Jahon | 22:02 / 26.12.2023
15743
10 daqiqa o‘qiladi

Netanyahuning ultimatumi, desant kemasidan ayrilgan Rossiya va daragi chiqqan Navalniy - kun dayjesti

So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz. 

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda vaziyat hamon og‘irligicha qolmoqda. The Washington Post nashri sun’iy yo‘ldosh orqali tushirilgan suratlarga asoslanib, Isroil G‘azoda yuqori vayrongarchiliklar keltirib chiqarayotgan usulda jang olib borayotgani, yaqin bir asr ichida bunaqasi kuzatilmaganini ta’kidlagan.

7 haftadan buyon G‘azo sektorida bosqinni amalga oshirayotgan Isroil Suriyaning Halab shahrida uch yillik janglar ichida vayron qilingan binolardan ikki barobar ko‘proq binolarni yer bilan bitta qilgan.

Isroil bosqini tufayli G‘azo sektorida halok bo‘lgan insonlar soni 20 ming 674 kishiga yetdi. Ularning katta qismini tinch aholi vakillari, asosan bolalar va ayollar tashkil etadi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vaziri spikeri Ashraf al-Qudratning aytishicha, so‘nggi 24 soat ichida Isroil armiyasi 250 nafar falastinlikni o‘ldirgan va 500 dan ziyod insonni yaralagan. 7 oktyabr kunidan buyon yaradorlar soni 55 mingdan ortmoqda. 

Isroildagi holat

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida Falastin bilan tinchlikka erishishning asosiy uch shartini sanab o‘tdi.

Netanyahuga ko‘ra, avvalo HAMAS to‘liq yo‘q qilinishi kerak. Ikkinchidan, G‘azo sektori to‘liq qurolsizlantirilishi lozim. Nihoyat, Falastin jamiyati radikallashuvdan xalos bo‘lishi kerak.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning aytishicha, G‘azodagi urush uning mamlakatiga «juda qimmatga tushmoqda». Netanyahu Isroil «oxirigacha to‘liq kuch bilan» davom etishini ta’kidlab, «urush uzoq davom etadi», degan.

7 oktyabrdan buyon AQSh Isroilga qurol-yarog‘ va o‘q-dori ortilgan 7 ta kema, 230 ta samolyot jo‘natgani ma’lum bo‘ldi. Isroilning «Yediot Axronot» gazetasiga ko‘ra, bu qurol-yarog‘lar asosan artilleriya snaryadlari, zirhli texnikalar va harbiylar uchun bazaviy aslahalardan iborat.

G‘azodagi qarshilik kuchlari Isroilning Ashkelon shahriga tunda raketa uchirgan va Isroilning 130 dan ortiq aholi punktlari elektr energiyasidan uzilib qolgan. 

Ukraina yangiliklari

Bir hafta ichida Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya armiyasining 5 ta harbiy samolyotini urib tushirdi, deya iddao qilgan 25 dekabr, dushanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

«Urush paytida Rojdestvo oqshomi. Bizning askarlar nafaqat 30 ga yaqin «Shahed»lar va bir nechta raketani, balki Rossiyaning ikkita Su samolyotini ham urib tushirdi», — deb yozgan Zelenskiy o‘z Telegram-kanalida.

Ukraina harbiylari Rossiyaning ikkita jangovar qiruvchi samolyoti — Donetsk oblasti uzra Su-34 va Qora dengiz uzra Su-30SM yo‘q qilinganini e’lon qilishgan. 22 dekabr kuni Ukraina Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchuk janubiy yo‘nalishda Rossiyaning uchta Su-34 samolyoti urib tushirilganini ma’lum qilgan edi.

Ukraina Rossiyaning «Novocherkassk» desant kemasi cho‘ktirib yuborilganini ma’lum qildi

Mikola Oleshchuk 26 dekabr kuni Rossiya Qora dengiz flotining «Novocherkassk» yirik desant kemasi Qrimning Feodosiya shahrida cho‘ktirib yuborilganini ma’lum qildi. Qrimning Rossiyadan tayinlangan rahbari Sergey Aksyonov portdagi portlashni tasdiqladi.

Qrimdagi Feodosiya portida kuchli portlash va yong‘in sodir bo‘lgani aks etgan video turli pabliklarda tarqalgan. Taxminlarga ko‘ra, «Novocherkassk» desant kemasidan Eronning «Shahed» dronlarini tashishda foydalanilgan.

Kiyev Jahon bankidan «Ukrainada barqaror boshqaruv uchun davlat xarajatlarini qo‘llab-quvvatlash» dasturi doirasida 1,34 milliard dollar olgan.

Ukraina Moliya vazirligi bayonotida aytilishicha, moliyalashtirish Jahon bankining 1,086 milliard dollarlik krediti, 190 million dollar Norvegiya granti, AQShdan 50 million dollar va Shveytsariyadan 20 million dollardan iborat yordam asosida shakllantirilgan.

Vazirlik ushbu mablag‘lar Ukraina davlat budjetining xavfsizlik va mudofaa bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlarini qisman qoplashga yo‘naltirilishini ma’lum qildi. 

Serbiyadagi g‘alayon

Serbiya poytaxti Belgradda so‘nggi muxolifat tarafdorlarining namoyishlari sakkizinchi kundan beri davom etmoqda, kamida 38 kishi qo‘lga olingan.

Belgrad shahrida «Serbiya zulmga qarshi» muxolifat koalitsiyasini qo‘llovchi talabalarning «Kurash» tashkilotiga a’zo bir necha yuz odam markaziy saylov komissiyasiga eltuvchi yo‘lni berkitib qo‘ygan.

Shuningdek, muxolifat siyosiy koalitsiyasining tarafdorlari Serbiya hukumati binolari va xorijiy elchixonalar joylashgan Knez Milosh markaziy ko‘chasini to‘sib qo‘yishgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lmagan, talabalar yo‘lda futbol va voleybol o‘ynashgan.

Namoyishchilar davlat boshqaruvi vazirligidan 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan-qo‘yilmaganini aniqlash uchun saylov ro‘yxatlarini qayta tekshirishni talab qilishgan. 

YeOII yig‘ilishi

Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida MDHga a’o davlatlar samiiti oldidan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’o davlatlar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lgan bu iqtisodiy ittifoq Eron bilan erkin savdo kelishuv haqida hujjat imzolashdi.

Shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar yetakchilari ittifoqni 2045-yilgacha rivojlantirish to‘g‘risida deklaratsiyani tasdiqlashdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Rossiya tashabbusi bilan tuzilgan ushbu ittifoqning a’zosi hisoblanmaydi. Kuzatuvchi maqomida yig‘ilishlarida ishtirok etib keladi. 

Rossiyaga qarshi choralar

Janubiy Koreya 682 turdagi tovarlarni Rossiyaga yetkazib berishni taqiqlamoqda. Ushbu taqiq 2024 yil boshidan kuchga kiradi. Shu tariqa Rossiyaga eksport qilinishi taqiqlangan tovarlar turi 1159 taga yetdi. Bu taqiqlar Belarus uchun ham amal qiladi.

Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki Elvira Nabiullina rahbari mamlakat moliya sektoriga eng og‘ir ta’sir qilgan G‘arb sanksiyalarini sanab o‘tdi.

Rossiyaning SWIFT xalqaro to‘lov tizimidan uzilishi Rossiya moliya sektori uchun haligacha hal etilmagan muammo bo‘lib qolmoqda, degan u. Garchi bu tahdid 2014 yildan beri mavjud bo‘lib, Rossiya Federatsiyasi unga qarshi milliy to‘lov infratuzilmasini qurgan bo‘lsa-da, muammo aynan transchegaraviy o‘tkazmalarning mumkin emasligida bo‘ldi.

Nabiullinaga ko‘ra, Rossiya Markaziy bankining xorijdagi zaxiralarini muzlatish «barcha markaziy banklar uchun juda salbiy signalga aylandi, chunki bu zaxira xavfsizligining asosiy tamoyillarini buzishdir». 

Rossiyaning kichik muvaffaqiyati

Rossiya qo‘shinlari Donetsk shahri yaqinidagi Maryinka shaharchasini egallashgan. Bu haqda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putinga hisobot bergan.

Maryinkaning egallanishi Donetskni Ukraina qurolli kuchlari o‘q yomg‘irlaridan samaraliroq himoya qilish imkonini beradi, degan Shoygu.

Putin esa Maryinka egallanishi bilan Ukrainaning jangvar bo‘linmalari Donetskdan uzoqlashtirilishini ta’kidlagan va shaharchani egallashda jonbozlik ko‘rsatgan harbiylarni davlat mukofotlariga tavsiya etishni so‘ragan.

Ukraina Maryinkani 2014 yildan beri himoya qilib keladi. Urushgacha 10 ming aholi yashagan shaharchada hozir birorta inson, birorta sog‘ bino qolmagan. Shaharcha to‘liq yer bilan yakson qilingan. 

Navalniy topildi

Rossiyalik muxolifatchi, siyosiy mahbus Aleksiy Navalniyni 20 kundan beri qidirayotgan hammasliklari uni Yamal-Nenets avtonom okrugida joylashgan Xarp posyolkasidagi 3-jazoni o‘tash koloniyasidan topishgan. Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish «unda hammasi joyida» ekanini ma’lum qilgan.

Xarp posyolkasi Uralning qutb chizig‘idan yuqori qismida, Salexard shahridan 35 km narida joylashgan.

«Bu koloniyaga amalda yetib borishning imkoni yo‘q, u yerga hattoki xat ham jo‘natib bo‘lmaydi. Bu dunyodan izolyatsiya qilishning maksimal imkonli darajasi — hammasi shuning uchun qilingan», — deb yozgan Navalniyning hammaslagi Leonid Volkov. 

Qirg‘iziston bayrog‘i rasman o‘zgardi

Qirg‘iziston rasman bayrog‘ini almashtirdi. Prezident Sadir japarov tomonidan imzolangan qonun «Erkin Too» gazetasida e’lon qilindi. Bu endi Qirg‘izistonning bayrog‘i ushbu suratda ko‘rsatilganiga almashganini bildiradi.

Qirg‘iziston bayrog‘ida kichik o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bayroqning qizil rangi o‘zgarmagan. Undagi quyosh tasvirining to‘lqinsimon nurlari tik nurlarga almashtirilgan. O‘tovning tomidagi tunduk tasviridagi xivichlar soni esa 3 tadan 4 taga ko‘paytirilgan.

Avvalroq Sadir Japarov Qirg‘izistonda yangi bayroqlar osila boshlagach, bayroqqa ehtiyot bo‘lib munosabatda bo‘lish talabi eski bayroqlarga ham tegishli bo‘lib qolaverishini ta’kidlagan edi.

Mavzuga oid