Jahon | 14:27 / 16.11.2023
6775
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azodagi Ash-Shifo kasalxonasida operatsiyasini davom ettirmoqda

HAMAS jangchilari Isroil tomonidan tarqatilgan, Ash-Shifo kasalxonasi hududida qurollar saqlangan ombor aks etgan kadrlarning haqiqiyligini rad etdi. 

Foto: Israeli Defence Forces/REUTERS

Isroil 16 noyabr, payshanba kuni G‘azo sektoridagi Ash-Shifo kasalxonasida operatsiyani davom ettirmoqda. Isroil armiyasi (TsAHAL) iddao qilishicha, kasalxona hududi HAMAS tashkiloti jangchilari tomonidan infratuzilma sifatida foydalanilgan. 

«Bugun tunda biz Ash-Shifo kasalxonasida maqsadli operatsiyani davom ettirmoqdamiz. Oldinga siljishda davom etyapmiz», dedi operatsiyaga rahbarlik qilayotgan Isroil armiyasi general-mayori Yaron Finkelman 16 noyabrga o‘tar kechasi Telegram’da. O‘z navbatida, Isroilning BMTdagi missiyasi G‘azo sektoridagi «uzoq gumanitar pauzalar» bo‘yicha tashkilot Xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyani rad etdi. 

HAMAS TsAHAL kadrlari sahnalashtirilganini e’lon qildi

TsAHAL ma’lumotlariga ko‘ra, 15 noyabr kuni Ash-Shifo kasalxonasida o‘tkazilgan operatsiya davomida isroillik harbiylar qurol-yarog‘, razvedka materiallari va HAMAS qo‘mondonlik markazini topgan. Shu bilan birga, shifoxonaning magnit-rezonans tomografiya bo‘limida olingan videoyozuvlar e’lon qilindi. Ularda asbob-uskunalar, avtomatlar, granata va o‘q-dorilar solingan qoplar ko‘rsatilgan. O‘q o‘tkazmaydigan jiletlardan birida go‘yoki HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam» brigadalari emblemasi tasvirlangan. 

Klinikada Falastin tashkilotining aloqa uskunalari bilan jihozlangan «tezkor shtabi» topildi, dedi Isroil mudofaa kuchlari vakili Daniel Xagari. Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi bu ayblovlarni rad etdi. HAMAS tashkilotining o‘zi Isroil tomonidan e’lon qilingan shifoxonada topilgan qurollar haqidagi tasvirlar sahnalashtirilganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 11 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid