Jahon | 13:48 / 22.12.2023
6016
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada sobiq vazir Abizov 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Sud Mixail Abizovni jinoiy hamjamiyat yaratish va firibgarlikda aybdor deb topdi. Ochiq hukumat ishlari bo‘yicha sobiq vazir 12 yilga qattiq tartibli koloniyaga jo‘natildi.

Foto: Reuters

Moskvaning Preobrajyenskiy sudi Rossiyaning ochiq hukumat ishlari bo‘yicha sobiq vaziri Mixail Abizovni 12 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qildi. «Mediazona» muxbirining 21 dekabr, payshanba kuni sud zalidan xabar berishicha, u jinoiy hamjamiyat yaratish va firibgarlikda aybdor deb topilgan.

Abizov, shuningdek, 80 million rubl miqdorida jarimaga tortildi va uch yilga davlat organlarida tashkiliy, ma’muriy va iqtisodiy funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq lavozimlarni egallashi taqiqlandi. Shu bilan birga, sud Abizovni da’vo muddati tugaganligi sababli noqonuniy tadbirkorlik ayblovi bo‘yicha javobgarlikdan ozod qildi, deb yozadi «Interfaks».

Ishda jami 12 nafar ayblanuvchi bor. Rossiya Tergov qo‘mitasi hisobotida aytilishicha, ular har birining roliga qarab firibgarlik, jinoiy hamjamiyat yaratish va unda ishtirok etish, jinoyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, tadbirkorlik faoliyatida noqonuniy ishtirok etish va poraxo‘rlikda aybdor deb topilgan. Ish bo‘yicha qolgan ayblanuvchilar 7 yildan 18,5 yilgacha bo‘lgan muddatga qamalgan.

«Tergov yetkazilgan zararni qoplash maqsadida Mixail Abizov va boshqa ayblanuvchilarning, shuningdek, ular nazoratidagi kompaniyalarning qariyb 37 milliard rublga teng mol-mulkini musodara qildi», — deyiladi Tergov qo‘mitasi xabarida.

Tomonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan munozarada prokuror Abizovni 5 yilga davlat lavozimida ishlash taqiqlangan holda 19 yil-u 6 oyga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilishni so‘radi.

Abizov 2019 yilda hibsga olingan

Mixail Abizov 2012 yildan 2018 yilgacha Ochiq hukumat vaziri lavozimida ishlagan. Uning idorasi jamiyat va ishbilarmon doiralar uchun davlat faoliyatining shaffofligini ta’minlashi kerak edi. Bungacha u Rossiya Federatsiyasining yirik energetika va tog‘-kon sanoati korxonalarida rahbar lavozimlarda ishlagan va Rossiyaning RAO YeES boshqaruv kengashi a’zosi bo‘lgan. Abizov Forbes jurnali bo‘yicha eng boy rossiyaliklar reytingiga kiritilgan, nashr hibsga olinishidan oldin uning boyligini 600 million dollarga baholagan.

Abizov 2019 yilda hibsga olingan va shundan beri u qamoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u bir qator soxta bitimlar tuzgan va bir qancha energetika kompaniyalarining aksiyalarini oshirilgan narxlarda sotib olgan. U olingan foydani ofshor kompaniyalar tarmog‘i orqali xorijiy valutaga o‘tkazgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2011 yil aprelidan 2014 yil noyabrigacha Abizov Nikolay Stepanov va Maksim Rusakov bilan birga bir qator ofshor tijorat tashkilotlarining haqiqiy egasi bo‘lib, jinoiy jamoa tuzgan va unga rahbarlik qilgan.

Tergov organlari Abizov va uning sheriklari «Sibir energetika kompaniyasi» AJ va Hududiy elektr tarmoqlaridan 4 milliard rubl o‘g‘irlagan, shuningdek, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati davomida 32,5 milliard rubldan ortiq daromad olganini da’vo qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid