekor qilinadi.

1991 yilda SSSR tarqab ketgandan so‘ng «Lun»  Rossiya harbiy-dengiz kuchlari ixtiyorida qoladi. Biroq u «charchab» bo‘lgandi. Ko‘p o‘tmay «Lun»ni ta’mirlash uchun Kaspiyskdagi zavodga olib borishadi va ekranoplan uzoq yillar o‘sha yerda qolib ketadi.

Foto: aleksblog.com

2001 yilda Rossiya harbiy-dengiz floti «Lun» loyihasi batamom to‘xtatilganini ma’lum qiladi. Shundan so‘ng Kaspiyskdagi zavodda uning ichidagi maxfiy qurilmalar yechib olinadi.

Uzoq vaqt zavodda turgan «Lun»ni 2020 yilda Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan Darband shahri yaqiniga tortib olib borishadi. So‘ng uni ekskavatorlar yordamida sohilga tortib chiqarib, «Vatanparvar» bog‘iga joylashtirishadi. Hozir u shu yerda tomosha obekti sifatida turibdi.

«Lun»ning texnik tavsifnomasi

«Lun» ulkan samolyot ko‘rinishida yasalgan bo‘lib, u oddiy samolyotlardan ancha farq qilardi. Ekranoplan suvdan uchib qo‘ngani uchun unda shinalar yo‘q edi.

«Lun»ning osti kemani eslatar, qanotlari ostiga ikkita uzun qayiqsimon moslama (gidrochang‘i) o‘rnatilgandi.

Boshqaruv moslamalari «Lun»ning orqa qismiga o‘rnatilgandi. Oddiy samolyotlardan farqli ravishda unda sakkizta dvigatel bo‘lgan va ular qanotga emas, kabinaga yaqinroq joyga o‘rnatilgan edi.

Ekranoplanga bir nechta uzoq masofaga uchuvchi raketa joylashtirsa bo‘lardi. Bundan tashqari unda zenit artilleriyasi va boshqa raketalar joylashtirilgandi.

Foto: hicomm.bg

Samolyot korpusi 4 dan 12 millimetrgacha bo‘lgan metall bilan qoplangandi. «Lun» suvdan uchib qo‘ngani uchun korpusining ostki qismi maxsus bo‘yoq bilan ranglanadi.

Ekranoplanning yoqilg‘i sig‘imlari uning qanotlari ostiga joylashtirilgandi. Samolyotning dum qismida muvozanatni saqlovchi yana ikkita qanot bo‘lib, ularning yuzasi 227 metr kvadratni tashkil etardi.

Yarim kema, yarim samolyot bo‘lgan bu g‘aroyib texnikaning uzunligi 73, balandligi 19, qanotlarning o‘lchami esa 550 metr kvadratni, uzunligi 44 metrni tashkil etgan.

Ekranoplan 1-2 marta parvoz qilgandan so‘ng unda nosozliklar kuzatiladi
Foto: gazeta.ru-board.com

Taqqoslash uchun zamonaviy A-320 samolyotlarining uzunligi 37, balandligi 11, qanotlarning o‘lchami 122 metr kvadratni, uzunligi 34 metrni tashkil etadi.

Samolyotning bo‘sh holdagi og‘irligi 243 tonna, qurol-yaroq va boshqa yuklar bilan og‘irligi 380 tonnaga yetadi.

«Lun»  parvoz qilganda soatiga 500 km tezlikda harakatlana olgan va maksimal 2 ming kilometr masofaga parvoz qila olgan. 1000 metrdan 5000 metrgacha balandlikda parvoz qilgan. Unda 10 nafar ekipaj xodimi xizmat qilgan.

«Lun» nega tez safdan chiqdi?

Aksariyat mutaxassislar suvda suzuvchi va havoda uchuvchi ikki xil texnikaning jamlanishi xato ish bo‘lishini ta’kidlaydi. Ularga ko‘ra bunday transportlar alohida ishlab chiqarilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Chunki ikki xil texnika birlashtirilsa juda noqulay transport paydo bo‘ladi va «Lun» bilan ham shunday bo‘lgan. Qolaversa, uning o‘lchami katta vazni og‘ir bo‘lib ketgan.

Yarim kema, yarim samolyot bo‘lgan bu transport juda bahaybat qilib yasalgan
Foto: club-voshod.com

Bu esa uning tez va yuqori balandlikda uchishiga to‘sqinlik qilgan. Qolaversa nisbatan sekin va past balandlikda harakatlanuvchi bunday transportlar dushman tomonidan osongina urib tushiriladi.

Ma’lumot uchun, AQShning F-16 qiruvchi samolyotlari soatiga 2 120 km (bu tovush tezligidan ancha yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi) tezlikda 12 200 metr balandlikka ucha oladi.

Bundan tashqari, ekranoplanlar asosan mamlakatning sohilbo‘yi hududlarini himoya qilish uchun ishlab chiqariladi. «Lun» xizmatga yuborilgan Kaspiy dengizi Eron bilan bo‘lgan ozroq chegarani aytmaganda SSSRning ichki dengizi edi va bu yerda sohilbo‘yini qo‘riqlashga hojat bo‘lmagan.

Foto: Shutterstock

Uni Qora yoki Boltiq dengiziga yuborishga esa ulgurishmaydi. «Lun»  mukammal emasligi, uni uzoq masofaga uchirib yoki shatakka olib tortib borib bo‘lmasligi ayon bo‘lib qoladi.

Shu tariqa, sovetlar juda katta loyiha qilishga zo‘r berib tayyorlagan no‘noq va foydalanish noqulay bo‘lgan transport tez ishdan chiqadi. Oqibatda juda katta mablag‘ havoga sovuriladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid