Jahon | 20:54 / 01.12.2023
8653
6 daqiqa o‘qiladi

Qayta bombalanayotgan G‘azo, Dubaydagi iqlim sammiti va saylovlardan qutilgan Ukraina - kun dayjesti

G‘azoda gumanitar sulh uzaytirilmadi va Isroil bombalashni qayta boshladi, Dubayda ko‘plab mamlakatlar rahbarlari ishtirokida iqlim sammiti boshlandi, Ukrainada urush tugaguncha saylovlar o‘tkazilmaydigan bo‘ldi — shu va boshqa xabarlar tafsilotlari kun dayjestida.

G‘azoda yetti kun davom etgan gumanitar otashkesim yakunlandi.

Isroil tomoni HAMAS garovdan ozod qilinishi rejalashtirilgan asirlarning ro‘yxatini bermagani, Isroil tomonga raketa uchirganini ro‘kach qilib harbiy harakatlar qaytalanganini e’lon qildi.

Allaqachon G‘azo sektoridagi Jabaliya va Xon Yunus shaharlariga Isroil zarba bergani haqidagi tasvirlar paydo bo‘ldi. Allaqachon 10ga yaqin insonlar halok bo‘lgani va yana ko‘plab odamlar jabrlangani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda.

«Biz HAMASni yo‘q qilamiz deb qasam ichganmiz, men qasam ichganman. Bizni hech narsa to‘xtat olmaydi. Biz urushni davom ettiramiz», — degan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu.

Tunda G‘azoda asirlarning 7-guruhi almashilgan edi. HAMAS olti nafar garovda ushlab turilganlarni ozod qilgan. Bunga avvalroq ozod qilingan ikki nafar Rossiya fuqaroligiga ham ega ikki ayolni ham qo‘shib hisoblashgan.

Isroil esa kelishuvga muvofiq, ro‘yxati berilgan 30 nafar mahbuslarni ozod qilgan. 

Dubayda iqlim o‘zgarishi muammolari muhokama qilinadi. Dunyoning 140 davlati yetakchilari, 70 ming delegat — siyosachtilar, biznesmenlar, xalqaro tashkilotlar tahlilchilari, aktivistlar, tub aholi vakillari va jurnalistlar Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida BMTning iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha muzokaralarini o‘tkazish uchun yig‘ilishdi. Ular global iqlim isishini cheklash bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish masalasini muhokama qilishadi

COP28 konferensiyasi tezkor g‘alaba bilan boshlandi. Chunki mamlakatlar tabiiy ofatlar holdan toydirgan davlatlar uchun»zarar va ziyonlar» fondi tashkil etishga kelishib olishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ko‘plab davlat rahbarlari ishtirok etayotgan ushbu konferensiyada qatnashish uchun Dubay shahrida bo‘lib turibdi. Mirziyoyev konferensiyada birinchilardan bo‘lib nutq so‘zladi.

Qayd etib o‘tish kerak, dunyoning nufuzli yetakchilaridan Vladimir Putin, Jo Bayden va Si Jinping Dubayga kelmagan. 

Ukrainada urush tugagunga qadar prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

Xalq deputatlari tegishli hujjatni imzolashgan. Ukrainada harbiy holat bekor qilinganidan so‘ng kamida 6 oy o‘tgach Ukrainada saylov o‘tkaziladi.

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Rossiya armiyasining Ukrainadagi yo‘qotishlari 300 ming kishidan oshganini ta’kidladi.

«2022-yilning fevralida mamlakatga bostirib kirgan RF prezidenti Vladimir Putin muntazam armiyasining katta qismidan, yuzlab samolyotlar, minglab tanklardan ayrildi. Urush Rossiyani siyosiy, iqtisodiy va harbiy jihatdan kuchsizlantirdi. Lekinga unga yetarli baho bermaslik kerak emas. Rossiya iqtisodiyoti harbiy relslarga o‘tkazildi», — dedi Stoltenberg.

NATO rahbariga ko‘ra, Rossiya qish uchun raketalarning ulkan zaxirasini to‘plagan, Ukraina xalqini sovuq va qorong‘ilikda qoldirish uchun uning energiya tizimi va infratuzilmasiga zarba berishga yangi urinishlar bo‘lmoqda.

Jahon banki Yaponiya hukumati kafolati ostida Ukrainaga 1,2 mlrd dollar qarz ajratilishini ma’qulladi.

AQSh esa dastlabki ma’qullangan budjet doirasida Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazishda davom etmoqda, biroq mablag‘ tugab borayapti, deyiladi Pentagon bayonotida.

Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukraina uchun 4 yilga mo‘ljallangan 50 mlrd yevrolik moliyaviy yordam paketini ma’qulladi. Budjet masalalari bo‘yicha yevrokomissar Yohannes Hann yordam paketini e’lon qildi, xususan, yordam paketi hajmi bo‘yicha Yevroittifoq davlatlaridan birortasi e’tiroz bildirmagan. 

Dubaydagi iqlim konferensiyasiga jo‘nab ketish oldidan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘z partiyasiga murojaat qildi. Adolat va taraqqiyot partiyasi 31 mart kuni o‘tkaziladigan mahalliy saylovlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

«Bizning maqsadimiz — munitsipal xizmatlardan bebahra qolib qiynalayotgan Istanbul va Anqara boshchilik shaharlarni yana qayta qo‘lga kiritishdir. JXPdan mer saylangan shaharlarda fuqarolarimiz kichik-kichik xizmat ko‘rsatishlardan ham qiynalishmoqda. Biz yana shaharlarimizni 5 yil yo‘qotishga ko‘nmaymiz. Biz kattaroq foizlarda g‘alaba qozonamiz», — degan Erdo‘g‘an.

Endi qolgan yangiliklarning qisqacha tafsilotlariga o‘tamiz.

Rossiyaning eng yirik neft va gaz kompaniyalari tushumi 2023-yilning 9 oyida 41 foizga tushib ketgan. Bu haqda Rossiya Markaziy banki «Moliyaviy barqarorlik sharhi»da xabar qilgan. «Bunga narx kon’yunkturasi yomonlashuvi va sanksiyalar qat’iylashtirilishi fonida neft eksporti hajmi kamayishi, logistika zanjirlari va moliyaviy oqimlarni qayta yo‘lga qo‘yish sabab bo‘lgan», deyiladi sharhda.

Tunda Rossiya janubidagi Rostov shahrida eng yirik buyum bozorida yong‘in chiqdi. Olov 4500 metr kvadrat maydonni qoplab olgan. Jabrlanganlar haqida ma’lumotlar berilmadi. Yong‘inni tongga yaqin o‘chirishga muvaffaq bo‘lishgan.

So‘nggi bir yil ichida jahondagi milliarderlar soni 7 foizga oshib, 2542 kishiga yetgan. Shveytsariyaning USB banki ma’lumotlariga ko‘ra, ularning umumiy boyligi 9 foizga ko‘payib, 12 trillion dollardan oshgan. O‘tgan yili milliarderlarning umumiy boyligi 11 trillion dollardan sal ko‘proq edi.

Mavzuga oid