Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maduro Gayananing bir qismini Venesuela provinsiyasi deb e’lon qildi
Venesuela rahbari Maduroning ma’lum qilishicha, Gayana g‘arbiy qismi – Essekibo bundan buyon uning mamlakatidagi 24-shtat bo‘ladi. U resurslarga boy ushbu hududda neft qazib olish uchun litsenziyalar berishni zudlik bilan boshlashni buyurdi.
Venesuela rahbari Nikolas Maduro bahsli referendum natijalariga ko‘ra, qo‘shni Gayana bilan chegaradagi ushbu mamlakatning g‘arbiy qismi – Essekiboni Venesuelaning 24-shtati deb e’lon qildi. Parlamentning 5 dekabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida u tegishli qonun loyihasini kiritishni taklif qildi.
Maduro, shuningdek, Venesuela davlat neft konglomeratiga zudlik bilan tabiiy resurslarga boy Essekiboda neft, gaz va boshqa foydali qazilmalarni qazib olish uchun litsenziyalar berishni boshlashni buyurdi. U dengizda ishlaydigan neft kompaniyalariga operatsiyalarni to‘xtatish uchun uch oy berdi.
«Faqat yaxshilikcha. Xalqaro huquqni hurmat qilgan holda, qonunlarni hurmat qilgan holda, yaxshi qo‘shnichilikni hurmat qilgan holda», - dedi Maduro. Shuningdek, u yaqin kelajakda Venesuelaning Gayana-Esekiba shtati kiritilgan yangi xaritasi mamlakatdagi barcha ta’lim muassasalariga yuborilishini aytdi.
Bahsli referendum
3 dekabr kuni Venesuelada munozarali referendum bo‘lib o‘tdi, unda rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, fuqarolarning 95 foizi Essekiboning o‘z mamlakati tarkibiga kiritilishini yoqlagan. Gayana prezidenti Irfaan Ali referendumni Venesuelaning mintaqani anneksiya qilishiga sabab deb atadi. Gayana bosh prokurori Anil Nandlall, agar Venesuela keyingi qadamlar qo‘ysa, BMT Xavfsizlik kengashidan yordam so‘rashini aytdi.
Gayana avvalroq Venesueladagi referendumni o‘zi uchun ekzistensial tahdid deb atagan edi. Essekibo bu sobiq Britaniya mustamlakasi yer maydonining uchdan ikki qismini egallaydi. Gayanadagi 800 ming aholining 125 mingi shu yerda yashaydi.
Neftga boy mintaqa
Venesuela yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida Essekiboga da’vo qilib keladi. ExxonMobil neft konserni 2015 yilda mintaqada neftga boy konlarni aniqlaganidan keyin uning da’vosi yanada kuchaydi. Shu yilning oktyabr oyida Essekiboda yana bir yirik neft koni topildi, u Gayana neft zahiralarini kamida 10 milliard barrelgacha oshiradi. Bu Kuvayt yoki Birlashgan Arab Amirliklaridan ko‘proq.
1966 yil 17 fevralda Venesuela va Gayana Jyeneva shartnomasini imzoladi, Gayana mintaqadagi hududiy nizolarni hal qilishda Britaniya imperiyasining vorisi bo‘ldi. 1999 yilda Parijdagi arbitraj sudi Essekibo hududini Gayananing bir qismi deb tan oldi.
Gayana rasmiylari ushbu qarorni tasdiqlash uchun BMT Xalqaro sudiga murojaat qildi. Sud Venesuelaga Gayananing ushbu hudud ustidan nazoratini shubha ostiga qo‘yadigan harakatlar qilmaslikni buyurgan, ammo referendum o‘tkazishni taqiqlamagan.
Mavzuga oid
21:42 / 10.01.2025
AQSh Venesuela prezidenti Maduro haqidagi ma’lumot uchun 25 million dollar mukofot tayinladi
17:28 / 08.01.2025
Venesuelada AQSh, Kolumbiya va Ukraina fuqarolari bo‘lgan 7 kishi hibsga olindi
19:56 / 13.10.2024
Venesuela hukumati jurnalistlarning xorijga chiqish pasportlarini tortib olayotgani ma’lum bo‘ldi
20:30 / 24.09.2024