Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eshitmasdan «eshitish». Zalujniyning kabinetidan «juchok» topilishi nimani anglatadi?
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning ishxonasidan yakshanba kuni eshitish moslamasi topilgandi. Uni kim va nega o‘rnatgan?
Ukrainlar bosh qo‘mondoni «proslushka» qilingani haqidagi ilk xabarlar 17 dekabr kuni kechqurun tarqala boshladi. BBC Ukraina xizmatining hukumut tuzilmalaridagi manbalari ham eshitish moslamasi Zalujniyning ish joyidagi xonalardan biridan topilganini tasdiqlagan.
Bir necha soat vaqt o‘tib Ukraina xavfsizlik xizmati mazkur vaziyat yuzasidan bayonot berdi. Maxsus xizmatdagilar «juchok» bosh qo‘mondonning kabinetida emas, balki «Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni o‘tirishi mumkin bo‘lgan xonalardan birida» o‘rnatilganini qayd etgan. Ya’ni bu joy harbiy boshliq ishlashi uchun endigina tayyorlangan bo‘lgan.
«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aniqlangan qurilma soz holatda emas. Qandaydir ma’lumotlarni to‘plash yoki audioyozuvlarni masofadan uzatish vositalari aniqlanmagan. Bu texnik qurilma ekspertizaga taqdim etiladi», — deyilgan Ukraina xavfsizlik xizmati bayonotida.
Shu bilan bir vaqtda harbiy tahlilchi va «Tsenzor.net» nashri bosh muharriri Yuriy Butusov «juchoklar» bir nechta bo‘lganini xabar qildi: ulardan biri — Zalujniy foydalanishi mumkin bo‘lgan stol ostiga, boshqasi — uning yordamchisi Konstantin Bushuyevning xonasida bo‘lgan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi ham ikkita «juchok» topilganini tasdiqlagan.
«Eshitish moslamalari Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni va uning faoliyatini ta’minlash apparati xodimlari ishlashi uchun ko‘zda tutilgan kabinetlarga o‘rnatilgan», — deyilgan Bosh shtab xabarida.
Bu qanday «juchok» va u qayerda bo‘lgan?
Foto: Ukraina prezidenti ofisi
Zalujniyning o‘zi Kiyevda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida aytishicha, «eshitish moslamasi» aniqlangan kabinetda u aynan 18 dekabr kuni ishlashi kerak bo‘lgandi.
Bosh qo‘mondonning izohlashicha, o‘zi va jamoasi anchadan buyon to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi binosida ishlamayapti va boshqa bir qancha binolardan foydalanmoqda. Eshitish qurilmasi ham shunday joylardan birida topilgan, ammo harbiylar anchadan buyon bu yerda bo‘lishmagandi.
«Menda ishlash uchun bir necha joy bor. Va bu shunday joylardan birida bo‘lgan. Men u yerda anchadan buyon bo‘lmagandim».
Ukraina xavfsizlik xizmati kontrrazvedka departamenti va Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi sobiq boshlig‘i Valeriy Kondratyuk o‘z manbasiga tayangan holda ma’lum qilishicha, bu binoda zarur sertifikat bo‘lmagan. Ya’ni maxfiy ma’lumotga ega xodimlar u yerda ishlashi mumkin bo‘lmagan.
«Bu qurilmalar topilgan joy — sertifikatlanmagan. Maxfiy ma’lumotlar bo‘yicha gaplashish va ishlash uchun muayyan bino Ukraina xavfsizlik xizmatidan sertifikat oladi», — deya izohlagan u «Radio NV» radiostansiyasi efirida.
Oliy radaning sobiq deputati, hozir esa prezident ofisi maslahatchisi hisoblangan Sergey Leshchenkoning aytishicha, «jamoat binosi»dagi bu joy uzoq vaqt davomida davlat mulki hisoblangan, ammo keyin xususiy investor qo‘liga o‘tgan va u bu joyni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etgan.
«Bu binoda bir yil muqaddam Valeriy Zalujniy o‘tirgandi, ammo o‘sha xonada emas. Bu kabinetda uning qo‘l ostidagilar o‘tirishgan. Keyin ular joylashgan o‘rnini o‘zgartirishgan. Endi esa bu binoga qaytishni xohlab qolishgandi», — degan Leshchenko.
Prezident ofisi rahbari maslahatchisi «proslushka»ning o‘zi haqida bu «ukrain xizmatlari [sobiq prezident Viktor] Yanukovich davrida foydalangan eski qurilma» ekanini va go‘yoki axborot yig‘ish yoki signal uzatish uchun jihozga ega bo‘lmaganini aytgan.
Buni kim va nega qildi?
Bu Ukraina harbiy kontrrazvedka kuniga [18 dekabr kuni nishonlanadi — Tahr.] «sovg‘a» bo‘ldi, deya hazilomuz gapiradi BBC bilan suhbatda Ukraina xavfsizlik xizmatining sobiq o‘rinbosari Viktor Yagun bosh qo‘mondon «eshitilgani» yuzasidan.
U topilgan «juchok» — amalda nosoz yasama eshitish moslamasi ekanini aytadi. Ya’ni, katta ehtimol bilan, u umuman maxfiy ma’lumotlarni yozib olish uchun ishlamagan va faqat topib olinishi arafasida o‘rnatilgan.
Maxsus xizmatlarning sobiq xodimi buni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni ishlaydigan joy — maxsus mutaxassislar har kuni tekshiradigan nozik obekt ekani bilan izohlaydi. Bundan tashqari, u yerda binodagi har qanday video va audio qayd etishga to‘sqinlik qiladigan maxsus apparatura o‘rnatilishi kerak bo‘lgan.
General Yagun shularni hisobga olgan holda «proslushka aniqlanishi» — rossiyaliklar operatsiyasi emas, balki Ukrainadagi siyosiy kurash elementlaridan biri ekanini taxmin qiladi. U ma’lum vaqtdan keyin jamoatchilikka go‘yoki Zalujniyning kabinetidan soxtalashtirilgan yozuv sizdirilishi mumkinligini ham istisno etmaydi.
«Bu, bosh qo‘mondonni prezident ofisi bilan nizolashtirishga qaratilgan kampaniya doirasidagi ish bo‘lishi mumkin. Buni istaydiganlar juda ko‘p», — degan u.
So‘nggi vaqtlarda OAVda Zalujniy va prezident Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi mojaro haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda. Bu xabarlarga ko‘ra, davlat rahbari go‘yoki Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni siyosiy ambitsiyalarga ega deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, dushanba kuni Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusovning aytishicha, Zalujniy foydalanishi mumkin bo‘lgan xonaga eshitish moslamasi o‘rnatish — «dushmanning Ukrainaning harbiy rejalari to‘g‘risida ma’lumot olishga urinishidir».
«Bu, albatta, shov-shuvli voqea. Kontrrazvedka organlari, xususan Ukraina xavfsizlik xizmati bu vaziyat bilan shug‘ullanishi lozim. Urush davom etmoqda va dushman turli yo‘llar bilan ma’lumot olishga, rejalarimizni o‘rganishga urinmoqda», — degan Yusov.
O‘z navbatida general Valeriy Kondratyuk qonunchilik hukumat amaldorlari xonalariga eshitish moslamalari o‘rnatish uchun faqat ikki idoraga huquq berishiga e’tibor qaratadi: Ukraina xavfsizlik xizmati va Milliy aksilkorrupsiya byurosi. Ammo ular bunday protsessual harakatlar o‘tkazish uchun sud sanksiyasini olishi kerak.
Shunga ko‘ra, agar Zalujniyning xonasiga «juchok» noqonuniy o‘rnatilgan bo‘lsa, bu shunday harakatlarning oldini olishi lozim bo‘lgan Ukraina harbiy kontrrazvedkasining jiddiy xatosi bo‘lib chiqadi.
«Bu, menimcha, siyosiy mojaro sifatida katta oqibatlarga olib keladigan jinoyatdir», — deb hisoblaydi Ukrainaning sobiq bosh razvedkachisi.
U bunday harakatning ehtimoliy buyurtmachisi tashqi kuchlar bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmaydi.
«Bugungi kunda Zalujniyning o‘z atrofidagilari bilan muhokama qilayotgan ma’lumotlar nafaqat rossiyaliklar, balki ruslar vositachi sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan boshqa istalgan tomonda katta qiziqish uyg‘otadi», — deydi Kondratyuk.
Zalujniy esa «juchok» aniqlangan xonada hech qanday maxfiy ma’lumotlar haqida gaplashilmaganini bildirgan. Bu mazkur bino uzoq vaqt davomida harbiy qo‘mondonlik tomonidan umuman foydalanilmagani bilan izohlanadi.
Bosh qo‘mondondan o‘z kabinetida eshitish moslamasi topilganini qanday baholashi so‘ralgan — bosim yoki boshqa shunga o‘xshash narsa, u esa shunday javob qaytargan: «Hech qanday. Urush kabi. Bu nima bo‘lishi mumkinligini tergov ko‘rsatadi».
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025