Jahon | 09:30 / 02.11.2023
10393
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya falastinlik bolalarga yordam berishga tayyorligini bildirdi

Ayni paytda yordam bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaatlar kelib tushmagan, dedi Rossiya prezidenti huzuridagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakil.

Foto: Reuters

Rossiya, agar kerak bo‘lsa, Isroil-Falastin mojarosining kuchayishi sababli Falastindan evakuatsiya qilingan bolalarga yordam berishga tayyor, ammo hozircha tegishli murojaatlar olinmagan. Bu haqda Minskda MDH ijroiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlar bolalar huquqlari bo‘yicha vakillari yig‘ilishida Rossiya prezidenti huzuridagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belova jurnalistlarga ma’lum qildi.

«Ayni paytda yordam bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaatlar kelib tushmadi. Agar kerak bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlash va yordam berish istagini bildirdik. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘ziga xos pozitsiyasi bor, unga ko‘ra, qanday mojarolar bo‘lmasin, ularni nima qo‘zg‘atganidan qat’i nazar, bolalar azob chekmasligi kerak. Agar shunday zarurat tug‘ilsa, biz buni boshidan aytgan edik, ishtirok etishga va yordam berishga tayyormiz», — deya Lvova-Belovadan iqtibos keltirgan OAV.

Rossiya prezidenti huzuridagi bolalar huquqlari bo‘yicha vakilning ta’kidlashicha, u hozirda «Falastindagi rus bolalari to‘g‘risida» ma’lumotlarga ega emas. 

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. 

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 8,7 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.

Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid