Sport | 13:46 / 07.12.2023
40533
18 daqiqa o‘qiladi

«Siti»da sharmandali mag‘lubiyat, «MYu» ko‘tarilmoqda. APLda tur o‘yinlari

«Shaharliklar» endi «Arsenal»dan olti ochkoga ortda qolmoqda. Angliya chempionatida hafta o‘rtasida o‘tkazilayotgan turdagi asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.

Foto: MICHAEL REGAN/GETTY IMAGES

«Arsenal» Lutonda kambek qildi

«Luton» – «Arsenal» 3:4
Gollar:
0:1 – 20 Martinelli, 1:1 – 25 Osho, 1:2 – 45 Gabriel Jyezus, 2:2 – 49 Adebayo, 3:2 – 57 Barkli, 3:3 – 60 Haverts, 3:4 – 90 Rays.
«Luton» – Kaminski, Kabore, Bell, Osho, Menji, Dauti (Jaylz, 88), Taunsend (Ogbene, 62), Barkli, Raddok-Mpanzu (Klark, 88), Braun (Chong, 61), Adebayo (Morris, 61).
«Arsenal» – Rayya, Uayt, Gabriel, Saliba, Kiver (Zinchenko, 64), Edegor, Rays, Haverts, Martinelli (Trossar, 64), Saka, Gabriel Jyezus.
Ogohlantirishlar: Braun (33), Barkli (44), Gabriel Jyezus (45), Arteta (90).

«Arsenal» «Luton» bilan o‘yinda ochko yo‘qotishi mumkin edi, ammo qo‘shimcha daqiqalarda g‘alaba goli urildi.

Mehmonlar o‘yin ancha xotirjam boshlashgandi, 20-daqiqada Bukayo Saka darvozabon hududiga to‘p uzatdi, Gabriel Martinelli uni yerlatib darvoza to‘riga kiritdi.

Ammo besh daqiqa o‘tib mezbonlar javob qaytardi: burchakdan to‘p uzatildi, himoyachi Gebriel Osho bosh bilan oddiy zarba berdi, Rayya to‘pga otildi, ammo yeta olmadi.

Bo‘lim oxirida «Arsenal» ikkinchi golni urdi: Ben Uayt o‘z qanotida hujumga qo‘shilib, jarima maydonidagi Jyezusni to‘p bilan ta’minladi – braziliyalik hujumchi shunchaki to‘pni darvozaga joylab qo‘yishi qolgandi.

Shundan keyin favorit bu o‘yinni bermasligi aniqdek ko‘rinayotgandi.

Ammo «Luton» ikkinchi bo‘limda o‘yinni kuchaytirdi: avvaliga forvard Elayja Adebayo hisobni tenglashtirdi, bir necha daqiqa o‘tib tarixiy vaziyat kuzatildi – Ross Barkli gol urdi. Bu uning APLda 2022 yil mayidan buyon urgan ilk goli bo‘ldi: o‘shanda u «Chelsi» safida «Uotford» darvozasini ishg‘ol etgandi.

U bu golini o‘z tug‘ilgan kunida urdi. Rayya esa unga sovg‘a tayyorlagandi – ispaniyalik darvozabon o‘ziga kelgan to‘pni o‘tkazib yubordi.

Adebayoning hisobni tenglashtirgan goli ham ispaniyalik darvozabonniki edi – u bu safar ham burchakdan to‘p uzatilganda noto‘g‘ri pozitsiya tanladi va to‘pga chiqa olmadi.

Lekin darvozabonning xatolari «Arsenal»ning ruhini sindirib qo‘ymadi. Bir necha daqiqa o‘tib Haverts hisobni tenglashtirdi (mavsum startida moslashish jarayonidan o‘tgan nemis futbolchisi so‘nggi to‘rt o‘yinda uch gol muallifi bo‘ldi), mehmonlar «Luton»ni jarima maydoni ichiga qamab qo‘yishdi. Kayda dublni rasmiylashtirish uchun vaziyatlar bo‘ldi, Trossar vaziyatlarni yo‘qqa chiqardi va barchasi o‘yin 3:3 hisobida yakunlanishiga qarab ketayotgandi.

97-daqiqada esa Deklan Rays jarima maydoniga yetib keldi, Edegorning uzatmasidan keyin g‘alaba golini urdi.

«Arsenal» yana o‘z xarakterini namoyish etmoqda. Buni chempioncha grafik deyish mumkin:

  • 96’ – «Man Yunayted»ga qo‘shimcha daqiqalarda ikki gol urilgandi, 3:1.
  • 86’ – «Man Siti»ga g‘alaba goli urildi, 1:0.
  • 89’ – «Brentford» ham so‘nggi daqiqalardagi gol qurboni bo‘ldi, 1:0.
  • 84’ – «Chelsi», 0:2 hisobidagi natija o‘yin oxirida 2:2 ko‘rinishiga keltirildi.

Bu safar – «Luton»ga qarshi o‘yinning 97-daqiqasida kambek.

«Liverpul» saviya evaziga ustun keldi

«Sheffild Yunayted» – «Liverpul» 0:2
Gollar:
0:1 – 37 van Deyk, 0:2 – 90 Soboslai.
«Sheffild Yunayted» – Foderingem, Bogl, Robinson, Ahmedhojich, Trasti (Lou, 88), Bruks (Flek, 74), Hamer, Vinisius (Norvud, 86), Makati, Archer, Osula (Traore, 75).
«Liverpul» – Kelleher, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Gomes, Endo, Soboslai, Mak Allister (Djons, 59), Saloh (Elliott, 67), Dias (Nunes, 67), Gakpo (Gravenberh, 86).
Ogohlantirishlar: Endo (34), Konate (62), Nunes (84), Norvud (90), Bogl (90).

Tur arafasida murabbiyni almashtirgan autsayderga qarshi o‘yinda «Liverpul» yo‘q joydan o‘ziga muammo tug‘dirishi mumkin edi, ammo jarohat tufayli safdan chiqqan Alisson o‘rniga qizillar darvozasini qo‘riqlayotgan Kelleher jamoadoshi xatosini tuzatdi. «Sheffild» o‘z imkoniyatidan foydalana olmadi, mehmonlar esa burchak zarbasidan maksimum natija chiqarib olishdi. To‘p uzatilayotganda barcha darvoza tomon intildi, orqaroqda bo‘sh qoldirilgan van Deyk esa to‘pni to‘xtatmay darvozaga joyladi.

Bu uydagi mashg‘ulotlarda tayyorlangan gol edi va «Liverpul» ikkinchi bo‘lim boshida ham bu mashqni takrorladi. Bu safar ham Trent to‘pni aynan o‘sha nuqtaga yetkazib berdi, farqi to‘pga Saloh zarba berdi, mezbonlar darvozaboni esa qutqardi. Yurgen Kloppning kayfiyatini faqat bir narsa buzgan bo‘lishi mumkin, Mak Allister jarohatlandi. Va usiz jamoa o‘yin oxirida himoyada ko‘p mehnat qilishiga to‘g‘ri keldi. Lekin o‘yin oxirida qarshi hujumda Nunes Soboslaini yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yuborib, g‘alabali natijani ta’minladi va «Arsenal» mersisaydliklardan uzoqlashib keta olmaydigan bo‘ldi.

«Siti» «Villa»ga so‘zsiz mag‘lub bo‘ldi. Emeri Pepni to‘rtinchi o‘ringa tushirib yubordi

«Aston Villa» – «Manchester Siti» 1:0
Gol:
1:0 – 74 Beyli.
«Aston Villa» – Martines, Konsa, Diyego Karlos, Pau Torres, Din (Moreno, 90), Beyli (Diabi, 85), Makginn, Tilemans (Remzi, 85), Kamara, Duglas Luis, Uotkins (Duran, 90).
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker, Ruben Diash, Gvardiol, Stounz, Akanji, Lyuis (Mateush Nunesh, 68), Bernardu Silva, Foden (Bobb, 73), Holand, Alvares (Kovachich, 68).
Ogohlantirishlar: Stounz (45), Lyuis (53), Uotkins (60), Kamara (87).

«Manchester Siti» va «Aston Villa»ni APLning 14 turidan keyin atigi bir ochko ajratib turardi. Birminghemliklar o‘zaro o‘yin orqali buning ajablanarli tomoni yo‘qligini ko‘rsatib qo‘yishdi.

«Siti» mavsum boshidan buyon Kevin De Bryuynesiz o‘ynashga ko‘nikib bo‘ldi — buning uchun universal Xulian Alvaresdan minnatdor bo‘lish kerak. Ammo Pep Gvardiolada Rodrining o‘rnini bosa oluvchi futbolchi hozircha yo‘q — ispaniyalik yarimhimoyachi esa o‘tgan turda «Tottenhem»ga qarshi kechgan asabiy o‘yinda sariq kartochkalari sonini beshtaga yetkazib qo‘ygandi. Natijada tayanch zonasida markaziy himoyachilar Jon Stounz va Akanji harakat qilishiga to‘g‘ri keldi.

Unai Emeri jamoasi raqibning minuslaridan foydalandi: muntazam ravishda hujumga yugurdi va kuchli pressing uyushtirdi. Masalan, quyidagi kadrlarda Yoshko Gvardiol qanday holatga tushganini ko‘rish mumkin: xorvatiyalik himoyachi hujum boshlab berishga urindi, ammo «Aston Villa»ning bir necha futbolchisi bir vaqtda unga tashlandi. Natijada to‘p yo‘qotildi va Ederson darvozasi oldida xavfli vaziyat yuzaga keldi.

Yoki boshqa bir epizod. Akanji to‘pni nima uchundir Duglas Luisning oyoqlariga tashlab berdi.

«Siti» ham vaziyatlar yaratdi — Erling Holand ketma-ket ikki bor o‘ta qulay nuqtadan zarba berdi. Norvegiyalik hujumchi avvaliga barchadan qochib ketdi va uzoq burchakni nishonga oldi, bir necha soniya o‘tib Bernardu Silvaning boshga ko‘tarib bergan uzatmasiga zarba berdi. Ikki holatda ham Emiliano Martines birminghemliklarni qutqarib qoldi. 

Birinchi bo‘limdan keyin kutilgan gol bo‘yicha ustunlik ham «Villa» foydasiga edi: 0,83 ga qarshi 1,13 xG. Dastlabki 45 daqiqalikda mehmonlar darvozasiga 13 zarba yo‘llandi (beshtasi darvoza sohasiga aniq borgan) — Xosep Gvardiolaning butun faoliyati davomida, 535 o‘yinda uning jamoasi darvozasi atrofida bunday faollik kuzatilmagandi. 

Ikkinchi bo‘limda ham tendensiya o‘zgarmadi. Jon Makginn juda qulay vaziyatda yo‘llagan zarba biroz xato ketdi. «Aston Villa»ning ustunligi yaqqol ko‘zga tashlanib turardi.

72-daqiqada «Aston Villa»ning ustunligi baribir golga aylandi: Leon Beyli to‘pni jarima maydoniga olib bordi, bir harakat bilan Gvardiolni qo‘lga oldi va u yo‘llagan zarbadan keyin to‘p Ruben Diashning oyog‘iga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirib Edersonni ojiz qoldirdi.

Qolgan vaqt davomida ham «Siti» emas, balki «Villa» golga yaqinroq bo‘ldi. Duglas Luisda ikki vaziyat bo‘ldi, dastlab uning aylanma zarbasi darvoza ustuniga tegdi, keyin Ederson qahramonlik ko‘rsatib, yaqin masofadan yo‘llangan zarbani to‘sishga ulgurdi. Yakunda hisob o‘zgarmay qoldi. Yakuniy statistika esa quyidagicha: zarbalar bo‘yicha 22-2 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha 7:2, mehmonlarda birinchi bo‘limda Holand foydalana olmaganidan boshqa vaziyatlar bo‘lmadi), xG bo‘yicha 2,04 ga 0,83.

Unai Emeri faoliyatida ilk bor Pep Gvardiolani mag‘lub etdi. Bungacha to‘qqiz mag‘lubiyat va to‘rt durang qayd etilgandi (to‘plar nisbati 7:33). Endi birminghemliklar turnir jadvalida yuqoriroqda joylashgan, qatorasiga to‘rt o‘yinda g‘alaba qozona olmagan Gvardiola shogirdlari (3 durang va bir mag‘lubiyat) «Villa»dan ikki, «Liverpul»dan — to‘rt, «Arsenal»dan esa — olti ochkoga ortda qolmoqda.

«Aston Villa» esa APL uy o‘yinlaridagi g‘alabali seriyasini 14 o‘yinga yetkazdi – bu klub rekordi takrorlanishi bo‘ldi. Emeri shogirdlarining «Villa Park»dagi so‘nggi mag‘lubiyati – fevral oyida «Arsenal»dan qabul qilib olingandi, o‘shanda chempionlik poygasida bo‘lgan Arteta jamoasi mag‘lubiyatli hisobni so‘nggi daqiqalarda g‘alabaga aylantirgandi (2:4). E’tiborli jihati, «Aston Villa» uydagi keyingi o‘yinni ham aynan «Arsenal»ga qarshi o‘tkazadi.

«Manchester Yunayted» – «Chelsi» 2:1
Gollar:
1:0 – 19 Maktominey, 1:1 – 45 Palmer, 2:1 – 69 Maktominey.
«Manchester Yunayted» – Onana, Diogu Dalot, Maguayr, Lindelef (Regilon, 46), Shou, Brunu Fernandesh, Amrabat, Maktominey, Antoni, Garnacho (Evans, 90), Xeylund (Reshford, 84).
«Chelsi» – Sanches, Kukurelya (Jyeyms, 46), Tiago Silva, Disasi, Koluill, Mudrik (Broya, 77), Fernandes, Palmer, Kaysedo, Sterling, Jyekson.
Ogohlantirishlar: Shou (14), Garnacho (22), Diogu Dalot (82), Regilon (90).

«Manchester Yunayted» bu mavsumdagi eng yaxshi o‘yinini o‘tkazdi va «Old trafford»da «Chelsi» ustidan haqli g‘alabaga erishdi.

Mezbonlar ilk daqiqalardanoq osonlik bilan raqib jarima maydoniga kirib bora boshladi va sakkizinchi daqiqada penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi. Bu vaziyatda Enso Fernandes Antonining oyog‘ini bosib olgandi. VAR 11-metrlik jarima zarbasi tepilishi kerakligini ko‘rsatdi.

Brunu Fernandesh zarba berishdan oldin sakradi va gol ura olmadi. Robert Sanches markazdan sal chaproqqa yo‘llangan zarbasini osonlik bilan qaytardi, qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib kelgan Alexandro Garnacho ham aniq zarba bera olmadi.

Bunga javoban «Chelsi» Sofyan Amrabatning xatosidan foydalanishi mumkin edi – marokashlik futbolchi faqat oxirgi lahzada Mixaylo Mudrikka aniq zarba berishiga xalaqit qilishga ulgurdi. Keyinroq Mudrikda yana bir xavfli vaziyat bo‘ldi.

19-daqiqada «MYu» baribir o‘z golini urdi. «Chelsi» bu vaziyatda ham himoyada juda yomon o‘yin ko‘rsatdi. Quyidagi suratda raqibning besh nafar futbolchisi bo‘sh qoldirilganini ko‘rish mumkin.

Harri Maguayrning zarbasi himoyachidan qaytdi, ammo Skott Maktominey aniqroq harakat qilib, mavsum boshidan buyon to‘rtinchi golini urdi – 1:0. 

Shundan keyin ham tomonlar hujumkor futbol namoyish etishda davom etdi.

32-daqiqada Maktominey dublni nishonlashi ham mumkin edi – yaqin masofadan turib ikki zarba (avvaliga bosh, keyin oyoq bilan) to‘g‘ri Sanchesning o‘ziga bordi. «Chelsi» darhol javob qaytardi, ammo Nikolas Jyekson darvozasini tashlab chiqqan Andre Onanani aldab o‘tolmadi.

Tanaffusga qadar «MYu» zarbalar bo‘yicha «Chelsi»dan ancha ustun edi – 18:5 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha – 7:3, jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar bo‘yicha – 12:4). Lekin jamoalar tanaffusga durang hisob bilan yo‘l olishdi. Birinchi bo‘lim yakunida o‘yin tempi pasaydi – ammo «Chelsi» bundan foydalanib gol urdi. Koul Palmer Mudrikdan to‘pni qabul qilib olib, o‘z ortidan bir necha himoyachini ergashtirib, chapga yurdi (bu vaqtda Onana ham o‘zining chap qanotini ochiq qoldirib, o‘ngga siljidi) va keyin birdan qayrilib, murakkab vaziyatdan sekin, ammo aniq borgan zarba yo‘lladi.

Tanaffusdan keyin «Chelsi» to‘psiz yaxshiroq o‘ynay boshladi, Pochettino «Manchester Yunayted»ning tezligini kamaytirishga erishdi. Xavfli vaziyatlar ham kamaydi. Londonliklarning hujumlari xavfliroq tus ola boshladi. Ammo mankunianliklar standart vaziyatdan ikkinchi golni urishga yaqin kelishdi. Zarbadan keyin to‘p «Chelsi» futbolchisining qo‘liga tegdi – mezbonlar penalti so‘ray boshladi. Hakam Kris Kavan esa to‘p himoyachining bel qismidan borgani va uning qo‘li tabiiy holatda turganini bildirdi.

Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida «Chelsi» kutilmaganda pozitsion hujumdan keyin gol o‘tkazib yubordi. Bu hujumni Harri Maguayr uyushtirdi. Markaziy himoyachi zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Serxio Regilonni oldinga boshladi, u to‘pni Garnachoga uzatib hujumni rivojlantirdi, shu kuni o‘ta faol bo‘lsa ham o‘z vaziyatlaridan foydalana olmagan va ko‘p to‘p yo‘qotgan argentinalik vinger uzoq ustun tomon kross yetkazib berdi. Maktominey yana forvard vazifasini bajarib, dublni rasmiylashtirdi. Shotlandiyalik raqib bilan to‘p uchun kurash vaqtida Levi Kolvill gazonga yiqildi va gol VAR orqali tekshirildi. Ammo bu vaziyatda yaqqol fol yo‘q edi va gol haqqoniy urilgan deb topildi.

«Chelsi» o‘yinni qutqarish uchun oldinga tashlanganidan keyin ten Hag jamoasida uchinchi golni urish uchun vaziyatlar ham bo‘ldi. Lekin vaziyatlar ko‘kka sovurildi va «Old Trafford»da yig‘ilganlar hakam hushtagi chalinguniga qadar ignada o‘tirgandek bo‘lishdi. Shu bilan birga londonliklar aniq zarba bera olishmadi (ikkinchi bo‘limdagi zarbalar statistikasi – 10:8, darvoza sohasiga aniq zarbalar – 2:0, jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar – 8:6). Oxirgi daqiqalarda Armando Broya qulay pozitsiyadan zarba yo‘lladi, ammo to‘p ustunga tegdi. Bu vaziyatda mezbonlarning omadi keldi, ammo «MYu» shu kuni g‘alabaga haqliroq edi.

Bu mavsumda ko‘p tanqid qilinayotgan ten Hag jamoasini endi «Siti»dan uch ochko ajratib turibdi. Holbuki bir oy oldin bu farq to‘qqiz ochkoni tashkil etayotgandi. «Chelsi» hamon turnir jadvali ekvatorida qolmoqda.

«MYu» uch kundan keyin «Bornmut»ni qabul qiladi, bu jamoa so‘nggi to‘rt turda kutilmaganda o‘n ochko jamg‘ardi, «Chelsi» esa to‘rt kundan keyin «Everton» mehmoni bo‘ladi, noyabr oyida diskvalifikatsiya tufayli 10 ochkodan mahrum etilib, turnir jadvalining quyi qismiga tushirib yuborilgan bu jamoa so‘nggi olti o‘yindan to‘rttasida g‘alaba qozongan va yuqoriga ko‘tarila boshlagan.

Mavzuga oid