Qatar Isroilga josuslik qilgan 8 hindni o‘limga hukm qildi
Qatar sudi Isroil foydasiga josuslik qilgani Hindiston fuqarolarini o‘limga xukm qildi. Hindiston tashqi ishlar vazirligi bu hukmdan lol qolgani, bu borada Doha bilan muzokara o‘tkazilishini bildirgan.
Sobiq hind harbiylari
O‘limga hukm qilinganlarning barchasi Qatardagi xususiy kompaniyada ishlayotgan hindlar bo‘lgan. Ular o‘tgan yil avgust oyida qo‘lga olingan, shu vaqtgacha tergov va sud jarayoni davom etgan. Har ikki tomon ham ayblov hukmini e’lon qilmagan. Reuters'ga ko‘ra, o‘limga hukm qilinganlarning barchasi Hindiston harbiy-dengiz floti – Navy sobiq ofitserlari bo‘lgan.
«Biz [o‘limga hukm qilinganlarning] oila a’zolari bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Huquqshunoslar vaziyatdan chiqishning qonuniy choralarini qidirmoqda. Bu ishga jiddiy e’tibor qaratamiz. Hukm Qatar tomoni bilan ham muhokama qilinadi», deyiladi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Vazirlik ish bo‘yicha sud hukmini kutayotganini qo‘shimcha qilgan. Hindiston tomoni bergan xabarda ishning maxfiyligi sabab u haqda qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilmasligi aytilgan.
O‘limga hukm qilingan hindlar Qatar maxsus xizmatlari tomonidan 2022 yil avgust oyida qo‘lga olingandi. Ularga nisbatan 2023 yil mart oyida ayblov e’lon qilingan. «Josuslar» Qatar qonunlari bo‘yicha sud qilingan. Mahbuslarni garov evaziga qo‘yib yuborish bo‘yicha so‘rovlar bir necha marta rad etilgan. Qatardagi birinchi instansiya sudi 26 oktyabr kuni ular ustidan hukm chiqardi. Hozircha hindlar Isroil foydasiga josuslik qilishda ayblanayotgani ma’lum xolos. 8 «agent» orasida o‘z vaqtida Hindiston harbiy kemalarini boshqargan komandirlar ham bo‘lgan.
Mossad rahbari Qatarga bordi
Qatar Isroilga josuslik qilgan hindlarni o‘limga hukm qilishi Yaqin Sharqda XXI asrdagi eng qonli urushlardan biri davom etayotgan vaqtga to‘g‘ri keldi. Arab davlatlari bilan iliq munosabatda bo‘lmagan Isroil Qatarga nisbatan boshqacha qarashda bo‘lishga majbur. Chunki aynan Qatar HAMAS qo‘lida bo‘lib turgan isroillik asirlar borasida asosiy vositachi davlat bo‘lib turibdi. Netanyahu hukumati esa asirlar sabab isroilliklarning jiddiy bosimi ostida qolmoqda.
30 oktyabr kuni Isroil maxsus vazifalar bo‘yicha razvedka tashkiloti Mossad direktori David Barnea Qatarda bo‘lib arab davlatining yuqori martabali mulozimlari bilan HAMAS qo‘lida qolayotgan 235 nafar isroillik asirlar borasida muzokara o‘tkazgan. Uchrashuv davomida Qatarda aynan Isroil foydasiga josuslik qilgani uchun o‘limga hukm qilingan hindlar masalasi ham ko‘tarilgani aniq emas. Chunki ayni damda asirlikda qolayotgan isroilliklar masalasi asosiy muhokama mavzusi bo‘lib turibdi.
Reuters ushbu mavzu haqida Hindiston, Qatar va Isroil rahbariyati hech qanday munosabat bildirmaganiga e’tibor qaratgan.
4 komandir, 3 kapitan va 1 dengizchi
Hind nashrlari o‘limga hukm qilingan 8 hindning ismini aniqladi. Ular komandir Purnendu Tivari, komandir Sugunakar Pakala, komandir Amit Nagpal, komandir Sanjyev Gupta, kapitan Navtej Sinkh Gill, kapitan Birendra Kumar Verma, kapitan Saurab Vasisht va dengizchi Ragesh Gopakumardir. Ularning barchasi Hindiston harbiy-dengiz kuchlarida 20 yil xizmat qilgan. Bu hind harbiy flotida xizmat qilish mumkin bo‘lgan eng maksimal muddat hisoblanadi. Ro‘yxatdagilardan ba’zilari yuqori lavozimlarda ishlagan, hatto harbiy kemalarni boshqargan va harbiy instruktor bo‘lgan.
2019 yilda komandir Purnendu Tivari xorijlik hindlarga beriladigan eng oliy mukofot – Pravasi Bxartiya Samman ordeni bilan taqdirlangan. Hindistonning Dohadagi elchixonasi mukofot komandir Tivariga «xorijda Hindistonning obro‘sini ko‘targani uchun» topshirilganini xabar qilgan.
Hindlar nima bilan shug‘ullangan?
Hind nashrlariga ko‘ra, o‘limga hukm qilingan hindlar Qatar harbiy-dengiz kuchlari bilan hamkorlik qilgan Al Dahra Global Technologies konsalting kompaniyasida ishlagan va ulardan ba’zilari Qatar hukumatiga qanday suvosti kemalari sotib olish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlagan. Konsalting kompaniyasi saytida yozilishicha, u aerokosmik, xavfsizlik va mudofaa masalasida «mukammal yechimlar taklif qiladi».
Bu kompaniya Ummon sultonligi Harbiy havo kuchlariga tegishli eskardiliyaning iste’fodagi komandiri Hamis al Ajmiga tegishli. U ham 8 nafar hind bilan birga qo‘lga olingan, lekin o‘tgan yil noyabr oyida qo‘yib yuborilgandi. Hind nashrlarining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, o‘limga hukm qilinganlarning ba’zilari Italiya texnologiyalari asosida sezdirmay harakatlanuvchi kichik suvosti kemalari yaratish loyihasi ustida olib borilgan maxfiy dasturda ham ishtirok etgan.
Joriy yil may oyida Al Dahra kompaniyasi Dohadagi qarorgohini yopgan. U yerda asosan hindlar ishlagan bo‘lib, hozir ular uyiga qaytib ketgan. Qatar tomoni kompaniya maxfiy ma’lumotlarni Isroil tomonga yetkazgan deb hisoblagan. Bu kompaniya Qatar Xavfsizlik xizmati va Qatar Qurolli kuchlari harbiylarini o‘qitgani ham ma’lum.
Qatar va Hindiston aloqalari
Qatar va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlar juda yaxshi hisoblanadi. Qatar Hindistondan har yili 2 milliard dollarga yaqin oziq-ovqat va boshqa turdagi mahsulotlar import qiladi. Hindiston esa Qatardan 17 milliard dollarga yaqin mahsulot sotib oladi. Hindlar o‘z ehtiyoji uchun tabiiy gazning 50 foizini aynan Qatardan oladi. 2030 yilga borib Hindiston Qatardan gaz importini 15 foizgacha oshirmoqchi.
2008 yilda har ikki davlat dengiz mudofaasi kelishuv ham imzolagan. Qatarda 800 mingdan ortiq (ba’zi manbalarga ko‘ra undan ham ko‘p) hindlar mehnat muhojiri sifatida ishlaydi. Qatarning umumiy aholisi 3 million atrofida ekani inobatga olinsa, bu juda katta ko‘rsatkich degani.
Shu vaqtgacha Qatar va Hindiston hukumati o‘rtasida qandaydir jiddiy muammo kuzatilmagan. Faqat birgina istisno bor. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi yetakchilik qiladigan Bxaratiya partiyasi rasmiy vakili Nupur Sharma islom dini haqida nomaqbul gaplar gapirgani ortidan Qatar Hindistonga norozilik bildirgandi. 2022 yilgi jahon chemnionati boshlanishi arafasida sodir bo‘lgan o‘sha voqeadan keyin Qatar Hindiston elchisini TIVga hisob so‘rab chaqirgan ilk musulmon davlatga aylangandi.
Yechim bormi?
Hindiston bungacha bir marta «dor ostidan odam qutqarishni» uddalagan. Mamlakat Pokistonga qarshi xalqaro sudga ariza kiritib, Kulbhushan Yadavga nisbatan o‘lim jazosi borasida tortishgan. Ish xalqaro sudga o‘tganidan keyin Yadavga nisbatan e’lon qilingan o‘lim jazosi ijro etilmay qoldi. Dehli bu gal ham mana shu yo‘nalishda harakat qilmoqchi.
Pokiston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mumtoz Zahro Balosh Qatarda hindlarning josuslikda ayblanib qo‘lga olingani Hindistonning xorijda josuslik tizimi yaratgani borasida Pokistonning xavotirlarini tasdiqlashini aytdi.
Hind nashrlariga ko‘ra, Hindiston ham, Qatar ham asirlar almashish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Bundan kelib chiqsa, masalani asirlar almashish orqali ham hal qilish mumkin. Lekin bu borada boshqa muammo bor: Hindistonda biror Qatar fuqarosi qo‘lga olingani ehtimoli juda past.
Pokiston harbiy-dengiz kuchlarining iste’fodagi kapitani Adeyeb Zaman Safvining aytishicha, Qatar maxsus kuchlari konkret fakt topgachgina hind dengizchilarni qo‘lga olgan. Sobiq harbiyning taxmin qilishicha, masala AQSh Markaziy razvedka byurosi, Mossad va Hindiston razvedkasi o‘rtasidagi yirik hamkorlik borib taqalishi ham mumkin. OAVda o‘limga hukm qilingan hindlar Hindiston razvedkasiga ishlagani haqida ham xabarlar paydo bo‘lgani bu taxminni quvvatlaydi.
Sobiq harbiy va ekspert yana bir jihatga e’tibor qaratgan. Uning fikricha, 8 nafar hind o‘limga hukm qilingani haqida Qatarning hech bir yirik nashrida yozilmagani bu juda keng qamrovli operatsiya ekanidan dalolat beradi.
Mavzuga oid
07:31
Isroil va «Hizbulloh» o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi
21:41 / 26.11.2024
Netanyahuni qamash buyurildi. Bu Isroilga qurol yetkazilishiga to‘siq bo‘la oladimi?
14:17 / 26.11.2024
Baxtiyor Saidov yahudiy ravvinning o‘limi munosabati bilan Isroil elchisiga hamdardlik bildirdi
10:56 / 26.11.2024