Jahon | 20:24 / 30.11.2023
18903
7 daqiqa o‘qiladi

Elboshining ikkinchi xotini, urushga hozirlik ko‘rayotgan Venesuela, sharqdan voz kechishga tayyor ukrainlar - kun dayjesti

Dunyo bo‘ylab Falastin xalqi bilan birdamlik kuni nishonlangan kunda G‘azoda oltinchi bor asirlar almashinuvi amalga oshirildi. Venesuela qo‘shni davlat hududini anneksiya qilishga tayyorlanmoqda. Nursulton Nazarboyev ikkinchi xotini borligini tan oldi. So‘nggi kun voqea va xabarlari bilan tanishtiramiz.

Kecha butun dunyoda Falastin xalqi bilan birdamlik kuni nishonlandi. Bu kun 1978 yildan buyon Birlashgan Millatlar tashkiloti shafeligi ostida nishonlanib keladi. Shundoq ham Isroilning G‘azoga hujumidan norozilik uyushtirilib kelinayotgan dunyo shaharlarida bu kun alohida nishonlandi.

Albatta, Falastin masalasida ovozi eng baland chiqayotgan dunyo yetakchilaridan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu masala ham befarq qolmadi.

Mamlakat parlamenti Milliy Majlisda chiqishi chog‘ida Erdo‘g‘an Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu tarixga «G‘azoning jallodi» sifatida kirajagini ta’kidladi.

«So‘nggi yuz yillikning eng buyuk yovuzligini amalga oshirgan Netanyahu tarixga «G‘azoning jallodi» sifatida o‘z nomini yozib qo‘ydi. 7 oktyabrdan buyon G‘azo ahli insoniyat tarixidagi eng manfur zarbalarga duchor bo‘ldi», — degan Erdo‘g‘an.

Turkiyaning birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an ham Falastinning ozodlik uchun kurashini qo‘llab quvvatladi.

«Toki adolatsiz sabablar bilan aybsiz insonlar o‘ldirilaverar ekan, dunda hech kim o‘zini xavfsiz his qilmaydi», — degan u. 

G‘azo aholisi yo‘qotishlari soni 16 mingga yetdi. 35 ming kishi yarador bo‘lgan. Urash zonasida bedarak yo‘qolganlar soni 6 mingdan oshgan. Ularning 1,7 mingi yosh bolalar. Anklavda 56 mingdan ziyod turarjoylar to‘liq vayron qilingan. 240 mingdan oshiq uylar qisman ziyon ko‘rgan.

Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi HAMAS tomonidan 10 nafar isroillik, 4 nafar Tailand fuqarosi bo‘lgan garovdagilarning oltinchi guruhi ozod qilinganini tasdiqladi. Bunga javoban Isroil o‘z qamoqxonalarida saqlab kelingan falastinlik mahbuslarning 30 kishilik oltinchi guruhini ozod qildi. 

Amerikaning Washington Post nashri prezident Jo Bayden HAMAS boshidan judo qilgan isroillik 40 chaqaloq masalasida ataylab yolg‘on gapirganini yozib chiqdi.

Shuningdek, nashr Joy Bayden tomonidan Isroilning qo‘llanilishi global darajada AQShga ishonch yo‘qotilishiga olib kelganini qayd etgan. AQSh rasmiylari Bayden administratsiyasi Isroilni qo‘llab, o‘z gardaniga og‘ir yukni ortib oldi, degan fikrda. 

Ukraina xabarlariga o‘tamiz. Kun davomida jang maydonlarida aytarli yangilik bo‘lmadi, e’tiborga molik bayonotlar yangramadi.

Ammo ukrainlarning 40 foizi okkupatsiya ostidagi hududlarsiz NATOga a’zo bo‘lishga roziligidagi to‘g‘risidagi so‘rovnoma natijalari e’lon qilindi. NATOga okkupatsiya ostidagi hududlarsiz qo‘shilish tarafdorlari mamlakat g‘arbida ko‘proq. Markazda va sharqda bunday g‘oyaga qarshilar ko‘pchilikni tashkil etgan.

Ukrainaga AQSh tomonidan ajratilayotgan pullarning katta qismi Amerikaning o‘zida qolmoqda deb yozadi The Washington Post gazetasi.

Nashrga ko‘ra, Kongress tomonidan ma’qullangan 68 mlrd dollarning 90 foizi amerikaliklarning o‘ziga sarflanmoqda. Xususan, (AQShning 31 shtatidagi 71 ta shaharda joylashgan 117 ta ishlab chiqarish liniyasida) yangi qurol ishlab chiqarish va zaxiradan Ukrainaga jo‘natilgan qurol-yarog‘larning o‘rnini qoplash uchun. 

Hammaning diqqati Yaqin Sharq va Ukrainadagi mojarolar bilan band bo‘lib turgangan Janubiy Amerikada ham qaynoq nuqta hosil bo‘lishi mumkin.

Yakshanba kuni Venesuelada bahsli Gayana-Essekibo hududini anneksiya qilish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Venesuela uzoq yillardan buyon qo‘shni Gayana davlatining tabiiy qazilmalarga boy 5/8 qismiga da’vogarlik qilib keladi.

Agar mamlakat fuqarolari qo‘shni hududni anneksiya qilish uchun ovoz bersa, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro harbiy amaliyot uchun kart-blansh oladi.

AQSh va Buyuk Britaniya Venesuela bilan hududiy bahsda Gayanani qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan. Solishtirish uchun: Venesuela aholisi qariyb 30 mln, Gayanada esa 750 ming aholi istiqomat qiladi. 

2024 yilda Rossiya xavfsizligini ta’minlash uchun davlat budjetining 40 foizigacha bo‘lgan qismi yo‘naltirilishi mumkin. Bu qaryib 121 milliard AQSh dollariga teng. Bu mamlakat tarixida mudofaa uchun sarflangan eng katta summa bo‘ladi.

Vladimir Putin allaqachon tegishli qonunni imzolagan hamda harbiylar va kuchishlatar tizimlarning xodimlari maoshlarini oshirishni buyurgan.

Budjetdan ajratilgan bu pullar aynan nimaga ketishini oddiy fuqarolar bila olishmaydi — xarajatlar bandlari maxfiylashtirilgan. 

Olmaotadagi uyda yong‘in oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida O‘zbekistonning ikki nafar fuqarosi — 2000 yilda tug‘ilgan yigitlar ham bor.

Yong‘in uch qavatli turarjoy binosining hostelga aylantirilgan yarimerto‘la qismida ro‘y bergan. Ma’lum qilinishicha, hostelda jami 72 kishi bo‘lgan, ulardan 59 nafari voqea joyidan mustaqil ravishda chiqib keta olgan. Qolganlar tutun va is gazidan halok bo‘lishgan.

Almati shahar hokimi Yerbolat Do‘sayev yerto‘lani hostelga aylantirish noqonuniy amalga oshirilganini aytgan. 

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘z memuarlarida ikkinchi xotini va undan farzandlari borligini tan olgan.

Nazarboyev ikkinchi ayoli Asel Isabayeva bilan Toldiqo‘rg‘onga borganda tanishgan. O‘shanda qiz samolyot trapi oldida prezidentni gullar bilan kutib olgan.

1999 yilda Asel Isabayeva «Qozog‘iston go‘zali» tanlovida g‘olib chiqqach, unga shar’iy nikoh bilan uylangan. 2005 va 2008 yillarda isabayeva Tayman va Bayken ismli o‘g‘illarni dunyoga keltirgan.

Nazarboyevning qayd etishicha, uning birinchi ayoli Sora va uch qizi Darig‘a, Dinara va Aliya ikkinchi oilasi haqida bilishgach, uni to‘g‘ri tushunishgan va kechirishgan.

Mavzuga oid