O‘zbekiston | 20:53 / 10.11.2023
9810
2 daqiqa o‘qiladi

Davletmurod Tojimuratov g‘ayriinsoniy munosabatga duchor qilinmagan – Ombudsman 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) BMT tomonidan e’lon qilingan Davletmurod Tojimuratov haqidagi maqolaga munosabat bildirdi. 

Foto: ombudsman.uz

2022 yil yozida yuz bergan Nukus shahridagi voqealar bo‘yicha 16 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan Davletmurod Tojimuratov sud-tergov jarayonlarida va jazo muddatini o‘tash chog‘ida o‘ziga nisbatan qiynoq yoki tazyiq o‘tkazish holatlari bo‘lmaganini, faqat sud hukmidan norozi ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati xabar berdi. 

Avvalroq, BMT rasmiy saytida mustaqil ekspertlar Davletmurod Tojimuratov qamoqxonada tahdid, haqorat va g‘ayriinsoniy munosabatga duchor bo‘layotgani haqidagi maqola e’lon qilgan edi. 

Ombudsman axborot xizmatining qayd qilishicha, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhi vakillari yopiq muassasalarda amalga oshirilgan monitoring davomida D.Tojimuratov bilan 2023 yil 6 may kuni Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 1-son Tergov hibsxonasida, shuningdek, 9 sentabr kuni Navoiy viloyatidagi 11-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan paytida uchrashgan. Unda Davletmurod Tojimuratov sud-tergov jarayonlarida va jazo muddatini o‘tash chog‘ida o‘ziga nisbatan qiynoq yoki tazyiq o‘tkazish holatlari bo‘lmaganini, faqat sud hukmidan norozi ekanini ma’lum qilgan. 

Ombudsman mustaqil ekspertlar, xalqaro tashkilotlarni rasmiy ma’lumotlar va asoslantirilgan faktlarga tayanishga chaqirmoqda.

Mavzuga oid