Jamiyat | 19:22 / 13.12.2023
43465
7 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya universiteti 22 nafar o‘zbekistonlik talabani aldab uyga qaytargani ma’lum bo‘ldi 

Hanshin universiteti talabalar O‘zbekistonga qaytish uchun samolyotga o‘z ixtiyori bilan o‘tirganini ta’kidlamoqda, biroq o‘zbekistonliklar aldov yo‘li bilan mamlakatdan chiqarib yuborilganini aytmoqda. Mahalliy politsiya universitetga nisbatan tekshiruv boshlagan. 

Foto: Videodan kadr

Janubiy Koreyaning Kyongi provinsiyasidagi Hanshin universiteti o‘zbekistonlik 22 talabani majburan uyiga jo‘natgani aniqlanganidan so‘ng, mojaro markaziga tushib qoldi. Bu haqda Hankyoreh xabar berdi.

Universitet talabalar O‘zbekistonga qaytish uchun samolyotga o‘z ixtiyori bilan o‘tirganini ta’kidlamoqda, biroq o‘zbekistonliklar nashrga aldov yo‘li bilan mamlakatdan chiqarib yuborilganini aytishgan. Mahalliy politsiya universitetga nisbatan tekshiruv boshlagan. 

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi hodisa yuzasidan Janubiy Koreya huquq-tartibot idoralari bilan muzokara olib bormoqda.

Hankyoreh nashrining ta’kidlashicha, Hanshin universiteti qoshidagi Koreys tili institutida ta’lim olayotgan O‘zbekistonning 23 nafar fuqarosi 27 noyabr kuni ertalab avtobusga o‘tqazilib, Inchxon xalqaro aeroportiga yetkazilgan. 

Dastlab talabalarga xorijlik fuqarolarning registratsiya kartasini olish uchun immigratsiya idorasiga borilishi aytilgan. Biroq, avtobus Hvasonda xususiy qo‘riqlash idorasi xodimlarini mindirib, to‘g‘ri xalqaro aeroportga jo‘nagan. U yerda institut xodimlari va qo‘riqchilar talabalarni O‘zbekistonga oldindan buyurtma qilingan reysga o‘tqazishgan. Sog‘lig‘i tufayli yordam so‘ragan bir nafar talaba reysdan tushib qolgan. Qolganlari O‘zbekistonga uchib ketgan. 

Talabalar so‘zlariga ko‘ra, ularga O‘zbekistonga deportatsiya qilinayotgani haqida aeroportga ketayotganda aytishgan. Institut xodimlari ba’zi o‘zbekistonliklarning hujjatlarida muammolar borligi, agar ular hozir immigratsiya idorasiga borsa, qamoqqa olinishini tushuntirishgan. «Agar keyinchalik Koreyaga qaytmoqchi bo‘lsangiz, hoziroq uchib ketishingiz kerak», deyishgan. Shundan keyin, institut xodimlari qo‘riqchilar yordamida talabalarning telefonlarini olib qo‘yishgani ta’kidlanmoqda. 

Shu kuniyoq Hanshin universiteti o‘zbekistonlik talabalarni «immigratsiya hujjatlarini taqdim etmaslik, yotoqxonadan ruxsatsiz chiqib ketish, ta’lim olishga yomon munosabatda bo‘lish va universitet qadriyatlariga to‘g‘ri kelmaydigan xatti-harakatlari uchun» o‘qishdan chetlatish haqida buyruq chiqargan. 

Hanshin universitetining Hankyoreh nashriga xabar berishicha, noyabr oyida immigratsiya xizmati talabalarning bank hisobraqami ko‘chirmasini so‘ragan va ko‘pchilik talabalar mamlakatda qolish shartlariga rioya qilmagani aniqlangan. 

«Agar bu haqda talabalarga aytsak, ular qochib, noqonuniy migrant bo‘lib qolishidan qo‘rqdik. Ta’lim muassasasi kelajakda chet ellik talabalarni jalb qilishda noqulay ahvolga tushib qoladi», deb tushuntirgan universitet. 

Ammo ta’lim muassasalari chet ellik talabalarni deportatsiya qilish huquqiga ega emas. Bu haqda migrantlarga huquqiy maslahat beruvchi Friend markazi rahbari Cho Yon Kvan ma’lum qildi. 

«Institut, ehtimol, agar talabalar mamlakatda noqonuniy bo‘lgani aniqlansa, jarimaga tortilishidan xavotirga tushgan. Biroq, ta’lim muassasalari chet ellik talabalarni deportatsiya qilish huquqiga ega emas. Immigratsiya idorasining vazifasi esa talabalarga viza muddati tugagandan so‘ng, o‘z ixtiyori bilan uyiga qaytishi uchun mamlakatni tark etishni maslahat berish yoki xabardor qilishdir», dedi Cho Yon Kvan. 

Janubiy Koreya qonunchiligiga ko‘ra, til bo‘yicha o‘qishga kirgan chet el fuqarolarining bank hisobraqamida kamida 10 million von (7600 dollar) bo‘lishi kerak. Bu mablag‘lar uch oy yoki undan ko‘proq vaqt davomida saqlanishi shart. 

Nashrning ta’kidlashicha, Hanshin universiteti o‘qishga qabul qilish vaqtida chet ellik talabalarga kerakli balansni faqat bir kun saqlash lozimligini ma’lum qilgan. Shunga ko‘ra, ko‘plab talabalar Janubiy Koreyaga borganidan so‘ng bankdagi mablag‘larning bir qismini sarflab yuborgan. Shundan so‘ng, universitet rahbariyati talabalarni noqonuniy migrant sifatida tasniflanishidan qo‘rqib, ularni deportatsiya qilishga shoshilgan. Hanshin universiteti rahbariyati pulni saqlash muddati haqida noto‘g‘ri ma’lumotni Janubiy Koreya Adliya vazirligi berganini da’vo qilmoqda. 

O‘zbekistonlik talabalarga ko‘ra, ularga hatto yotoqxonadan narsalarini olishga ham ruxsat berilmagan holda O‘zbekistonga qaytarib yuborilgan. Keyinchalik Hanshin universiteti, agar ular Janubiy Koreyani o‘z ixtiyori bilan tark etganini yozma ravishda tasdiqlasa, qolgan muddat uchun shartnoma pulini qaytarib berishini ma’lum qilgan. 

Mahalliy politsiya universitetga nisbatan tekshiruv boshlagani ta’kidlanmoqda. 

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi Hanshin universiteti rahbariyati bilan vaziyatni muhokama qilib, talabalar Janubiy Koreyada qolish va universitetda o‘qish qoidalarini buzganini ma’lum qildi. Xususan, ular «universitetning ichki talablariga rioya qilmay, noqonuniy ishlab, dars qoldirgan». Noyabr oyi o‘rtalarida 8 nafar talaba noqonuniy ishdan qaytayotganda avtohalokatga uchragan. Bu voqea Koreya matbuoti va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Jabrlangan talabalarda tibbiy sug‘urta yo‘qligi tufayli, ularni ko‘rikdan o‘tkazish va davolash uchun barcha xarajatlar universitet tomonidan qoplangan. 

«Janubiy Koreyada yashash huquqini beruvchi hujjat (ID karta) olishga ulgurmasdan, bu kabi noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirgani uchun Pyongtek shahar Immigratsiya xizmati taqdimnomasiga ko‘ra, universitet rahbariyati talabalarni universitetdan chetlatish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Natijada, 27 noyabr kuni 22 nafar o‘zbekistonlik talaba Janubiy Koreya hududidan chiqarib yuborilgan. O‘zbekistonlik talabalar tomonidan amalga oshirilgan bunday hatti-harakatlar Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga viza berish tartibini murakkablashtirib, o‘zbekistonlik talabalarning Koreya oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonini qiyinlashtirishi mumkin», deyiladi elchixona xabarida.

Mavzuga oid