G‘azoda tinch aholiga hujum, Ukraina generallarining iqrori, bozorini o‘zgartirgan rus nefti - kun dayjesti
So‘nggi bir kunda jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar, yangiliklarning kundalik sharhi bilan odatdagidek kun dayjestida tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroilning kasalxona oldiga hujum uyushtirishi natijasida 18 kishi halok bo‘lgan. Hujum G‘azo sektori janubidagi Xon Yunus shahrida joylashgan Falastin Qizil yarimoyining Amal shifoxonasidan 10 metr nariroqqa berilgan.
Qayd etilishicha, yana ko‘plab insonlar G‘azo sektori markazidagi Burayj va Mag‘aziy qochqinlar lageriga uyushtirilgan qattol hujum natijasida o‘ldirilgan va yarador qilingan.
Shuningdek, G‘azodagi Al-Azhar universiteti oldida ham portlash ro‘y bergan. Jabrlanganlari Al-Auddagi Al-Aqso shahidlari shifoxonasiga keltirilgan.
Bundan tashqari, Isroil harbiy havo kuchlari Shukayya, Tuffa, shuningdek, Al-Katiybadagi turarjoy binolarini yakson qilgan. Bu yerda ham qurbonlar va yaradorlar bor.
Isroil 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida har kuni 106 nafar bolalarni o‘ldirib kelayotgani ta’kidlanmoqda. G‘azo hukumati mediabyurosida qilingan bayonotga ko‘ra, 80 kundan oshgan hujumlar natijasida 8500 dan ortiq bolalar va 6300 nafar onalar o‘ldirilgani ta’kidlab o‘tildi.
Ukrainadagi urush
Vladimir Putin Ukraina bilan yana 5 yil urush olib borishga tayyorlanmoqda, deb yozadi Yaponiyaning Nikkei nashri.
Nashrning yozishicha, 2023 yilning mart oyida Si Jinpingning Moskvaga qilgan tashrifi chog‘ida Putin Xitoy raisiga Rossiya yana kamida 5 yil urush olib borishi, alaloqibatda g‘alaba qozonishini bildirgan. Ukrainadagi cho‘zilgan urush Si Jinpingning Tayvanni qo‘shib olish rejalari va ambitsiyasiga ham sezilarli ta’sir o‘tkazishi mumkin.
AQSh va Yevropa ham Ukrainani mudofaaga hamda Putin bilan muzokaralar olib borishga tayyorlashni boshlashgan.
AQSh va Yevropa Ittifoqi Ukraina bo‘yicha Rossiya ustidan to‘liq g‘alaba qozonish strategiyasini o‘zgartirib, mudofaa va muzokaralarga diqqatni jamlashni taklif qilmoqda, deb yozadi Politico nashri.
Nashrning amerikalik va yevropalik mulozimlarga tayanib yozishicha, strategik mudofaaga o‘tish kelgusida Putin bilan muzokaralarda Ukrainaga yordam beradi, lekin bu Rossiya foydasiga ayrim hududlardan voz kechishni anglatadi.
Biroq G‘arbning ochiq pozitsiyasi hozircha o‘zgarmagan va Ukraina to‘liq Rossiya armiyasini o‘z hududidan quvib chiqarishdan iborat. Biroq parda ortida AQSh va Yevroittifoq vakillari kuchlarini barbod bo‘lgan qarshi hujum zonasidan Rossiya hujumga o‘tgan sharq tomon dislokatsiya qilish muhokama qilinmoqda.
F-16 qiruvchi samolyotlari allaqachon Ukrainaga yetkazilgan bo‘lishi mumkin, — deb xabar bermoqda Newsweek nashri AQSh hukumatidagi manbasiga tayanib
Nashrning taxmin qilishicha, Ukraina so‘nggi hafta ichida Rossiya qiruvchi samolyotlarini urib tushirishda F-16 dan foydalangan bo‘lishi mumkin.
So‘nggi uch haftada Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning 8 ta samolyotini urib tushirganini iddao qilmoqda. Shuningdek, «Novocherkassk» desant kemasi portlatib yuborilgan. Rossiya Telegram kanallari bu ishni Ukraina F-16 qiruvchi samolyotlari yordamida amalga oshirgani borasida tashvishli xabarlar tarqatilgan. Biroq bu axborot harbiylar tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Qrimdagi Feodosiya portida zarbaga uchragan «Novocherkassk» kemasining kamida 33 dengizchi askari bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda
«Novocherkassk» desant kemasiga zarba berilganda unda 77 nafar dengizchi askar bo‘lgan. Ularning 33 nafari bedarak yo‘qolgan, 23 nafari yaralangan, deb xabar beradi Astra o‘z manbalariga tayanib. Zarba natijasida halok bo‘lganlar ham bor, jumladan muddatli xizmatga chaqirilgan yosh matroslar.
Ukrain generallarining bayonotlari
Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy o‘zining eng katta xatosini sanadi. Unga ko‘ra, u Vladimir Putinning frontdagi inson yo‘qotishlariga tayyorligiga to‘g‘ri baho bera olmagan.
«Men biz insonlarni yo‘qotish bo‘yicha yetkazgan zarbalarimiz har qanday insonni to‘xtata oladi, deb o‘ylaganman. Lekin Rossiya Federatsiyasini to‘xtata olmas ekan», — degan Zalujniy urush boshlanganidan buyon bergan ilk matbuot anjumanida.
Zalujniy Ukraina qurolli kuchlari uchun asosiy vazifa harbiy xizmatchilarning jonini asrab qoluvchi harakatlarning samaradorligini oshirishdan iborat ekanini ham ta’kidlab o‘tgan.
2024 yil harbiy harakatlarni tugatish zaruriyati tufayli Ukraina uchun yanada murakkab bo‘lishi mumkin, degan ukrainalik general Oleksandr Tarnavskiy.
U frontdagi vaziyatni «tarang va murakkab» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jang maydonida g‘alaba qozonish uchun qo‘shimcha kuchlar va vositalar kerak. Ammo bu ham muvaffaqiyatni kafolatlamaydi, chunki «resurslar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, bu baribir kamlik qiladi», degan u.
Ukrainalik yana bir general Oleksandr Syrskiy front chizig‘ining to‘rtta zonasida Ukraina qo‘shinlari murakkab aholga tushib qolganini ta’kidlagan. General mamlakat sharqidagi Baxmut, Liman, Kupyansk va Servesk yo‘nalishlarini ko‘zda tutgan.
G‘arbning Ukrainaga yordami
AQSh Ukrainaga 250 mln dollar harbiy yordam paketini ajratadi va bu joriy yildagi so‘nggisi bo‘ladi, degan AQSh davlat kotibi Entoni Blinken
So‘nggi paketdan havo hujumidan mudofaa, HAYMARS birvarakayiga o‘t ochish tizimi hamda artilleriya uchun o‘q-dorilar va snaryadlar o‘rin olgan.
2022 yilning 24 fevralidan buyon G‘arblik hamkorlardan Ukrainaga moliyaviy yordam 73,6 mlrd dollarni tashkil etgan, degan Oliy Rada deputati Yaroslav Jyeleznyak.
Ukraina bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenkoning aytishicha, Yevropa Ittifoqi va AQSh 2024 yilning boshida moliyaviy yordam bermasa Ukrainada millionlab odamlarning pensiya va maosh to‘lovi kechiktiriladi. To‘lovlarning kechiktirilishi 10 mln pensionerlar, 500 ming davlat xizmatchilari va 1,4 mln o‘qituvchilarni qamrab olishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi Ukrainani moliyalashtirishning «B» rejasini tayyorlagan. Ittifoq davlatlari Yevroittifoq budjetiga kafolat taqdim etishni muhokama qilishmoqda. Bu esa Yevrokomissiyaga kapital bozorlaridan Kiyev uchun 20 mlrd yevro qarz olish imkoniyatini beradi. Yevropaliklar shu yo‘l bilan 1 fevral kuni o‘tkaziladigan sammitda Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning vetosini aylanib o‘tmoqchi.
Rossiya nefti
Rossiya o‘zining qariyb barcha neftini Xitoy va Hindistonga eksport qilayotgani oydinlashdi.
2023 yilda Rossiya o‘zining neft hamda neft mahsulotlari eksportining 4-5 foizini Yevropaga qilgan, 85-90 foizi Xitoy va Hindiston ulushiga to‘g‘ri kelgan degan, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari, energetika vaziri Aleksandr Novak.
«Yevropadagi hajmlar Yevropa Ittifoqi istisno tariqasida qoldirilgan Vengriya, Slovakiya va Chexiya kabi davlatlarga «Drujba» quvuri orqali yetkazib berilmoqda», degan u.
Novak bu yil Shimoliy dengiz yo‘li orqali 1,5 mln tonna neft tashilgani, bu esa O‘rta yer dengizi va Hind okeani orqali o‘tadigan an’anaviy yo‘nalishlardan ikki barobar qisqa ekanini ham ta’kidlagan.
Mavzuga oid
14:38
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024