O‘zbekiston | 11:08 / 13.11.2023
16350
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda hali qurib bo‘linmagan “dom”ning tagi yomg‘irdan so‘ng ochilib qoldi    

Yomg‘ir oqova suvlari binoning poydevor qismini himoya qilib turuvchi zichlashtirilgan tuproq ichiga tushgan va ayrim joylarida otmostkaning cho‘kish holatlari yuzaga kelgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi kamchilik quruvchi tashkilot tomonidan bartaraf etilayotganini bildirdi.

Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida qurilayotgan “dom”ning tuproq qismi yomg‘irdan so‘ng cho‘kib, tag qismi ochilib qolgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi holat yuzasidan rasmiy munosabat berdi.

Vazirlikka ko‘ra, ushbu holat Shayxontohur tumani Gulobod ko‘chasi 234-uy manzilida qurilayotgan ko‘p qavatli uyda yuzaga kelgan. Mazkur turar joy majmuasi “Roaf Art House” MChJ tomonidan bunyod etilmoqda.  

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ayni paytda mazkur obektda qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlanmagan. Bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi ham rasmiylashtirilmagan. Binoning otmostka qismidagi qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlanmagani bois, yomg‘ir oqova suvlari binoning poydevor qismini himoya qilib turuvchi zichlashtirilgan tuproq ichiga tushgan va shu sababli ayrim joylarida otmostkaning cho‘kish holatlari yuzaga kelgan. Hozirda ushbu kamchiliklar quruvchi tashkilot tomonidan bartaraf etilmoqda.

Shuningdek, hozirda hududiy nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari mazkur qurilish obektida qurilish-montaj ishlari sifati ustidan nazorat ishlarini olib borishmoqda” deyiladi vazirlik munosabatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur obekt Toshkent shahar hokimining 2019 yil 23 avgustdagi 1164-sonli qaroriga asosan “Roaf Art House” MChJga ko‘p qavatli turar joy kompleksini qurish uchun maydoni 0.45 gektarli yer uchastkasi bo‘yicha zaxiralash hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga ruxsat berilgan. Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2019 yil 16 sentabrda arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan hamda 2020 yil 2 iyulda eskiz loyihasi tayyorlangan.  

Mavzuga oid