Jahon | 21:25 / 16.11.2023
15773
11 daqiqa o‘qiladi

Isroilning kasalxonadagi reydi. «Ash-Shifo»da minglab kishilar qamalib qoldi

«Ash-Shifo» shifoxonasida bir necha kundan buyon ikki mingdan ortiq kishi, jumladan yuzlab yaradorlar qamalib qolgan. Ular otishmalar tahdidi tufayli chiqa olmayapti. Isroil shifoxona hududida HAMASning yerosti kompleksi mavjudligini aytmoqda va bu yerdan qurol hamda harakat a’zolarini qidirmoqda.

Foto: AFP / Scanpix / LETA

Isroil mudofaa armiyasi G‘azo sektori shimolidagi «Ash-Shifo» shifoxonasida amaliyot o‘tkazmoqda, TsAHAL bu yerda HAMASning qo‘mondonlik punkti joylashganini da’vo qilmoqda. Yuzdan ortiq isroillik harbiylar binoda tintuv o‘tkazib, bemorlar va shifoxona xodimlarini so‘roq qilmoqda. Xalqaro gumanitar va huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar tinch aholi vakillarini himoya qilishga chaqirmoqda.

«Ash-Shifo» — G‘azo sektoridagi yirik shifoxona bo‘lib, G‘azo shahri markazida joylashgan. U faoliyatini 1946 yilda, Falastin hali Buyuk Britaniya boshqaruvi ostida bo‘lgan davrda boshlagan. 1980-yillarda, G‘azo sektori hududi Isroil tomonidan nazorat qilinganida, shifoxona qaytadan qurilgan. Hozirda «Ash-Shifo» kompleksi hududi butun bir kvartalni egallaydi.

Isroil maxsus xizmatlari 2000-yillar oxirida ham HAMAS «Ash-Shifo»dan boshpana sifatida foydalanishini haqida xabar bergan. 2014 yilgi urush vaqtida The Washington Post shifoxonani «amalda HAMAS shtab-kvartirasi» deb atagan. Amnesty International «Ash-Shifo» hududida harakat a’zolari Isroil bilan aloqalarda gumonlangan falastinliklarni qiynoqqa solganini ma’lum qilgan. Shifoxonada bo‘lgan g‘arblik jurnalistlar bu yerda HAMAS vakillarini ko‘rishganini tasdiqlashgan, ammo «Ash-Shifo»da guruhning qandaydir qo‘mondonlik markazi yoki o‘q-dori ombori joylashgani haqidagi ishonchli dalillar hech qachon e’lon qilinmagan.

Otishmalardan qochib «Ash-Shifo» hovlisiga kelgan g‘azoliklarning palatkalari. 2023 yil 7 noyabr
Bashar Taleb / AFP / Scanpix / LETA

Harbiylar shifoxona hududiga kirgan. Bu Jyeneva konvensiyasi tomonidan taqiqlanadi — ammo TsAHAL bu holatda u amal qilmaydi, deb hisoblaydi

15 noyabrga o‘tar kechasi TsAHAL shifoxonalar kompleksini egallab olishni boshladi — uning hududiga Isroil tanklari va zirhli mashinalari kirib kelgan.

Jyeneva konvensiyasi tibbiyot muassasalariga hujum qilishni taqiqlagan bo‘lsa ham, TsAHAL o‘z rasmiy kommyunikesida HAMAS kompleksdan harbiy maqsadlarda foydalanayotgani, bu esa «shifoxonaning xalqaro qonunlar bo‘yicha himoyalangan maqomiga xavf tug‘dirishi»ni bildirgan. 

Shifoxonada bo‘lib turgan jurnalist 15 noyabr kuni tongda TsAHAL harbiy xizmatchilari arab tilini biluvchi tarjimon va harbiy shifokorlar hamrohligida palatama palata yurib, xodimlar va bemorlarni so‘roq qilayotgani haqida xabar bergan.

Bir necha kun oldin AQSh hukumati ham shifoxona hududi ostida HAMASning yerosti infratuzilmasi joylashgani haqida ma’lumotga ega ekanini ma’lum qilgandi.

HAMAS buni qat’iyan rad etgan. Guruh rahbariyati vakili Amerika razvedkasi bayonoti Isroilga insoniyatga qarshi jinoyat sanaluvchi amaliyot boshlash uchun «yashil chiroq» vazifasini o‘taganini bildirgan.

HAMAS xalqaro hamjamiyatga va BMTga murojaat qilib, isroilliklarning shifoxonadagi amaliyotini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirgan.

Oq uy tinch aholi sog‘ligi va hayotini saqlash urushayotgan tomonlarning ikkisi ham ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini bildirgan.

Isroil harbiylari «Ash-Shifo» hududida nimalar topgan?

TsAHAL bayonotida aytilishicha, shifoxona binosida HAMASning operativ qo‘mondonlik punkti, qurol va texnik vositalari aniqlangan.

ISRAEL DEFENSE FORCES

Bayonotda isroillik harbiylar shifoxonaga kirganida HAMASning qurollangan a’zolari bilan jang qilishga to‘g‘ri kelgani va ular yo‘q qilingani bildirilgan.

Harbiylar hamon shifoxona hududida bo‘lib, razvedka ma’lumotlari yig‘moqda va bir vaqtning o‘zida tibbiy xodimlar hamda u yerda yashiringan tinch aholi vakillarining xavfsizligini ta’minlamoqda, deyiladi Isroil tomoni ma’lumotida.

TsAHAL amaliyot davomida qo‘lga kiritilgan qurollar aks etgan fotosuratlar va videolarni namoyish etgan, ammo hozircha bu kadrlar haqiqiyligini mustaqil manbalar orqali tekshirish imkoni yo‘q.

BBC’ning Quddusdagi muxbiri Orla Gerin xabar berishicha, isroillik harbiylar ko‘rsatgan kadrlardan xulosa qilinsa, ular namoyish etgan qurollar arsenali taassurot qoldira olmaydi: bular o‘nlab avtomatlar, bir necha zirhli nimchalar, uchta qo‘l granatasi, to‘pponcha va bir necha pichoq bo‘lib, bu qo‘mondonlik markazi uchun juda kam ko‘rinadi.

Agar harbiylar egallangan qurollarning barchasini ko‘rsatgan bo‘lsa, deya qayd etadi Gerin. Shu bilan birga, u HAMAS isroillik harbiylar shifoxona hududiga kirishini oldindan bilgani va ularda barcha zarur vositalarini shifoxona va butun G‘azo ostidan o‘tuvchi tunnellar labirinti orqali olib ketish uchun yetarlicha vaqtga ega bo‘lganini ham istisno etmaydi.

ISRAEL DEFENSE FORCES

Isroil harbiylari hozir ko‘rsatilganidan ko‘proq qurollar topgan bo‘lishi ham mumkin, deydi Gerin. TsAHAL vakili hozirgacha qo‘lga kiritilganlari — bu hali «aysbergning uchi» ekaniga ishora qilgan.

Ammo boshqa tomondan taxmin qilish mumkinki, armiya shifoxonani o‘rab olishi va uni egallashini oqlash uchun «o‘ljalar»ni maksimal darajada ko‘rsatgan bo‘lardi.

Xorijlik jurnalistlar 7 oktyabrdan buyon shifoxonaga kirish imkoniyatiga ega emas, shu tufayli hech narsani tasdiqlab yoki rad etib bo‘lmaydi.

HAMAS Isroilning shifoxonada qurollar topilgani to‘g‘risidagi bayonotini — «yolg‘on va arzon propaganda» deb atadi.

Guruhning yuqori lavozimli rasmiysi Bassem Naim esa isroillik harbiylar qurollarni shifoxonaga o‘zi tashlab qo‘ygan bo‘lishi mumkinligini istisno etib bo‘lmasligini bildirgan.

«Shifoxonalar — jang maydoni emas»

BMT va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shifoxona xodimlari va bemorlar taqdiridan «qattiq xavotirda» ekanini bildirgan.

«Harbiylar „Ash-Shifo“ shifoxonasiga bostirib kirgani haqidagi xabarlar juda tashvishlidir, — deya qayd etgan JST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus. — Biz shifoxona xodimlari bilan aloqani yana yo‘qotdik. Biz ular va ularning bemorlarining xavfsizligi uchun juda xavotirdamiz».

Britaniyaning Medical Aid for Palestinians xayriya tashkiloti ham o‘z xavotirlarini bildirgan.

«Shifoxonada bu amaliyot boshlanishidan oldin ham biz u yerda bo‘lib turgan odamlar hayoti uchun juda xavotirda edik, ularda yegulik, suv va yonilg‘i yo‘q», — degan uning bosh direktori Melani Uord.

«Men G‘azodagi „Ash-Shifo“ kasalxonasida harbiy reyd o‘tkazilayotgani haqidagi xabarlardan dahshatga tushdim», — deya yozgan BMT bosh direktorining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits tvitter sahifasida.

«Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, bemorlar, tibbiy xodimlar va boshqa tinch fuqarolar himoyasi qolgan barcha narsadan ustun turishi kerak. Shifoxona — jang maydoni emas», — deya qayd etgan BMTning gumanitar masalalar bo‘yicha koordinatori.

Alohida nuqtalar bo‘yicha amaliyot

15 noyabr kuni Reuters nashri shaxsi oshkor etilmagan yuqori martabali harbiy mulozimga tayanib, TsAHAL harbiylari «Ash-Shifo» shifoxonasi hududidagi muayyan nuqtada davom etayotgan reyd vaqtida qurollar va «terrorchilik infratuzilmasi»ni aniqlagani haqida xabar berdi.

Manba nashrga isroillik harbiylar ichkariga kirganidan keyin shifoxona kompleksida hech qanday harbiy harakatlar olib borilmagani, tibbiy xodimlar va bemorlar bilaan hech qanday to‘qnashuvlar bo‘lmaganini qayd etgan.

TsAHALning ta’kidlashicha, shifoxona hududidagi amaliyot faqat jangarilarga qarshi qaratilgan, bemorlar va tibbiy xodimlarga hech qanday zarar yetkazilmaydi.

Bungacha Isroil «Ash-Shifo» kasalxonasiga inkubatorlar va bolalar uchun yeguliklar yetkazib bergandi.

Shifoxonada dam olish kunlarida elektr uchun yonilg‘i tugagani tufayli inkubatorlardan olingan o‘nlab chaqaloqlar bor.

«Bizning „Ash-Shifo“ shifoxonasida HAMASga qarshi muayyan va maqsadli amaliyotimiz davom etmoqda. Biz Isroil mudofaa armiyasi tanklarida yetkazilgan inkubatorlar, bolalar ozuqalari va tibbiy dori-darmonlar „Ash-Shifo“ shifoxonasi ichkarisiga olib kirilganini tasdiqlay olamiz», — degan TsAHAL vakili.

BMT baholariga ko‘ra, «Ash-Shifo» hududida ayni vaqtda kamida 2300 kishi bor: bemorlar, personal, shuningdek, boshpanasiz qolgach shu yerga kelib joylashgan yuzlab g‘azoliklar.

Ayrim bemorlar matbuotga ma’lum qilishicha, isroillik askarlar 16 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan barcha erkaklar tekshiruv o‘tkazilishi uchun shifoxonaning ichki hovlisiga yig‘ilishini so‘ragan. Bu faqat jarrohlik va jonlantirish bo‘limlaridagi bemorlarga taalluqli bo‘lmagan.

Narkozsiz operatsiyalar

«Ash-Shifo»da davolanish va yashash sharoitlari dahshatli, degan shifoxona xodimlari.

«Yo‘laklar jasadlar bilan to‘lgan, o‘likxonalarda anchadan buyon elektr yo‘q», - deydi shifoxona rahbari Muhammad Abu Salmiya.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonadan vaqtincha boshpana sifatida foydalanayotgan oilalar yo‘laklarda yaxlamoqda. Oziq-ovqat va ichimlik suv zaxiralari tugamoqda. Havoda chirigan hid anqiydi.

Jarrohlik amaliyotlarini anesteziya yubormasdan qilishga to‘g‘ri kelmoqda, dori-darmon zaxiralari ham tugab bitgan.

Har kuni bemorlar yonilg‘i yo‘qligi ham o‘lim topmoqda, yonilg‘i yo‘qligi tufayli ularning hayotligini ta’minlab turuvchi generatorlar va apparatlar o‘chmoqda.

Isroil HAMAS qo‘liga tushmasligi va harbiy maqsadlarda foydalanilmasligi uchun sektor hududiga yonilg‘i olib kirilishini taqiqlagan.

Isroil razvedkasiga ko‘ra, HAMAS tunnellarida yonilg‘ining yetarlicha zaxiralari mavjud va harakat chindan ham falastinliklar taqdiri haqida qayg‘urganida uni shifoxonalarga berishi mumkin edi.

HAMAS tomonidan nazorat qilinadigan G‘azo sektori sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, isroillik harbiylarning aviazarbalari oqibatida sektorda ayni vaqtgacha 11 ming 320 kishi halok bo‘lgan va ularning qariyb uchdan bir qismini bolalar tashkil etadi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid