Jahon | 09:00 / 21.12.2023
4739
2 daqiqa o‘qiladi

YeI sudi Yanukovichga nisbatan korrupsiya uchun joriy etilgan sanksiyalarni bekor qildi

2021 yilda Viktor va Aleksandr Yanukovichga qarshi sanksiyalar qo‘llashdan oldin Yevropa Ittifoqi kengashi Ukraina sobiq prezidenti va uning o‘g‘lida o‘z vatanida himoyalanish huquqidan foydalanish imkoniyati bor yoki yo‘qligini tekshirmagan.

Foto: Komsomolskaya pravda / Global Look Press

Lyuksemburgdagi Yevropa sudi 20 dekabr, chorshanba kuni Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich va uning o‘g‘li Aleksandrga nisbatan YeI kengashi tomonidan korrupsiya uchun joriy etilgan sanksiyalarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Tribunal qarorida aytilishicha, 2021 yilda cheklov choralarini joriy etishdan avval Yevropa Ittifoqi kengashi «baholashda xatoga yo‘l qo‘ygan» va Yanukovichlarning Ukraina sudlarida himoyalanish huquqidan foydalanish imkoniyati bor yoki yo‘qligini aniqlashtirmagan.

Yevropa Ittifoqining boshqa sanksiyalari sobiq prezident va uning o‘g‘liga nisbatan qo‘llanishda davom etadi. 2022 yil avgust oyida ularga nisbatan «Ukraina hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga, davlat barqarorligi va xavfsizligiga putur yetkazish yoki unga tahdid solishdagi roli uchun», Aleksandr Yanukovichga nisbatan esa «Ukrainaning Donbass viloyatidagi separatistik guruhlar bilan kelishuvlar uchun» cheklov choralari qo‘llangan.

Yanukovich va uning o‘g‘li bir necha bor Yevropa sudlarida sanksiyalarni olib tashlashga muvaffaq bo‘lgan. Bunday qarorlarga sabab sifatida sudlar YeI kengashi Yanukovichlarning Ukrainada himoyalanish huquqidan foydalanish imkoniyati bor yoki yo‘qligini to‘g‘ri tekshirmaganini ko‘rsatdi. 

Mavzuga oid