Jahon | 09:41 / 01.11.2023
6187
4 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda uch hafta ichida BMTning 64 xodimi halok bo‘ldi

64 kishi, bu - BMT xodimlarining qisqa vaqt ichida mojaroda halok bo‘lgan eng ko‘p soni, dedi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi Yaqin Sharq agentligi rahbari.

Foto: Mahmud Hams/AFP/Getty Images

Birlashgan Millatlar Tashkilotining falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) G‘azo sektoridagi xodimlari orasida qurbonlar soni ko‘pligini ma’lum qildi. 30 oktyabr, dushanba kuni BMT agentligi direktori Filipp Lazzarinining aytishicha, so‘nggi uch hafta ichida Isroil mudofaa kuchlari (TsAXAL) HAMASga qarshi javob operatsiyasi boshlanganidan beri sektorda UNRWA’ning 64 nafar xodimi halok bo‘ldi.

«Bu qisqa vaqt ichida mojaroda halok bo‘lgan BMT xodimlarining eng ko‘p soni», dedi u BMT Xavfsizlik kengashida so‘zlagan nutqida. Lazzarini, shuningdek, tashkilotning G‘azo sektoridagi xodimlarida yonilg‘i, suv, oziq-ovqat va dori-darmonlar tugab qolganiga, shuning uchun ham tez orada ishni davom ettira olmasligiga e’tibor qaratdi. UNRWA rahbari humanitar sabablarga ko‘ra zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. 

Isroil va AQSh humanitar pauzani rad etyapti 

Ayni paytda, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu o‘t ochishni to‘xtatishni qat’iyan rad etmoqda. Bu qadam hozircha Qo‘shma Shtatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanyapti, chunki Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi aytganidek, bu faqat HAMAS foydasiga o‘ynaydi. «Biz hozircha o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘ri qaror ekanligiga ishonmaymiz. Hozirda o‘t ochishni to‘xtatish faqat HAMASga foyda keltiradi», - dedi u. Buning o‘rniga G‘azo sektoridagi tinch aholiga yordam ko‘rsatish va insonparvarlik yordamini yetkazib berish uchun «tanaffuslar»ga e’tibor qaratish lozim, deya qo‘shimcha qildi Oq uy vakili. 

Shu bilan birga, Germaniya G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlar bo‘yicha sukut saqlamoqda. «Kurash juda muhim. Biz yirik raketa hujumlari davom etayotganini ko‘rib turibmiz. G‘azodan hujum davom etsa, humanitar falokatni cheklay olmaymiz. HAMAS mag‘lub bo‘lganda Isroil va Falastin uchun tinchlik va xavfsizlik keladi», - dedi 23 oktyabr kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 8,5 mingdan ortiq falastinlik va 1400 nafar isroillik halok bo‘ldi.

Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

BMT Bosh assambleyasi zudlik bilan humanitar otashkesimga chaqirdi. Shu bilan birga, Iordaniya taklif qilgan rezolyutsiya uchun 120 davlat ovoz berdi. Biroq Isroil bu taklifni rad etdi.

Mavzuga oid