Hujum zonasini kengaytirgan Isroil, qo‘shnisini bosib olishni ma’qullagan Venesuela, dunyoda avj olayotgan bolalar pnevmoniyasi - kun dayjesti
Isroil G‘azo sektorida yer usti operatsiyasi olib borilayotgan zonani kengaytirdi, Ukrainada rahbarlar reytingi solishtirildi, Venesuelada referendumda prezident Maduro kutgan natija qayd etildi. Shu va boshqa kun yangiliklari xalqaro xabarlar dayjestida.
Isroil armiyasi xabariga ko‘ra, HAMASga qarshi jangovar harakatlar endi avval sektorning xavfsiz hududi deb e’lon qilingan, shimoldan odamlar majburiy ko‘chirilgan janubiy qismida ham olib borilmoqda. BMT xabariga ko‘ra, o‘z uylarini tark etgan g‘azolik qochiqinlar soni 1,8 million kishini tashkil etadi. Isroil endi ularni ham bombalaydi. Bu esa tinch aholi orasida qurbonlar soni keskin ortishiga olib kelishi shubhasiz.
Hozirga kelib G‘azoda halok bo‘lgan insonlar soni 15 ming 523 nafarga yetgan. Ularning katta qismi bolalar va ayollardan iborat. Ya’ni tinch aholi vakillari. Birgina gumanitar pauzadan so‘ng qaytalangan hujumlardan so‘ng o‘lganlar soni 200 ga yaqinlashib qoldi.
G‘azoda shu vaqtgacha halok bo‘lgan Isroil askarlari soni esa 400 nafarga yaqinlashib qoldi, deb xabar beradi The Times of Israel gazetasi.
G‘azo fuqarolik mudofaasi tashkiloti Isroil hujumlari oqibatida vayron bo‘lgan binolar va inshootlar ostida minglab insonlarning jasadi borligini ta’kidlagan va tinimsiz davom etayotgan jangovar harakatlar va zarur texnikalar yetishmasligi tufayli ularni chiqarib olishning imkoni bo‘lmayapti.
AQSh vitse prezidenti Kamala Harris ham G‘azoda juda ko‘plab begunoh insonlar halok bo‘lganini qayd etgan. «G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar va tinch aholining iztiroblari kishi dahshatga soladi», degan u Dubayda o‘tayotgan iqlim konferensiyasida.
Qolaversa, Amerikadagi yoshlarning juda katta qismi G‘azoga Isroil hujumlarini oqlamasligi ma’lum bo‘ldi.
Gallup kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, Amerikadagi ayollarning 52 foizi, 18–34 yoshdagi yoshlarning 67 foizi Isroilning hujumlarini aslo qo‘llab-quvvatlamasliklarini bildirishgan.
Ukrainadagi voqealarga o‘tamiz.
Ayni paytda Ukrainada bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniyning reytingi mamlakat rahbari Volodimir Zelenskiyning reytingidan balandroq bo‘lib turibdi, deb yozadi Ukrainaning «Informator» nashri. Bosh qo‘mondonga ukrainaliklarning 82 foizi ishonsa, Zelenskiyning ishonch reytingi 72 foizga teng. Biroq, so‘ronomalarga ko‘ra, bu ikkisi prezidentlik saylovida qatnashadigan bo‘lsa, Zelenskiy birinchi turda 47,4, ikkinchi turda 42 foiz ovoz bilan Zalujniy ustidan g‘alaba qozongan bo‘lardi.
Ukraina jamiyatida prezidentning reytingi tushib borayotgani Kiyev merini hayron qoldirmayapti. «Odamlar kim samarali ekanligini ko‘rib-bilib turibdi. Kutilmalar juda ko‘p edi va hamon ko‘p. Zelenskiy o‘zi yo‘l qo‘ygan xatolar uchun javob beradi», — degan Vitaliy Klichko shveysariyalik jurnalistning savoliga javoban.
Umuman olganda, Zalujniy The Economist nashriga bergan intervyusida frontdagi vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolganini aytganidan buyon prezident Zelenskiy bilan ikkisining orasida olamushuk o‘tib qolgani haqida turli xabarlar va mish-mishlar yangramoqda.
Bu orada Polsha Ukrainaga 18 ta Krab o‘ziyurar gaubitsasini topshirdi. 155 mm diametrli snaryadlarni otuvchi bunday mashinalardan yana 56 tasi yetkazib beriladi.
Garchi Polsha avvalgi kelishuvlar bo‘yicha harbiy texnikalar yetkazib berayotgan bo‘lsa-da, Ukrainaga g‘arb davlatlarning kelgusidagi yordami ham xavf ostida qolgan. Ukraina Yevropa Ittifoqi tomonidan va’da qilingan 50 milliard yevroni Germaniyadagi budjet krizisi va ayrim davlatlarda o‘ta o‘ng partiyalar pozitsiyalari kuchaygani sababli qo‘lga kirita olmasligi mumkin, deb yozadi Financial Times nashri.
Ukrainadagi front chizig‘idagi okoplarda haddan ziyod ko‘payib ketgan sichqon, kalamush va ilonlarga qarshi kurashish uchun ukrainlar askarlarga mushuk jo‘nata boshlashdi.
ASB nashrining xabariga ko‘ra, okoplardagi kemiruvchilar va ilonlar Ukraina armiyasi uchun haqiqiy bosh og‘riq bo‘lmoqda. Sichqonlar va kalamushlar blindajlarda dam olayotgan askarlarning uxlashiga xalaqit bermoqda, tishlab hujum qilmoqda, ko‘ziga ko‘ringan narsani kemirib ketmoqda, hattoki qurollarning yog‘och qo‘ndoqlarini ham.
Bu muammoni hal qilish uchun volontyorlar qopqon yasash uchun pul yig‘moqda, harbiylar esa eng yaxshi vosita mushuk ekanini aytishgan.
Rossiyada esa qanday qilib mamlakatda tug‘ilish va askarlar sonini ko‘paytirish ustida bosh qotirishmoqda.
Mamlakat parlamentida qiziq takliflar yangramoqda. Masalan, Dumaning bir emas ikki deputati armiyada majburiy chaqiruv bo‘yicha xizmat qilishni yana ikki yilga ko‘tarishni taklif qilishdi. Mudofaa bo‘yicha qo‘mita a’zosi general Gurulyov askarlarni tayyorlash uchun bir yil yetarli emasligini ta’kidlagan. Uning gaplarini yana bir general Sobolev qo‘llab-quvvatlagan.
Rossiyada, shuningdek, befarzandlik uchun soliq joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Davlat dumasi deputati Fyodorov SSSR chog‘ida bunday amaliyot qo‘llanilgani va budjetga badallar «o‘zini juda samarali ko‘rsatgani»ni eslatgan.
Davlat dumasi vitse-spikeri, jurnalist Pyotr Tolstoy esa ayollarni homiladorlikni uzishdan qaytargan vrachlarni mukofotlashni taklif qilgan. Bu holatda abortlarni taqiqlash to‘g‘risida gap bormayotganiga ham urg‘u bergan.
Rossiyada 2030 yilga borib ishchilarning yetishmovchiligi 2–4 million kishiga yetishi mumkin, deb yozadi «Kommersant» nashri «Yakov i partnyory» konsalting firmasi ma’lumotlariga asoslanib. Tadqiqot mualliflari malakali ishchilarning yetishmasligi allaqachon maoshlar ko‘tarilishiga olib kelganini qayd etishgan.
Janubiy Amerikada ham bir qaynoq nuqta pishib yetilmoqda. Venesuela hukumati qo‘shni Gayanadagi Essekibo hududini anneksiya qilish bo‘yicha 3 dekabr, yakshanba kuni mamlakatda o‘tkazilgan referendumda qatnashgan ovoz beruvchilarning 95,3 foizi «ha» deb javob berganini e’lon qildi.
Nikolas Maduro hukumati endi qo‘shni davlatning 70 foiz hududini o‘ziga qo‘shib olish uchun Xalqaro sud qaroriga ters o‘laroq harakat qiladi. Maduro «Venesuela xalqi baland va aniq qilib o‘z fikrini bildirgani»nini ta’kidlab, bu g‘alaba o‘ziga tegishli ekanini aytgan.
Gayana prezidenti Irfon Ali, o‘z navbatida, xalqiga murojaat qilib, juda kuchli xalqaro qo‘llovga ega ekanliklarini ta’kidlab, mamlakat armiyasi qat’iyatli ekanidan ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, agar aholisi qariyb 30 million bo‘lgan Venesuela Gayanaga harbiy hujum qilsa AQSh va Buyuk Britaniya aholisi 750 ming bo‘lgan Gayanaga yordam berishini e’lon qilgan.
AQSh Qizil dengizda uchta tijoriy kemaga Yamanning Eron qo‘llab-quvvatlayotgan qo‘zg‘olonchi-husiychilarning «Ansorulloh» harakati to‘rt bor hujum uyushtirdi, deb hisoblash uchun barcha asoslarga ega ekanini ma’lum qilgan. Bu haqda AQSh Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi xabar qilgan.
Dunyo bo‘ylab bolalarga yopishayotgan g‘alati zotiljam — pnevmoniya kasalligi avj olmoqda. 5–12 yoshdagi bolalarni to‘shakka mixlayotgan pnevmoniyaning avj olishi Xitoy, Daniya, Fransiya va Niderlandiyada kuzatilmoqda, deb xabar beradi CNN. Shuningdek, kasallik kutilmagan AQShning Ohayo shtatining bir okrugida qo‘zg‘algani qayd etilgan.
Bir necha kun avval Xitoy pnevmoniya mikropazmasi bakteriyasi chaqirgan kasallik tufayli pediatriya kasalxonlari to‘lib toshib ketganini xabar qilgan edi.
Mavzuga oid
14:38 / 23.11.2024
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024