Jahon | 21:05 / 24.11.2023
7258
2 daqiqa o‘qiladi

Garovdagi isroilliklarning birinchi guruhi ozod etildi 

Shuningdek, HAMAS garovdagi Tailand fuqarolarini ham qo‘yib yubordi. 

Foto: AFP

HAMAS harakati garvodagi isroilliklarning birinchi guruhini Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillariga topshirdi. Ular G‘azo bilan Misr chegarasidagi Rafah nazorat punktiga olib ketilmoqda. Bu haqda The Times of Israel nashriga tayanib Interfax xabar berdi. 

Ozod qilinganlarning soni 13 nafar ekani aytilmoqda. Qayd qilinishicha, ular dastlab tibbiy markazlarga yetkaziladi. 

Shu bilan birga, HAMAS harakati garovdagi 12 nafar Tailand fuqarosini ham qo‘yib yubordi. Bu haqda Tailand bosh vaziri Settha Thavisin ijtimoiy tarmoqlarda xabar qoldirdi. 

12 kishining ozod etilgani Tailand Xavfsizlik departamenti va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlandi. Ozodlikka chiqqanlarning ro‘yxati keyinroq e’lon qilinishi kutilmoqda. 

24 noyabr kuni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi 4 kunlik sulh amal qila boshladi. Kelishuvga ko‘ra HAMAS garovga olingan 50 kishini ozod qiladi, buning evaziga Isroil 150 nafar falastinlik mahbusni, asosan ayollar va o‘smir o‘g‘il bolalarni qo‘yib yuboradi. 

Ayirboshlash tomonlar kelishuviga ko‘ra davom etishi, sulh muddati ham uzaytirilishi mumkin.

Mavzuga oid