Jahon | 16:51 / 23.11.2023
14376
4 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston Qozog‘istondan o‘zib ketdi» - ekspert maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha ikki davlat qonunchiligidagi farqlar haqida

Qozog‘istonlik xalqaro ekspert, yurist-sotsiolog Xolida Ajigulova mamlakatda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqida so‘z yuritib, O‘zbekistonda bu masalada ancha ildamlashgan tizim yaratilayotgani, bunda prezidentning yordamchisi Saida Mirziyoyevaning roli muhim ahamiyatga ega bo‘layotganini ta’kidladi.

Xolida Ajigulova / Foto: Videodan kadr

“O‘zbekistonda maishiy zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etildi. O‘zbekiston Qozog‘istondan o‘zib ketdi, sababi u yerda maishiy zo‘ravonlik uchun ham, bolalarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik uchun ham javobgarlik bor, ko‘pxotinlik, ko‘pxotinlikni targ‘ib etish taqiqlandi.

Qizig‘i shundaki, u yerda mamlakat yetakchisining qizi aksariyat tashabbuslar bilan chiqyapti. Uni ushbu muammolar tashvishga solyapti, shuning uchun u bu masalani ko‘tardi. Hamma qo‘llab-quvvatladi.

Qozog‘istonda ham birinchi prezidentning uch qizi bo‘lgan. Lekin ulardan birortasi maishiy zo‘ravonlik masalasini ko‘tarmagan, biri doimo qo‘shiq aytish bilan ovora bo‘lgan, boshqasi brilliantlarni reklama qilgan. Oddiy xalq qanday yashayotgani esa ularni hech qachon qiziqtirmagan”, – dedi Ajigulova Qozog‘istonning ULYS MEDIA nashriga bergan intervyusida.

Ajigulova nimani nazarda tutgan?

Xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarni jamiyatda normal qabul qilish amaldagi prezident Shavkat Mirziyovning qizi, prezident yordamchisi lavozimida faoliyat olib borayotgan Saida Mirziyoyeva tomonidan keskin qoralandi. Bu kabi holatlarning ko‘payishidan jamiyatga yetadigan zararlar o‘rtaga tashlandi va bunga qarshi qat’iy choralar ko‘rilishi kerakligi kun tartibiga chiqarildi.

Shundan keyin joriy qonunlarga kerakli o‘zgartishlar kiritish maqsadida Senat qoshida ishchi guruh tuzilib, o‘z faoliyatini boshladi. Ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan qonun loyihasining qabul qilinishi oson kechmadi. Shaxsan Mirziyoyevaning o‘zi ham bu kurashning qiyin kechganini tan oldi. Ammo ko‘zlangan maqsadga erishildi. Bugun O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonliklar jinoyat doirasida baholanadi. Jamoatchilik faollari bu qonunning tarixiy ahamiyatga ega ekani, milliy va axloqiy qadriyatlarga asoslanganini aytishdi.

Endi O‘zbekiston qonunchiligida xotin-qizlar va bolalar ularning erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga doir qonun asosida himoyalanadi. Jumladan, jinsiy jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi bir pog‘onaga orttirilib, ilgari uncha og‘ir bo‘lmagan turdagi jinoyatlar, og‘ir jinoyatlar turkumiga, og‘ir jinoyatlar esa o‘ta og‘ir jinoyatlar turkumiga kiritildi. Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun alohida ma’muriy va jinoiy javobgarlik, shilqimlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

So‘nggi yillarda voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonliklarning oshib borayotgani tufayli bu toifadagi jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi bir pog‘onaga orttirilib, ilgari uncha og‘ir bo‘lmagan turdagi jinoyatlar, og‘ir jinoyatlar turkumiga, og‘ir jinoyatlar esa o‘ta og‘ir jinoyatlar turkumiga kiritildi.

Shuningdek, bolalarning hayoti, sog‘lig‘i yoki axloqi uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reyestri tuzilmoqda. Ushbu reyestrga kirgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlandi.

Mavzuga oid