O‘zbekiston | 14:50 / 05.12.2023
4952
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘istonda xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

Senat raisi amaliy tashrifi doirasida Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev hamda Qozog‘iston Parlamenti Majlisi raisi Yerlan Koshanov bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.

Foto: Senat axborot xizmati

4 dekabr kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Ostona shahrida 2023 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqotida Qozog‘iston Respublikasining raisligi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir doirasida Markaziy Osiyo mintaqasida gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish va ayollar huquqlarini himoya qilishda parlamentlar va fuqarolik jamiyatining o‘rni hamda mintaqada xotin-qizlar uchun qonun ustuvorligi kabi mavzular muhokama qilingan. Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati raisi mintaqa davlatlarining so‘nggi 3 yildagi faol hamkorligi va mushtarak faoliyati muloqot muhim maydonga aylanganidan dalolat ekanini ta’kidlagan.

“Bizning platformamiz gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan yagona tuzilmaga aylandi. Bu ishtirokchi mamlakatlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirdi va butun mintaqamiz uchun umumiy bo‘lgan dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish imkonini berdi. Biz bilan birgalikda xotin-qizlarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati ham faollashdi. Ularning bugungi tadbir ishida keng ishtirok etishi mintaqada xotin-qizlarni birlashtirishda yuqori darajaga erishilganidan dalolatdir”, – deb qayd etgan Tanzila Norboyeva.

Yig‘ilishda kun tartibidagi ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va unga barham berish, mintaqada xotin-qizlar uchun qonun ustuvorligini ta’minlash kabi masalalarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashilgan. Muloqotda raislik muddati bir yil bo‘lgani sababli 2024 yilda uni boshqa davlatga o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqilib, raislik Qirg‘iz Respublikasiga o‘tgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti mintaqa parlamentlari ayol a’zolari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun norasmiy platforma hisoblanadi. Muloqot BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va “BMT Ayollar” tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan va faoliyat yuritmoqda. Muloqot rasman 2020 yil dekabr oyida ish boshlagan. 2021 yilda O‘zbekiston, 2022 yilda esa Turkmaniston Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilgan.

Senati raisi amaliy tashrif doirasida Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev hamda Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi raisi Yerlan Koshanov bilan uchrashuvlar ham o‘tkazgan.

Uchrashuvlarda ikki davlat o‘rtasida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni huquqiy jihatdan ta’minlash uchun qonun ijodkorligiga e’tibor qaratish hamda parlament nazorati doirasida ularning ijrosini ta’minlashga ko‘maklashishga kelishib olingan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid