Jahon | 18:19 / 19.12.2023
7653
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda tramvay va Xorazmda trolleybus transporti rivojlantiriladi 

Vazirlar Mahkamasi «Tramvay va trolleybus transportida yo‘lovchilarni tashish tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi. 

Foto: Transport vazirligi

Unga ko‘ra, Samarqandda tramvay va Xorazmda trolleybusda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash choralari ko‘riladi, zamonaviy axborot texnologiyalar joriy etiladi. 

Jumladan, transport infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi hamda harakat tarkibi bosqichma-bosqich yangilanadi. «Yashil transport» tizimi ulushini ko‘paytirish orqali samarali va ekologik toza transport turlariga bosqichma-bosqich o‘tiladi. Jarayonlarni raqamli boshqarish tizimini joriy etiladi. 

2024 yil 1 yanvardan boshlab tramvay hamda trolleybusda yo‘lovchi tashish uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi. 

Samarqand va Xorazm viloyatlari hokimliklari Transport vazirligi bilan birgalikda 2024 yil 1 iyunga qadar yo‘lovchilar uchun qulay elektron to‘lovlarni ommalashtirish maqsadida tramvay va trolleybus transportida elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflarni xalq deputatlari Kengashi muhokamasidan o‘tkazib, joriy etilishini ta’minlaydi. 

Transport vazirligiga jamoat transportida elektr transporti ulushini oshirgan holda, aholi uchun qulay bo‘lgan yangi yo‘nalishlar tarmog‘ini ishlab chiqish vazifasi yuklanadi. Elektr transportida tarif siyosati, stavkalar va yig‘imlar masalalarini tartibga solishda ishtirok etadi. 

Transport vazirligi bir oy muddatda vazirlik markaziy apparatida belgilangan shtat birligi doirasida tramvay va trolleybus transportini o‘z ichiga olgan «yashil transport»ni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan bo‘linma tashkil etadi.  

Transport vazirligi Toshkent davlat transport universiteti bilan birgalikda uch oy muddatda tramvay va trolleybus transportiga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni joriy ta’mirlash bo‘yicha malakali kadrlar hamda tramvay va trolleybus haydovchilarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlari ishlab chiqadi va xodimlar malakasini oshirish kurslarini tashkil etadi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yagona tramvay tizimi Samarqand shahrida, trolleybus tizimi Xorazm viloyatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid