Jahon | 18:00 / 02.01.2024
28996
4 daqiqa o‘qiladi

Tokio aeroportiga qo‘nishda yo‘lovchi samolyot yonib ketdi. Qurbonlar bor

Tokioning «Haneda» aeroportida Japan Airlines aviakompaniyasi yo‘lovchi samolyoti sohil qo‘riqlash xizmati samolyoti bilan to‘qnashuv oqibatida yonib ketdi. Layner bortida bo‘lganlarning barchasi evakuatsiya qilingan, ammo sohil qo‘riqlash xizmati samolyotida besh kishi halok bo‘lgan.

Foto: Reuters

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida milliy televideniye efiridagi chiqishida sohil qo‘riqlash xizmati samolyoti ekipajining olti nafar a’zosidan besh nafari halok bo‘lganini tasdiqladi, bu samolyot bir kun oldingi zilziladan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga jalb etilgandi.

NHK telekanali xabarida sohil qo‘riqlash xizmati samolyotida besh kishi halok bo‘lgani, kema kapitani omon qolgani, ammo jiddiy jarohatlangani xabar qilingandi.

Taxminlarga ko‘ra, Isikava prefekturasidagi Noto yarimorolida kuchli zilziladan jabrlangan hududlarga oziq-ovqat yetkazib berishi kerak bo‘lgan sohil qo‘riqlash xizmati samolyoti Japan Airlines aviakompaniyasining uchish-qo‘nish yo‘lagiga kirib kelgan yo‘lovchi samolyoti bilan to‘qnashib ketgan.

NHK telekanali e’lon qilgan kadrlarda yo‘lovchilar samolyotdan damlama trapga sakrab, qanday qutulayotgani aks etganini ko‘rish mumkin.

Japan Airlines aviakompaniyasi xabariga ko‘ra, bortda bo‘lgan 367 yo‘lovchi va ekipajning 12 a’zosi evakuatsiya qilingan.

Yonib ketgan samolyot — Airbus A350 2021 yilda ishlab chiqarilgan. Bu Hokkaydo orolidagi «Sin-Titose» aeroportidan uchib kelgan JAL516 reysi bo‘lgan.

«Haneda» aeroportida olingan kadrlarda yong‘inni o‘chirishga o‘nlab o‘t o‘chiruvchilar jalb etilgani aks etgan.

Ulkan yo‘lovchi layner amalda butunlay yonib ketgan, tungi osmonga ulkan bulut ustunlari ko‘tarilgan.

Yonib ketgan samolyot haqida nimalar ma’lum?

Japan Airlines aviakompaniyasi 516 reysi Hokkaydodagi Sapporo shahri yaqinida joylashgan «Titose yangi aeroporti»dan mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da (Toshkent vaqti bilan 12:00) uchgan.

Sapporo Tokiodan taxminan 832 km (517 milya) shimolda joylashgan.

Flightradar sayti ma’lumotiga ko‘ra, samolyot «Haneda» aeroportiga mahalliy vaqt bilan soat 17:47 da (Toshkent vaqti bilan 13:47) qo‘ngan.

Hodisadan keyin aeroport rahbariyati barcha uchish-qo‘nish yo‘laklarini yopgan.

Yuzlab yo‘lovchilar yonayotgan samolyotdan muvaffaqiyatli evakuatsiya qilingani fakti Japan Airlines aviakompaniyasidagi yuqori darajadagi fenomenal xavfsizlik standartlaridan dalolatdir, deya qayd etadi Buyuk Britaniyaning Krenfildsk universitetining transport tizimlari bo‘yicha mutaxassisi Grem Breytueyt.

«Evakuatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi va bu bort kuzatuvchilarni o‘qitish uchun qancha mablag‘ sarflanganini ko‘rsatadi. Ularning butun e’tibori xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Ularning o‘zi samolyotdan oxirgi bo‘lib chiqqan. Aftidan, ular aql bovar qilmas ish ko‘rsatishdi», — deydi Breytueyt BBC uchun bergan izohida.

BBC biznes-korrespondenti Teo Leggettning qayd etishicha, Japan Airlines layneri bortidagi yong‘in — Airbus A350 ishtirokidagi ilk yirik avariyadir. Yangi avloddagi ushbu samolyotning aksar qismi zamonaviy materiallardan tayyorlangan — masalan, uglerod tolasi bilan mustahkamlangan plastik kabi materiallardan.

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in boshlanganidan keyin samolyot yetarlicha uzoq bardosh bergan va bu undan yo‘lovchilar hamda ekipaj a’zolari chiqib olishini ta’minlagan, deya qo‘shimcha qiladi korrespondent.

 

Mavzuga oid