Jahon | 19:10 / 05.12.2023
9954
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Isroil HAMAS tunnellarini dengiz suviga bo‘ktirish haqida o‘ylamoqda

TsAHAL Ash-Shati qochqinlar lageri yaqinida dengiz suvini yig‘ish uchun yirik nasoslar tizimini barpo etgan.

Foto: Getty Images

Isroil G‘azodagi HAMASga tegishli yerosti tunnellarni suvga bo‘ktirmoqchi. Bu haqda AQSh hukumatidagi manbasiga tayanib WSJ nashri xabar bergan.

Nashrning yozishicha, Isroil harbiylari tunnellarni O‘rta Yer dengizi suvlariga bo‘ktirmoqchi. Buning uchun maxsus nasos stansiyasi ham qurilgan. Noyabr oyida Ash-Shatidagi qochoqlar lageri yaqinida bunday nasoslardan kamida 5 tasi tayyorlangan.

TsAHAL bu amaliyotni qachon boshlashi, buning uchun barcha asirlar ozod qilinishini kutish yoki kutmasligi aniq emas. Asirlar aynan mana shu tunnellarda saqlanayotgani taxmin qilinadi. Shuningdek, agar tunnellar sho‘r dengiz suviga to‘ldirilsa, bu G‘azodagi yerosti ichimlik suvi ifloslanishiga ham olib kelishi mumkin.

G‘azo sektori uzunligi 42, eni 12 kilometrlik kichik joy bo‘lishiga qaramay, undagi HAMASning labirinsimon tunnellarining jami uzunligi 500 kilometrga yetadi. Bu ma’lumotni 2021 yil harakatning siyosiy qanoti yetakchisi Yahyo Sinvar ma’lum qilgandi. Isroillik harbiylar bu labirinsimon tunnellarni «G‘azo metrosi» deb atashadi.

Isroil tomoni 2021 yil aviazarbalar oqibatida 100 kilometrdan ortiq tunnel vayron qilingani haqida xabar bergandi. HAMAS esa tunnellarning 25 kilometrlik qismi zarari ko‘rganini tasdiqlagan.

HAMAS Isroil uning harakatlarini havodan doimiy kuzatib turish imkoniga ega bo‘lgani uchun mana shunday istehkom qurishga majbur bo‘lgan. Agar Isroil ularni chindan bo‘ktirishga qaror qilib, nasoslar soatiga ming kub suvni haydab bersa ham, bu barcha tunnellarni suvga bo‘ktirish uchun bir necha hafta vaqt ketadi degani.

Bunaqasi avval ham bo‘lgan

G‘azodagi tunnellar avval ham suvga bo‘ktirilgan, ammo Isroil tomonidan emas. 2015 yil Misr tunnellarning o‘z chegarasiga yaqin bo‘lgan bir qismini kontrabandaga qarshi kurash doirasida suvga to‘ldirgandi.

Reuters bu borada TsAHALdan ma’lumot so‘ragan. Isroil mudofaa armiyasi tunnellar bo‘yicha bunday amaliyotni tasdiqlamagan, ammo «HAMASning salohiyatini har xil harbiy va texnik yo‘llar bilan kamaytirish ustida ishlayotgani»ni ma’lum qilgan.

Isroil tomoni HAMAS 7 oktyabrda aynan tunnellar yordamida mamlakat hududiga kirgan deb hisoblaydi. Shuningdek, TsAHAL G‘azodagi Ash-Shifo kasalxonasi ostidan tunnel o‘tganini iddao qilgan. HAMAS tunnellari fuqarolik obektlaridan o‘tishini rad etadi, lekin asirlar aynan shunday joylarda saqlanishini tasdiqlaydi.

Mavzuga oid