Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dublindagi tartibsizliklar, urushni davom ettirmoqchi bo‘layotgan isroilliklar va KXShT yig‘ilishiga bormagan Pashinyan - kun dayjesti
Kun davomida jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning qisqa va lo‘nda tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.
Isroil-HAMAS mojarosi
Bugun, 24 noyabrdan boshlab G‘azo sektorida to‘rt kunlik otashkesim amal qila boshlaydi. HAMAS garovda ushlab turilganlarning bir qismini qaytarishi, Isroil esa buning evaziga qamoqxonalarda saqlanayotgan falastinlik mahbuslarni ozod etishi e’lon qilingan.
Isroil kuchishlatar tizimlari rahbarlari muvaqqat otashkesimdan so‘ng janglar yana davom ettirilishini ta’kidlashmoqda.
«Agar urush muvaqqat otashkesimdan keyin davom ettirilmasa, men bu hukumat bilan hech bir umumiy jihatim bo‘lishini istamayman», — degan Isroil ichki xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir.
Qayg‘uli statistika esa o‘sishda davom etmoqda: G‘azoda Isroil zarbalari oqibatida o‘ldirilganlar soni 14 ming 845 nafarga yetdi. Yana 36 mingdan ortiq kishi yaralangan. «Al-Hadas» telekanali ma’lumotiga ko‘ra, o‘ldirilganlarning 6150 nafari yosh bolalar, 4 mingdan ortig‘i ayollar.
Ukrainadagi urush
Rossiya qo‘shinlari Donetsk yaqinidagi Avdiyivka shaharchasiga shturmning uchinchi to‘lqinini boshladi. Ular yana zirhli texnika kolonnalari bilan bostirib kirishga urinmoqda.
Ukrainaning «Tavriya» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiyga ko‘ra, bir sutka ichida Rossiya qo‘shinlari 706 kishi va 51 ta texnikasi, jumladan 8 ta tankidan ayrilgan.
Rossiyaliklar shturm harakatlarini 25–30 foizga oshirishgan, shuningdek, bir nechta zirhli texnika kolonnalari bilan hujumga o‘tishgan, biroq texnikalarining 80 foizidan ayrilgani xabar qilinmoqda.
Rossiy «harbiy muxbirlari» ham hujum haqida yozib, ayrim uchastkalarda rossiyaliklar biroz olg‘a siljishganini qayd etishgan. Rossiya armiyasi ham kassetali snayardlardan foydalanayotganini xabar qilishgan.
Bu orada BMT Ukrainada urush boshlanganidan buyon 10 mingdan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘lganini tasdiqladi. O‘ldirilganlar orasida rasman tasdiqlangan bolalar soni — 560 nafar. BMT monitoring missiyasi o‘tgan davr ichida 18,5 ming kishi yaralanganini ham qayd etgan.
Dublinda tartibsizliklar
Irlandiya poytaxti Dublin shahrida kutilmaganda tartibsizliklar yuzaga keldi. Hozircha rasman tasdiqlanmagan, biroq jazoirlik ekani aytilayotgan migrant pichoq bilan uch nafar yosh bolani jarohatlagach, norozilik namoyishlari boshlanib ketgan.
Politsiyaga ko‘ra, namoyishchilar ortida o‘ng ekstremistlar turibdi. Sky News agentligiga ko‘ra, namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan tartibsizliklar ishtirokchilari soni bir necha yuz kishini tashkil qilgan. Namoyishchilar huquq-tartibot xodimlariga shisha va petardalar uloqtirib, bir necha avtobus va politsiya mashinasini yoqib yuborgan.
Ko‘chaga chiqqanlar muhojirlarga qarshi shiorlarni aytib qichqirishgan. Ular hukumatning migratsiya siyosatiga qarshi chiqib, migrantlar uchun chegaralarni yopishni talab qilmoqda. Jamoat transportlariga o‘t qo‘yishmoqda.
Minskda KXShT yig‘ilishi
Belarus poytaxti Minskda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tdi va unda Armaniston tomoni ishtirok etmadi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko KXShT uchrashuvida Armanistonning ishtirok etmaganini «sababsiz demarsh» deb atadi.
Rossiya, o‘z navbatida, Minskda o‘tgan sammitda Armaniston vakillari ishtirok etmaganidan afsusda ekanini izhor etdi.
Eslatib o‘tamiz, Armaniston Rossiya bosh bo‘lgan KXShT va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkilotlari yig‘ilishlarida qatnashishni rad qilmoqda.
KXShT sammitida bir qator yangi takliflar berildi. Jumladan, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev KXShT kollektiv kuchlarini operativ yoyish, kontingentlarni, harbiy aviatsiyani to‘siqsiz o‘tkazish masalasida me’yoriy huquqiy baza yaratilishi lozimligini ta’kidladi.
KXShTga qarshi turuvchi kuch — NATOda ham xuddi shu masala ko‘tarilgan. Ular alyans qo‘shinlari erkin harakatlanishi uchun «harbiy Shengen» yaratishmoqchi. NATO birlashgan qo‘mondonligi rahbariga ko‘ra, ayni paytda insonlar va texnikalar harakatlanishida milliy davlatlarning reglamentlari bilan bog‘liq juda ko‘p muammolar bor.
BAA Rossiya moliyaviy oqimlari ustidan nazoratni kuchaytirmoqda
Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan Rossiya firmalari mahalliy banklarning sinchkov nazorati ostiga olinadi.
Rossiyaga yoki uchinchi davlatlarga pul o‘tkazmalari endi g‘arb davlatlari bosimi ostida yanada qat’iyroq tekshirilmoqda va ko‘proq vaqtni talab qilmoqda. Ayrim banklar ko‘proq hujjat talab qilishmoqda, ba’zan o‘tkazmani asoslab berish yoki pullarning kelib chiqish manbasini ko‘rsatishni talab qilib, mablag‘larni bloklab qo‘ymoqda.
Qat’iylashtirilayotgan qoidalar barcha davlatlardan kelgan fuqarolar bilan bog‘liq, biroq sanksiyalar hajmi tufayli Rossiya kompaniyalari uchun vaziyat nihoyatda og‘irlashishi mumkin.
Bu o‘zgarishlarga qaramasdan, BAA Rossiyaning hali sanksiyalarga duchor bo‘lmagan ko‘plab kompaniyalari uchun afzal markazligicha qolmoqda.
Rossiya bilan hamkorlikdan qochish borasida yana bir yangilik: Gretsiyaning yirik kema tashuvchilik kompaniyalari (Minerva Marine, Thenamaris va TMS Tankers) Rossiya neftini tashimay qo‘yishdi. Ular g‘arb sanksiyalaridan qo‘rqishmoqda.
Gretsiyaning eng yirik uch kompaniyasi noyabr oyi boshlaridan buyon neft tashishga Rossiyadan bo‘lgan buyurtmalarni rad etmoqda. Bu kompaniyalarning jami neft tankerlari 100 dan oshadi va ularning rad etish to‘g‘risidagi qarori Rossiya uchun katta muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Kompaniyalar avvalroq urush homiylari ro‘yxatiga ham qo‘shilgan edi, endi esa ularning bunday statusi to‘xtatilgan.
Darvoqe, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy imzolagan yangi farmonda sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganlar orasida O‘zbekiston korxonalari va fuqarolari ham bor. Jumladan, Akkermann Cement, «Ohangaronsement» AJ, shuningdek, ikki nafar fuqaro sanksiyalar ro‘yxatidan joy olgan.
Mavzuga oid
13:40 / 28.05.2025
Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti
13:15 / 27.05.2025
HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti
13:31 / 26.05.2025
Putin vertolyoti atrofida dronlar hujumi, Hamasning harbiy operatsiyasi va YeIga bojlarni kechiktirgan Tramp – kun dayjesti
14:21 / 24.05.2025