Jahon | 21:04 / 11.12.2023
13551
7 daqiqa o‘qiladi

Isroil oldiga talab, AQShga chaqirilgan Zelenskiy, ish boshlagan Argentina «Trampi» - kun dayjesti

So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek, dushanbadan boshlab kun dayjestida tanishtirib boramiz.

AQSh Yangi yilgacha Isroildan HAMASga qarshi urushni tugatishni talab qilgan.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken o‘zining Tel-Avivga qilgan so‘nggi safari chog‘ida Isroil tomonidan urushni yangi yilgacha tugatishi shartligini aytgan, deb yozadi The Economist o‘z manbalariga tayanib. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Amerika ma’muriyati Isroildan 2 mln falastinlik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq ish qilishi kerakligini ham talab qilgan.

Ammo Isroil na AQShning, na BMTning bu taxlit talablariga quloq solishiga ishonish qiyin. 

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMAS tarafdorlariga murojaat qildi.

«So‘nggi kunlarda o‘nlab HAMAS terrorchilari bizning kuchlarga taslim bo‘ldi va ular qurollarini topshirmoqda. Bu sal ko‘proq vaqt talab qiladi, urush qizg‘in pallasida, lekin bu HAMAS intihosining ibtidosi», — degan Netanyahu.

Netanyahu HAMAS a’zolariga murojaat qilib: hammasi tugadi, yetakchi Sinavar uchun o‘zlaringni qurbon qilmanglar, hoziroq taslim bo‘linglar, degan.

Isroilning yarim yalang‘och falastinliklarning qurol tashlab taslim bo‘layotgani to‘g‘risidagi videosi sahnalashtirilgani shov-shuv keltirib chiqardi.

Asirga olinganlar yonida portlovchi modda yo‘qligiga amin bo‘lish uchun ichki kiyimigacha yechirtirilib, so‘ngra ularning qo‘liga qurol berib qo‘yilgani savollar uyg‘otmoqda. 

Isroil G‘azoda HAMAS ustidan g‘alaba qozonilgach, Livanga urush ochishini va’da qilmoqda. Isroil milliy xavfsizlik kengashi rahbari Tsahi Hanegbi HAMASga qurshi kurash muvaffaqiyatli yakunlangach, agar diplomatik choralar ish bermasa, Livanning «Hizbulloh» guruhi bilan olib boriladigan urush istiqbollari haqida bayonot bergan.

Allaqachon Isroil harbiy samolyotlari Livan poytaxti Bayrut uzra bemalol parvoz qilib yurishibdi. Livanda ularni urib tushira oladigan havo hujumidan mudofaa tizimining o‘zi yo‘q. 

Isroil bu orada G‘azoning janubidagi Rafah va Xon-Yunus shaharlarini bog‘lovchi suv o‘tkazuvchi quvurni vayron qilgan. Isroil harbiy samolyotlari suv yetkazishni to‘xtatish uchun Rafahdan Xon yunus tomon tortilgan suv quvurlarini bombalagan.

Voqeani o‘z ko‘zi bilan bevosita ko‘rib turganlar jahon afkor ommasi G‘azodan ko‘zini yumib olganini ta’kidlashmoqda.

«Men jahon nega G‘azodan ko‘zini yumib olganini tushunmayapman», degan YUNISEF vakili Jyeyms Elder. Uning aytishicha, G‘azoda haqiqiy humanitar falokat pishib yetilmoqda. Ayni paytda G‘azo biror bir xavfsizlik zonasi yaratishning imkoni yo‘q.

G‘azoda halok bo‘lganlar soni so‘nggi 24 soat ichida 297 kishiga oshgan va 17 ming 997 nafarga yetgan. 

Xaviyer Miley Argentina prezidenti sifatida qasamyodga keltirildi. Inauguratsiyadan so‘ng u faxriy kitobga «Yashasin ozodlik, jin ursin uni!» deb yozgan.

Argentina prezidenti Xaviyer Mileyning inauguratsiya marosimiga borgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan tik turib suhbatlashgan.

Eslatib o‘tamiz, rossiyaparast Orban boshqarayotgan Vengriya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligiga qarshi chiqib keladi. Shuningdek Yevroittifoqning Ukrainaga ajratilayotgan yordamlarini muntazam bloklab turadi. 

Venesuela va Gayana Essekibo bo‘yicha muzokaralar haqida kelishib oldi

Venesuela va Gayana chegarasidagi vaziyat dekabr oyi boshida Nikolo Maduro Essekibo hududi Venesuela tarkibiga qo‘shilishini e’lon qilganidan keyin keskinlashgan.

Venesuela va Gayana Essekibo provinsiyasi atrofidagi vaziyat yuzasidan muzokaralar olib boradi. Uchrashuv 14 dekabr, payshanba kuniga belgilangan hamda Sent-Vinsent va Grenadin orollarida bo‘lib o‘tadi.

Venesuela 1811 yilda mustaqil davlat bo‘lganidan beri Essekiboga da’vo qilib keladi. Gap xuddi shu nomdagi Essekibo daryosining g‘arbiy qismidagi umumiy maydoni 160 ming kvadrat kilometr bo‘lgan hudud haqida bormoqda, u Gayana hududining to‘rtdan uch qismini egallagan va hozirda uning nazorati ostida. Essekibo asosan o‘tib bo‘lmaydigan o‘rmonlardir, ammo neft, gaz, oltin va misning katta zaxiralariga ega. 

Boshqa voqea va xodisalarning qisqacha sharhi bilan tanishtiramiz:

Bayden va Zelenskiy Oq uyda uchrashadi. AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga 12 dekabr kuni Oq uyda uchrashuv o‘tkazish haqida taklifnoma yubordi.

Ukraina rahbarining AQShga tashrif 11 dekabrda boshlanadi. Bundan tashqari, Zelenskiy AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson bilan uchrashishni ham rejalashtirmoqda.

Misrda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Kecha yakshanba, 10 dekabr kuni boshlangan saylovlar bugun va ertaga ham davom ettiriladi.

Saylovda amaldagi prezident Abdulfattoh as-Sisiyga «Respublika xalq partiyasi» yetakchisi Hazim Umar, «Vafl» liberal partiyasi yetakchisi Abdulsanad Yamama, «Misr sotsial-demokratik partiyasi» raisi Farid Zahron raqiblik qilmoqda.

Jahonda yaqinda porox taqchilligi yuzaga keladi, deb yozadi Newsweek nashri. O‘qotar qurol ishlab chiqaruvchi Vista Outdoor kompaniyasi Ukraina va Yaqin Sharqdagi urush o‘q-dorilarga talab nihoyatda ortishiga olib kelganini aytgan.

«Jahonda ro‘y berayotgan voqealar sababli yetkazib beruvchilar bizni poroxga talab nihoyatda ortgani va global yetishmovchilik haqida ogohlantirishdi. Shu sababli bu vaziyat narxlarimiz oshishiga albatta ta’sir ko‘rsatadi», — degan kompaniyaning savdo bo‘yicha vitse-prezidenti Brett Nelson.

Isroil matbuotining yozishicha, Yaman husiychilarining tahdidi tufayli Qizil dengizdan kemalar yo‘nalishini o‘zgartirishi Isroil iqtisodiyotiga 3 milliard dollar zarar yetkazgan. Hind okeanidan kelayotgan Isroilga tegishli kemalar Qizil dengiz va Suvaysh kanali orqali yurmasdan, Afrika qit’asini aylanib O‘rta Yer dengiziga kirishga majbur bo‘lishmoqda.

Mavzuga oid