Iqtisodiyot | 16:05 / 01.12.2023
17957
5 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki O‘zbekistonga IT sohasida ish o‘rinlarini yaratish uchun 50 mln dollar ajratdi

Loyiha O‘zbekistonning qishloq va chekka hududlarida yashovchi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni o‘qitish va IT-kompaniyalar uchun ofis infratuzilmasini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Foto: Jahon banki

Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi “O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish uchun 50 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi.

Muassasa tarqatgan xabarga ko‘ra, loyiha hukumatning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda qishloq va chekka hududlardagi minglab yoshlarni raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish va axborot texnologiyalariga asoslangan xizmatlar (ITEC) sohasida ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘zbekistonda ITEC xizmatlari eksporti 2017 yildagi 600 ming dollardan 2022 yilga kelib 140 mln dollargacha oshdi, bu bilan bir vaqtda axborot texnologiyalari (IT) sohasida kompaniyalar soni va yuqori maoshli ish o‘rinlarining oshishi kuzatildi. Ushbu ijobiy o‘sishga qaramay, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari savdosi sektorining mamlakat yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan hissasi 2022 yilda 1,9 foizni tashkil etdi.

Mamlakatni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasida ushbu o‘n yillik yakuniga qadar O‘zbekistonni Markaziy Osiyo axborot texnologiyalari markaziga (IT-Hub) aylantirish, IT-xizmatlarning yillik eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, IT-kompaniyalarning mamlakatdagi vakolatxonalari sonini 1000 tagacha oshirish va 300 ming nafar yoshlarni IT sohasida ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Bu ulkan maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston raqamli texnologiyalar sohasidagi zarur ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash, kerakli IT va ofis infratuzilmasini rivojlantirish, IT sohasini rivojlantirish uchun qonunchilik normalarini va siyosatni ishlab chiqish, shuningdek, xorijiy va mahalliy investorlarni ushbu sohaga jalb qilish uchun rag‘batlar yaratishga e’tibor qaratishi kerak bo‘ladi, deyiladi Jahon banki relizida.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotiga kiritilayotgan sarmoyalar ayni paytda ta’lim olmayotgan, professional tayyorgarlikdan o‘tmagan va mehnat faoliyatida bo‘lmagan yoshlar, jumladan, ayollar sonini qisqartirishga ham yordam berishi mumkin.

“Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanoyotgan yangi loyiha O‘zbekistonga ITEC xizmatlari sohasidan iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadlarida foydalanishga yordam beradi. Mamlakatning qishloq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan minglab yoshlarni o‘qitish maqsadini ko‘zlagan ushbu loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi IT-Park tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha doirasida ushbu tayyorlov kurslaridan o‘tgan shaxslarni ishga oladigan ITECE kompaniyalari uchun turli xil rag‘batlar taqdim etiladi”, – dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Loyiha natijasida 2029 yil yakuniga kelib O‘zbekiston ITECE xizmatlari sohasida 25 ming kishi ish bilan ta’minlanishi va 15 ming kishi turdosh sohalarda ish topish imkoniyatiga ega bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Loyiha bu maqsadlarga erishish uchun turli xil chora-tadbirlarni maqsad qilgan, jumladan:

  • Butun mamlakat bo‘ylab zamonaviy ofis maydonlarini taklif qiluvchi 11 tagacha hududiy ITEC markazlari ishga tushiriladi. Ushbu chora-tadbirlar ITEC kompaniyalarini O‘zbekiston hududlarida o‘z vakolatxonalarini ochishga rag‘batlantiradi.
  • 6200 ga yaqin yoshlar, shu jumladan 3100 nafar ayollar va 250 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar kommunikatsiya, kompyuter va til ko‘nikmalarini (ITEC kompaniyalarida talab qilinadigan ingliz va boshqa chet tillari) o‘z ichiga olgan asosiy professional ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturlari bo‘yicha ta’lim oladi.
  • 9000 ga yaqin yoshlar, shu jumladan 4500 nafar ayollar va 360 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ITEC kompaniyalarida ish bilan ta’minlanadi. Kompaniyalarga o‘z navbatida loyiha doirasidagi ishtirokchilarni ishga olishi uchun moddiy rag‘batlar beriladi.
  • O‘zbekistonda xorijiy va mahalliy ITEC kompaniyalari faoliyati uchun qulay sharsharoitlarni ta’minlashda muhim o‘rin tutgan normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.

Yuqorida qayd etilgan loyiha chora-tadbirlari natijasida 240 ga yaqin yangi ITEC kompaniyalari IT-Park rezidentlariga aylanishi va O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlashi maqsad qilingan.

Mavzuga oid